Gvardiola - APL qiroli. «Siti»da rekord chempionlik

Sport 00:09 / 20.05.2024 19634

APLda mavsum yakunlandi, yana «Manchester Siti» chempion.

«Manchester Siti» – «Vest Hem» 3:1
Gollar:
1:0 – 2 Foden, 2:0 – 18 Foden, 2:1 – 42 Quddus, 3:1 – 59 Rodri.
«Manchester Siti» – Ortega, Uoker, Ruben Diash, Akanji (Ake, 71), Gvardiol, Bernardu Silva, de Bryuyne, Rodri, Foden (Kovachich, 90+1), Holand, Doku.
«Vest Hem» – Areolya, Tsoufal, Kressuell, Zuma, Mavropanos, Emerson (Alvares, 71), Uord-Prouz, Souchek, Lukas Paketa (Ingz, 86), Quddus, Antonio (Erti, 81).
Ogohlantirish: Alvares (75).

«Arsenal» – «Everton» 2:1
Gollar:
0:1 – 40 Guyye, 1:1 – 43 Tomiyasu, 2:1 – 89 Haverts.
«Arsenal» – Rayya, Uayt (Timber, 69), Gabriel (Zinchenko, 59), Saliba, Tomiyasu, Parti (Smit-Rou, 69), Edegor, Rays, Haverts, Trossar (Jyezus, 78), Martinelli.
«Everton» – Pikford, Koulmen, Tarkovski, Brentueyt, Yang, Garner, Guyye, Dukure (Betunkal, 90+2), Onana, Kelvert-Lyuin (Shermiti, 75), Maknil.
Ogohlantirishlar: Parti (39), Tarkovski (50), Dukure (54), Rays (68), Timber (73), Haverts (83), Pikford (83).

APLning so‘nggi turini barcha jamoalar bir vaqtda – Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlashdi. Oxirgi turga kelib YeChL yo‘llanmalari bo‘yicha va ligada jon saqlab qolish masalasida intriga qolmagandi. Intriga faqat kim chempion bo‘lishida qolgandi. Lekin «Siti» endi yetakchilikni boy bermasligiga deyarli hech kimda shubha yo‘q edi va yakunda shunday bo‘ldi ham.

Rekord darajadagi qatorasiga to‘rtinchi chempionlik arafasida Xosep Gvardiola o‘z shogirdlarini tinchlantirib, ehtimoliy bosimni olib tashlash o‘rniga, ulardagi ishtiyoqni kuchaytirdi. U «Vest Hem»ni maqtab, Devid Moyyes bu jamoa boshqaruvidagi so‘nggi o‘yinida eshikni qattiq yopib ketishga harakat qilishini aytdi va ikki yil oldingi so‘nggi tur o‘yinini esladi. O‘shanda «Aston Villa»ga qarshi hal qiluvchi o‘yinda «Manchester Siti» 75 daqiqagacha 0:2 hisobida ortda borgan, ammo qolgan daqiqalarda hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirib, «Liverpul»ning umidlarini so‘ndirgandi.

«Men 10-daqiqaga qadar 3:0 hisobida oldinda bo‘lishimizni istayman, ammo bunaqa bo‘lmaydi», — dedi Pep. Amalda uning gapi to‘g‘ri edi, ammo bunday o‘yinlarda ilk hujumdayoq hisobni ochish — ideal ssenariy. Va bu gol mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Foden tomonidan urilishi mantiqiy bo‘ldi. Filning chempionatdagi 18-goli — muhimligi jihatidan ham, chiroyliligi e’tibori bilan ham oltin kolleksiyadan joy olishi mumkin. U o‘z odatiga ko‘ra markazga ko‘chdi va jarima maydoniga kirmasdan kuchli zarba bilan olis to‘qqizlikni aniq nishonga oldi. Golli uzatma muallifi bo‘lgan Bernardu Silva ham ehtimoliy xayrlashuv oldidan muxlislarga shunday sovg‘a tayyorlagandi.

Bu vaqtda Londondagi «Emireyts» stadioniga yig‘ilgan muxlislarning kayfiyati ham o‘yin boshidanoq buzildi.  «Arsenal» ustozi Mikel Arteta o‘yindan oldingi matbuot anjumanida sovrinsiz yakunlanadigan mavsumni muvaffaqiyatli deb hisoblash mumkinmi deb berilgan savolga shunday javob qaytargandi: «Bu haqda o‘ylashga haqli emasman. Men faqat g‘alaba qozonishimiz haqida o‘ylashim kerak, shundan keyin qandaydir yaxshilikdan umid qilish mumkin. Bizda umid bor. Chempionatning oxirgi o‘yini va biz sovrin uchun o‘ynaymiz. Biz optimist bo‘lishimiz, o‘z ishimizni bajarishimiz kerak, nima bo‘lishini esa keyin ko‘ramiz».

