Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) Ukraina hududida kimyoviy qurol qo‘llangani ehtimoli haqidagi AQSh, Ukraina va Rossiya da’volariga izoh berdi.
Tashkilotning 7 may kungi bayonotida aytilishicha, tomonlar taqdim etgan ma’lumotlar, shuningdek KQTT ega bo‘lgan ma’lumotlar bunday ayblov e’lon qilinishi uchun yetarli darajada asosga ega emas.
«Rossiya ham, Ukraina ham bir-birini kimyoviy qurol qo‘llaganlikda ayblab, bu ayblovlarni Tashkilotga yetkazdi. Ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi bunday ayblovlar KQTT veb-saytida joylashtirilgan va muntazam ravishda yangilanib turadi. Tashkilotga har ikki tomon taqdim etgan ma’lumotlar, shuningdek, Kotibiyatda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar yetarli darajada tasdiqlanmagan. Biroq, zaharli kimyoviy moddalardan qurol sifatida foydalanishni qayta tiklanishi mumkinligi bilan bog‘liq vaziyat mo‘rt va juda xavotirli bo‘lib qolmoqda», deyiladi bayonotda.
AQSh 1 may kuni Rossiyani Ukraina hududida kimyoviy qurol qo‘llaganlikda aybladi. Bu haqda AQSh Davlat departamentining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritilishi haqidagi xabarida aytilgan. Unda rossiyalik harbiylar Ukraina qurolli kuchlariga qarshi xloropikrin kimyoviy jangovar moddasini qo‘llagani aytilgan. U KQTT qora ro‘yxatiga kiritilgan, yuqori konsentratsiyalarda bo‘g‘uvchi ta’sirga ega. Rossiya rasmiylari bu ayblovlarni inkor qilib kelmoqda.
KQTT bayonotiga ko‘ra, bu ayblov yuzasidan tomonlardan hech kim tashkilotga murojaat qilmagan.
«Zaharli kimyoviy moddalarni qurol sifatida qo‘llash haqidagi da’volar bo‘yicha har qanday chora ko‘rish uchun KQTT Kotibiyatiga ishtirokchi davlatlar tomonidan rasmiy so‘rov yuborilishi kerak. Bugungi kunga qadar Kotibiyatga chora ko‘rish uchun bunday so‘rovlar kelib tushmadi. Biz vaziyatni kuzatishda davom etamiz va tekshiruv boshlashga tayyormiz», deyiladi bayonotda.
Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinlari jang maydonida kimyoviy moddalar qo‘llayotganini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq ulardan foydalanish o‘lim yoki og‘ir oqibatlarga olib kelgani haqida aytilmagan. O‘z navbatida Rossiya ham Ukrainani xuddi shu harakatlarda ayblab kelmoqda.