Avval, eslab olaylik, Chempionlar Ligasida qaysi jamoalar qatnashadi?
Birinchi guruh, chempionatlarda yuqori o‘rinlarni egallagan klublar. Reytingga qarab, ba’zi ligalarga 4, ba’zilarga 3 yoki 2 yoki kamroq o‘rinlar taqdim etilgan. Bu tushunarli.
Ikkinchi guruh saralash o‘yinlari orqali asosiy turnirga yo‘llanma olishadi. Bu yerda birinchi guruhdagi qat’iy belgilangan o‘rinlardan tashqari, 1-2 ta yo‘llanmaga ega bo‘lgan liga ishtirokchilari pley-off yordamida qo‘shimcha yo‘llanmani olishi mumkin. Quyiroq reytingdagi ligalarda umuman o‘rin kafolatlanmagan, mana shu pley-off orqali Chempionlar Ligasiga chiqishlari mumkin.
Bundan tashqari, Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi g‘oliblariga ham kelasi mavsum YeChLda o‘ynash huquqi beriladi. Bu yerda izohlash kerak bo‘lgan jihat: agar ChL yoki YeL g‘olibi o‘z chempionati orqali ham yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘sha yo‘llanma «kuyib ketadi» va boshqa ligalarda qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘ladi.
Misol uchun, «Sevilya» o‘tgan mavsumda Ispaniyada 12-o‘rinni oldi va Yevropa Ligasida g‘olib chiqdi. «Sevilya» Yevropa Ligasi g‘olibi sifatida qo‘shimcha yo‘llanmaga ega bo‘ldi va 1-4 o‘rinni olgan ispan jamoalariga qo‘shilib, bu mavsum Chempionlar Ligasida ishtirok etdi.
«Manchester Siti» esa, ham APL orqali ChLda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi, ham ChL g‘olibi bo‘ldi. Ammo Ispaniyadan farqli ravishda, Angliyadan 5 emas, 4 jamoa Chempionlar Ligasida qatnashdi. Chunki «Siti» o‘z chempionatida 4 yo‘llanmadan birini olgani tufayli, bitta o‘rin «kuyib ketdi». Agar «Manchester Siti» Angliyada to‘rtlikka kira olmaganda, xuddi Ispaniya singari besh jamoa (top-4 + ChL g‘olibi) Chempionlar Ligasida qatnashgan bo‘lardi. Shu yergacha hammasi tushunarli.
Yangi mavsum uchun format o‘zgargan bo‘lsa-da, ushbu tanlov tamoyillari o‘zgarishsiz qoldi. Faqat qatnashuvchi klublar soni oshirilishi natijasida yana 4 ta o‘rin paydo bo‘ldi. Bulardan ikkitasi pley-off orqali aniqlanadigan kvotalarga qo‘shib berilgan bo‘lsa, yana ikki o‘rin oldingi yevrokuboklarda eng ko‘p reyting ochkosini qo‘lga kiritgan ikki Ligaga qo‘shimcha sifatida taqdim etiladi.
Demak, 2023/24 yillar yevromavsumida klublari eng ko‘p ochko to‘plagani natijasida A Seriya va Bundesliga keyingi mavsumida yana bittadan qo‘shimcha o‘ringa ega bo‘lishdi. Italiya va Germaniyadan Chempionlar Ligasida beshtadan o‘rin naqd.
Nazariy tomondan, Chempionlar Ligasida endi bitta ligadan hatto 7 jamoa ham qatnashish imkoniyati bor – masalan, yuqoridagi shaklda qo‘lga kiritilgan 5 o‘rindan tashqari, turnir jadvalida pastroqdan o‘rin egallagan klublar Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasini yutishsa. Qiziq joyi endi boshlanadi.
«Bayyer» Yevropa Ligasini yutgan taqdirda ham, Germaniyaga yana bitta o‘rin qo‘shilmaydi. Xuddi yuqorida tushuntirilgan «Manchester Siti» bilan bog‘liq holat singari. Leverkuzenliklar chempionatda kuchli to‘rtlikdan o‘rin oldi.
Ammo «Borussiya» bilan bog‘liq holat biroz chalkash. Dortmundliklar «PSJ» ustidan g‘alaba qozonib, YeChL finaliga yo‘l oldi va ushbu musobaqada g‘olib chiqish imkoniyatiga ega. Xo‘sh, agar shunday bo‘lsa, Bundesligaga beriladigan yo‘llanmalar nima bo‘ladi?
Dastlabki 4 o‘rin uchun 4 yo‘llanma olingan, buni tushundik. Yana bir qo‘shimcha yo‘llanma, yevrokuboklardagi reyting uchun. Demak 5-o‘rindagi jamoa, shundaymi? Ya’ni, «Borussiya» to‘g‘rimi?
Nozik nuqta shuki, reglamentda mana shunday yozilgan: «yevrokuboklardagi ochkolar bo‘yicha beriladigan qo‘shimcha kvota ushbu ligada qatnashayotgan va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan eng yuqori o‘rindagi jamoaga beriladi». Ayni paytda 5-o‘rinni egallab turgan «Borussiya» ushbu ta’rifga tushadi.
Ammo agar «Borussiya» finalda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, boshqa band bo‘yicha u Chempionlar Ligasi g‘olibi sifatida yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. U holda «ushbu ligada qatnashayotgan va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan» ta’rifiga tushmaydi. U holda «Bundesligada qatnashayotgan va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan eng yaxshi jamoa» – oltinchi o‘rinni egallab turgan «Ayntraxt» bo‘lib qoladi. Ya’ni agar «Borussiya» YeChLni yutadigan bo‘lsa, Bundesligadan 6 jamoa YeChL yo‘llanmasiga ega bo‘ladi va oltinchi jamoa «Ayntraxt» bo‘ladi.
Qiziq jihati, agar «Borussiya» so‘nggi 2 turda yaxshi o‘ynab, 4-o‘ringa ko‘tarilib olsa, «Ayntraxt» yo‘llanmasiz qoladi. Sababi, u holda, Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan «Borussiya»ning to‘rtlikka kirgani uchun olgan yo‘llanmasi xuddi «Manchester Siti» holatidek «kuyib ketadi», yevrokuboklar reytingi yordamida qo‘lga kiritilgan 5-yo‘llanma esa 5-o‘rinni olgan, «ushbu ligada qatnashayotgan va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan» ta’rifiga mos tushadigan «Leypsig»ga o‘tib ketadi.
Agar biror joyini tushunmayotgan bo‘lsangiz, qaytadan o‘qib oling, eng qiziq joyi endi kelyapti. Quyida tugashiga 2 tur qolgan Germaniya chempionati turnir jadvali:
Eng oxirgi turda «Ayntraxt» o‘z maydonida «Leypsig»ni qabul qiladi. Agar 34-tur oldidan shunga yaqin holat saqlanib qolinadi, deylik, tasavvur qiling, «Ayntraxt» «Leypsig»ni yutadigan bo‘lsa, «Leypsig» 5-o‘ringa tushib ketishi, «Borussiya» 4-o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin. U holda yuqorida aytilganidek, «Ayntraxt» yo‘llanmasiz qoladi.
Agar «Ayntraxt» mag‘lubiyatga uchrasa, «Leypsig» o‘z o‘rnida qoladi, «Ayntraxt»da esa, Chempionlar Ligasi finalida «Borussiya»ga muxlislik qilish va uning g‘alabasi orqali Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyati bo‘ladi.
Zo‘r-a? Yutsang, Chempionlar Ligasiga chiqa olmaysan.
Mag‘lubiyatga uchra va yo‘llanmani qo‘lga kirit! G‘irt «Manchester Yunayted» havas qilsa arziydigan vazifa.
Qahramon Aslanov