Rossiyada amerikalik askar o‘g‘rilikda ayblanib qo‘lga olindi

Jahon 10:38 / 07.05.2024 4894

Rossiyada AQSh armiyasi askari o‘g‘irlikda ayblanib qo‘lga olindi, deb xabar berdi Amerikaning NBC telekanali 6 may, dushanba kuni kechqurun. Telekanal muxbiri Kortni Kyub o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida aytganidek, askar Janubiy Koreyadagi AQSh bazasida joylashgan va «o‘z tashabbusi bilan Rossiyaga ketgan».

Amerikalik harbiy xizmatchiga qo‘yilgan o‘g‘irlik ayblovlari qonuniy yoki yo‘qligi aniq emas, deya qo‘shimcha qildi Kyub. 

Ayni paytda, Kremlga yaqin hisoblangan Shot Telegram-kanali manbani ko‘rsatmasdan, gap AQSh armiyasining 34 yoshli serjanti Gordon Blek haqida ketayotganiga aniqlik kiritmoqda. U «Fort Kavazosdagi navbatdagi xizmat vazifasini bajarish uchun Texasga borishi kerak edi», deyiladi xabarda. «Ammo nimadir noto‘g‘ri bo‘ldi va Blek Rossiyaning Vladivostok shahrida bir ayolning narsalarini o‘g‘irlab ketgan hamda politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Hozir u mahalliy tergov izolyatorida hukmni kutmoqda», deb da’vo qilmoqda jurnalistlar. 

AQSh rasmiylari Rossiyada askar qo‘lga olinganini tasdiqladi

O‘z navbatida, Britaniyaning Independent gazetasi AQShning Moskvadagi elchixonasi harbiy xizmatchi qarindoshlari bilan bog‘langanini yozadi. AQSh armiyasi vakili Sintiya Smit izoh so‘ragan nashrga quyidagilarni aytdi: «Rossiya Federatsiyasi AQSh Davlat departamentini Konsullik aloqalari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga muvofiq shaxs qo‘lga olingani to‘g‘risida xabardor qildi. AQSh Davlat departamenti ushbu askarga Rossiyada zarur konsullik yordamini ko‘rsatmoqda, masalaning nozikligini hisobga olib, hozircha qo‘shimcha ma’lumot bera olmaymiz». Gazetaning yozishicha, qo‘lga olish 2 may kuni sodir bo‘lgan. 

Oq uy milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Kirbining Politico nashriga aytishicha, Qo‘shma Shtatlar vaziyatdan xabardor, ammo u qo‘shimcha izoh taqdim etmadi. Politico o‘z ismi sir qolishni istagan amerikalik rasmiyga tayanib yozishicha, harbiy Rossiyada ayol kishi bilan uchrashmoqchi bo‘lgan.

O‘z navbatida, Davlat departamenti matbuot xizmati qo‘lga olinishni izohlar ekan, Vashington uchun «xorijdagi AQSh fuqarolarining xavfsizligidan ustunroq narsa yo‘qligini» ta’kidladi va Rossiyada yashovchi yoki ushbu mamlakatda sayohat qilayotgan barcha amerikaliklarga uni darhol tark etishga qaratilgan chaqiriqni eslatdi.

Ko‘proq yangiliklar: