Qohirada yangi muzokaralar boshlandi. Boshi berk ko‘chadan chiqish yaqinmi?

Jahon 21:44 / 08.05.2024 11699

Chorshanba kuni Qohirada Isroilning Hamasga qarshi yetti oylik urushida sulh tuzish shartlarini kelishish bo‘yicha muzokaralar tiklandi. Bunga parallel ravishda isroillik harbiylar qochqinlar bilan to‘lib-toshgan Rafah shahrini o‘qqa tutish va bombardimon qilish, shuningdek butun G‘azo sektori bo‘ylab nishonlarga zarbalar yo‘llashni davom ettirmoqda.

Xalqaro hamjamiyatning e’tirozlariga qaramay, Isroil seshanba kuni Rafahga tanklarini olib kirdi va shu nomdagi nazorat-o‘tkazish punktini egalladi — bu anklavga yordam kiradigan asosiy kanal hisoblanadi.

Oq uy insonparvarlik yordami yetkazib berilishi to‘xtatilganini qoraladi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan haftada Vashington TsAHALning Rafahda amaliyot o‘tkazish bo‘yicha rejasidan noroziligini ifodalash uchun Isroilga o‘q-dori yetkazishni to‘xtatgan.

Amerikalik yuqori martabali mulozim yetkazib berish Bayden ma’muriyatining Rafah shturmiga reaksiyasi sifatida to‘xtatilganini tasdiqlagan. Oq uy va Pentagon bu borada rasmiy izoh bermagan.

Keyinroq isroillik harbiylar G‘azo bilan chegaradagi boshqa bir yirik nazorat-o‘tkazish punkti hisoblangan «Kerem-Shalom» faoliyatini tiklaganini xabar berishdi — yakshanba kuni bu hudud o‘qqa tutilishi oqibatida to‘rt nafar isroillik harbiy xizmatchi halok bo‘lganidan keyin uning faoliyatida tanaffus yuzaga kelgandi. «Erez» nazorat-o‘tkazish punkti ham ishlay boshlagan.

Ammo BMTning falastinlik qochqinlar masalalari bo‘yicha agentligi «Kerem-Shalom» nazorat-o‘tkazish punkti yopiqligicha qolayotganini bildirdi. Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, punktni nazorat ostiga olish uchun kelgan tanklar shaharning binolar joylashgan hududiga kira olmagan, bu hudud tashqarisida esa otishmalar davom etmoqda.

Isroillik harbiylar Hamas a’zolarini yo‘q qilish va ular foydalanayotgan infratuzilmalarni vayron qilish uchun Rafahda cheklangan amaliyot o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan.

Tinch aholi vakillariga shahardan taxminan 20 km masofada joylashgan «kengaytirilgan gumanitar zona»ga o‘tish buyurilgan. Ammo gumanitar tashkilotlar bu zona qochqinlar oqimiga dosh bera olmasligidan ogohlantirgan: BMT baholariga ko‘ra, Rafahda 1,4 mln atrofida kishi jon saqlamoqda.

Qatar tashqi ishlar vazirligi chorshanba kuni Isroilning Rafahga bostirib kirishini qattiq qoralab, xalqaro hamjamiyatni buning oldini olish uchun aralashishga chaqirdi.

Muzokaralar qaytadan boshlanishi

Misr nashrlari yozishicha, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar chorshanba kuni «barcha tomonlar ishtirokida»Qohirada qaytadan boshlandi.

Hamasning yuqori martabali mulozimi muzokaralarning so‘nggi raundi «hal qiluvchi» bo‘lishini bildirgan.

«Qarshilik harakati o‘z xalqining qonuniy talablarini talab qilishda davom etadi va o‘z xalqining biror huquqidan voz kechmaydi», — degan u AFP agentligiga anonimlik sharti bilan.

U muzokaralarning hozirgi raundi — Isroil uchun hamon Hamas qo‘lida qolayotganlarni ozod etishga «so‘nggi imkon» ekanidan ogohlantirgan.

Vositachi vazifasini bajarayotgan Qatar «Rafahga bosqinning va genotsid sodir etilishining oldini olish uchun zudlik bilan xalqaro choralar ko‘rish»ga chaqirgan.

Avvalroq Hamas sulh bo‘yicha taklifni qabul qilganini bildirgandi. Ammo dushanba kuni kechqurun isroillik mulozimlardan biri shaxsi sir tutilishini so‘ragan holda bu Isroilning talablariga mos kelmaydigan taklif bo‘lganini aytdi.

Ammo keyin boshqa rasmiy shaxslar Misrning taklifi ham Isroilning aprel oyi oxirida ilgari surilgan rejasiga yaqin ekanini aytib chiqishdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu amaliyotni Hamasni «terror saltanatini o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan yo‘ldan mahrum qiladigan o‘ta muhim qadam» deb atadi.

Netanyahu delegatsiya vakillariga garovga olinganlarni «ozod etish uchun zarur bo‘lgan shartlar» hamda «Isroil xavfsizligini ta’minlash uchun asosiy talablar»ga qat’iy amal qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Mamlakat mudofaa vaziri Yoav Gallant agar muzokaralar garovdagilar qaytarilishiga olib kelmasa, Isroil G‘azodagi o‘z amaliyotini «chuqurlashtirishi» mumkinligini aytgan.

«Bu amaliyot biz Hamasni Rafah hududida va butun G‘azo sektorida yo‘q qilmagunimizcha yoki garovdagilar qaytarilishi boshlanmagunicha davom etadi», — degan u.

Yangi takliflar

Isroilliklarning Rafahdagi amaliyoti va G‘azoning boshqa hududlaridagi janglarga qaramay, Qo‘shma Shtatlar Hamas rozilik bildirgan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi taklif boshi berk ko‘chadan chiqilishiga olib kelishi mumkin deb hisoblamoqda.

Qohirada seshanba kuni beshta delegatsiya ham (Hamas, Isroil, AQSh, Misr va Qatar) muzokaralar tiklangani yuzasidan ijobiy munosabat bildirdi va uchrashuvlar davom ettirilishi kutilmoqda.

Xabar qilishlaricha, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Bill Byorns chorshanba kuni kechqurun Binyamin Netanyahu va boshqa isroillik rasmiy shaxslar bilan uchrashish uchun Qohiradan Isroilga keladi.

Dushanba kuni Isroil Hamas ma’qullagan so‘nggi taklifga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi Hamas allaqachon kelishuvning yangi versiyasini taqdim etgani va yangi matn qolgan bo‘shliqlarni «mutlaqo to‘ldirishi mumkinligi»ni ta’kidladi.

Avvalroq, falastinliklar harakati siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xaniya Qatar bosh vaziri hamda Misr razvedka vaziri bilan telefon muloqotlari o‘tkazgani va ularga Hamas ularning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifiga roziligini bildirgani xabar qilingandi.

Taklif bilan tanish bo‘lgan falastinlik yuqori martabali mulozimlardan biri BBC bilan suhbatda Hamas go‘yoki agar kelishuv shartlariga rioya etilsa, «dushmanlik faoliyatini butunlay» to‘xtatishga tayyorligini bildirgan.

Rafah aholisi isroilliklarning tungi aviazarbalari oqibatida bir necha uy vayron bo‘lganini aytishgan

Ammo seshanba kuni Bayrutda Hamas rasmiy vakili Usama Hamdan agar Isroilning Rafahga yurishi davom ettirilsa, tinchlik kelishuviga erishib bo‘lmasligidan ogohlantirdi.

Tahlilchilar hisoblashicha, Isroilning Rafahga bosqini Hamasga bosimni kuchaytirib, uni yon berishga majbur qilishi ham, muzokaralarni butunlay barbod etishi ham mumkin. Ammo, aftidan, gap Isroil oldindan tahdid qilib kelganidek Rafahga keng ko‘lamli bosqin haqida bormayapti, ittifoqchilar uni shunday harakatdan qaytarib kelayotgandi. Isroillik harbiylar amaliyot «muayyan nuqtalar»ga qaratilganini aytishgan.

Jon Kirbining ma’lum qilishicha, isroillik rasmiylar Vashingtonga seshanba kungi hujum keng ko‘lamli hujum emasligi, balki «cheklangan va Hamasning G‘azoga qurol va boshqa vositalarni olib o‘tish imkoniyatlarini to‘sishga qaratilgan» amaliyot ekani haqida ma’lumot bergan.

«Biz Rafahda, u yerda bo‘lib turgan odamlar xavfsizligi zarur darajada hisobga olinmagan holda qandaydir amaliyot o‘tkazilishini xohlamaymiz, — degan Kirbi. — Biz buni diqqat bilan kuzatib boramiz».

Kelishuv nimalarni ko‘zda tutgan?