Lekin ro‘y berishi kerak bo‘lgan ish bo‘ldi. Chempionligi barchaning joniga tekkaniga qaramay, «Siti» baribir o‘z maqsadiga erishdi. Ko‘p narsa bitta o‘yinda hal bo‘ladigan Chempionlar ligasi yoki kubok turnirlaridan farqli ravishda uzoq davom etadigan turnirda Gvardiola jamoasining tengi topilmayapti. Jamoa har safar ayniqsa ikkinchi davrani dahshatli o‘tkazmoqda.

«Liverpul» mavsumning hal qiluvchi qismida uch kun ichida besh ochko yo‘qotib, poygani tark etdi. So‘nggi turga besh g‘alabadan iborat seriya bilan kelgan «Arsenal»ga esa «Aston Villa» bilan uydagi mag‘lubiyat qimmatga tushdi. Shuningdek, «Manchester Siti» bilan safardagi durang avvaliga foydali ko‘ringan bo‘lsa-da, bugungi kunga kelib ushbu ochko yo‘qotish ham boshqacha vaznga ega bo‘lmoqda. Gvardiola esa yil boshidan buyon uch bor durang qayd etdi («Arsenal»dan tashqari «Liverpul» va «Chelsi» bilan o‘yinlarda). Qolgan 16 o‘yinda, jumladan oxirgi to‘qqiztasida g‘alaba qozondi.

Birinchi bo‘lim davomida muxlislar turlicha hissiyotlarni boshdan kechirishdi. Avvaliga Fodenning ikkinchi golidan keyin londonlik muxlislar butkul tushkunlikka tushishdi, ko‘p o‘tmay «kanonirlar»ning o‘zi ham gol o‘tkazib yubordi. Mehmonlarning jarima zarbasidan keyin to‘p «jonli devor»da turgan Raysning boshi orqali rikoshet bo‘lib borib, bu mavsum «Oltin qo‘lqopi»ni qo‘lga kiritgan Rayyani ojiz qoldirdi.

Tanaffus arafasida esa yana intriga qaytdi, «Arsenal» Tomiyasu hujumga qo‘shilishi orqali hisobni tenglashtirdi, «Etihad»da esa Quddus qaychi uslubidagi zarba bilan «Siti» muxlislarini xavotirga solib qo‘ydi. Bu ikki voqea ham «Emireyts»da katta xursandchilik bilan nishonlandi, go‘yoki barchasi Artetaning ssenariysi bo‘yicha ketayotgandi. Ammo yakshanba kungi o‘yinda Holand yana yo‘qolib qolgan bo‘lsa-da, Gvardiolaning ishongan mashinasi Rodri ikkinchi bo‘lim boshidayoq kerakli golni urdi. Silva esa yana muhim golli pas muallifiga aylandi.

«Arsenal» parallel uchrashuvda 89-daqiqada Jyezus va Haversning sa’y-harakatlaridan keyin g‘alaba golini urdi, ammo endi buning ahamiyati yo‘q edi.

«Kanonirlar» qatorasiga ikkinchi mavsumda tutulni «Siti»ga boy berib qo‘yishdi, gegemonni ag‘darish uchun jamoa undan ham kuchliroq bo‘lishi talab etiladi.


Gvardiola davrida bu ishni Tumanli albionni tark etayotgan Yurgen Kloppgina uddalagan. Keyingi mavsumda «Liverpul» bilan nima bo‘lishi — katta so‘roq ostida. Betaraf muxlislarning barcha umidi ikki bor pand yegan Artetadan. Yaqin vaqtlar ichida «Siti»ga raqobatchilik qila oladigan boshqa jamoa ko‘rinmayapti.

Bu chempionlik «Siti» uchun qatorasiga to‘rtinchi, so‘nggi yetti mavsumdagi oltinchisi – bunday natijaga Angliya chempionatlari tarixida hali hech kim erisha olmagan.

38-turdagi barcha natijalar:

APL turnir jadvalida yakuniy vaziyat:

Ko‘proq yangiliklar: