O‘zbekistonda sirtqi ta’lim shakli uchun kvotalarni kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratilgan kvotadan oshirmaslik belgilanadi.
Sirtqi ta’lim shakli masofaviy ta’lim shaklini kengaytirish va uzaytirilgan ta’lim shaklini joriy etish orqali bosqichma-bosqich tugatiladi. Bu haqda 8 may kungi matbuot anjumanida oliy ta’lim sohasi mas’ullari aytib o‘tdi.
Anjumanda magistratura va doktoranturaga qabul qilishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikat talabi bo‘yicha kutilayotgan o‘zgarishlar ham ma’lum qilindi. Unga ko‘ra:
- ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinadi;
- soha xususiyatidan kelib chiqib madaniyat, san’at, sport, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish, muhandislik ishi, qishloq xo‘jaligi, veterinariya, arxitektura va qurilish, fizika va tabiiy fanlar, transport xizmatlari yo‘nalishlari bo‘yicha sertifikat talabi bir pog‘ona – B1 darajasiga tushiriladi;
- sertifikat talabi xorijiy tillar yo‘nalishlarida C1 darajada, aniq fanlar, biologiya, matematika, huquq, jurnalistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiyot yo‘nalishlarida B2 darajada saqlanadi.