Hamas rasmiylari hozirga qadar bayon qilgan tafsilotlarga asoslanib aytish mumkinki, falastinliklar rozilik bildirgan taklif uch bosqichni o‘z ichiga oladi.

Olti hafta davom etadigan birinchi bosqich davomida Isroil harbiy harakatlarni to‘xtatadi, Hamas garovdagilarning 33 nafarini (tirik yoki o‘ligini) topshiradi. Isroil bunga javoban Hamas taqdim etgan ro‘yxat bo‘yicha garovdan ozod etilganlarning har biri evaziga 30 nafardan ayollar va bolalarni qamoqdan chiqaradi.

G‘azo sektoriga yetarli miqdorda insonparvarlik yordami olib kirilishi boshlanadi — kuniga 600 ta yuk mashinasi, shundan 50 tasida — elektr stansiyalar va novvoyxonalar ishlashi uchun zarur bo‘lgan yonilg‘i ortilgan bo‘ladi. Yordam yetkazib berish kelishuvning barcha bosqichlarida davom etadi.

Uchinchi kuni Hamas uch nafar isroillikni qo‘yib yuboradi, keyin esa har haftada uch nafardan mahbusni ozod qiladi, bunda birinchi navbatda ayollar, tinch aholi vakillari va harbiy xizmatga yangi chaqirilganlarga ustuvorlik beriladi.

Oltinchi haftada Hamas shu bosqichda ozod etilishi ko‘zda tutilganlarning oxirgi qismini qaytaradi. Bu almashuv doirasida Isroil Hamas ro‘yxatlari asosida Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan mahbuslarning kelishilgan miqdorini ozod qiladi.

Isroil G‘azodan qo‘shinlarining bir qismini olib chiqib ketadi va falastinliklar sektor janubidan shimoliga erkin harakatlanishiga ruxsat beradi.

Ikkinchi bosqich ham olti hafta davom etadi va G‘azoda «barqaror osoyishtalik»ni tiklash bo‘yicha kelishuvni o‘z ichiga oladi. Unga ko‘ra, ikki tomon ham harbiy amaliyotlarni to‘xtatib, tirik qolgan barcha isroillik erkaklar va askarlarni qo‘yib yuborish evaziga Isroildan kelishilgan miqdordagi mahbuslarni qaytarib olish hamda Isroil qo‘shini G‘azo sektoridan to‘liq olib ketilishi ko‘zda tutilgan.

Uchinchi bosqichda tomonlar o‘rtasida qurbonlarning jasadlari almashiladi va sektorni tegishli reja bo‘yicha tiklash ishlari boshlanadi, bu ish amalga oshirilishi Qatar, Misr va BMT tomonidan nazorat qilinadi. Isroil G‘azoni qamal qilishni to‘xtatadi.

Tahlilchilar qayd etishicha, aynan «barqaror osoyishtalik» taklifi Isroil hukumatiga ma’qul emas.

«Isroil Hamasga G‘azo sektoridagi o‘z boshqaruvini tiklashga yo‘l qo‘ymaydi, Isroil Hamasga bizni yo‘q qilishga intilishlarini davom ettirish uchun o‘z harbiy salohiyatini tiklashiga yo‘l qo‘ya olmaydi, — degan Netanyahu. — Isroil fuqarolarimiz xavfsizligi va mamlakatimiz kelajagini xavf ostiga qo‘yadigan taklifni qabul qila olmaydi».

Boshqa so‘z bilan aytganda, Isroil hukumati uzoq istiqbolda ham Hamas bilan kurashni davom ettirish huquqini o‘zida saqlab qolishni istaydi. Guruh esa o‘t ochish butunlay to‘xtatilishini talab qiladi.

Isroil rasmiy shaxslari ma’lumotiga ko‘ra, Hamas garovga olganlardan 132 nafari qaytarilmagan va shundan 37 nafari halok bo‘lgan deb hisoblanmoqda. Vositachilar bir necha oydan buyon Isroil va Hamas o‘rtasida garovdagilarni Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarga almashtirishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bunday almashuvning birinchisi 2023 yil noyabrida bo‘lib o‘tgandi, ammo shundan keyin muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, chunki Hamas har qanday kelishuv o‘t ochishni to‘xtatish doimiy asosda bo‘lishi va isroillik harbiylar G‘azodan to‘liq olib chiqilishini o‘z ichiga olishini talab qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: