Rossiya dumasi «chet el agentlari»ning saylovlarda ishtirok etishini taqiqladi

Jahon 11:09 / 07.05.2024 1408

Rossiyada «chet el agentlari» reyestriga kiritilgan shaxslar endi saylovlarda qatnasha olmaydi. Rossiya Davlat dumasi 6 may, dushanba kuni «Saylov huquqlarining asosiy kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga «chet el agentlari»ning Rossiyadagi har qanday saylovlarda nomzod sifatida ishtirok etishini taqiqlovchi tuzatishlarni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. O‘zgartirishlar zalda hozir bo‘lgan deyarli barcha deputatlar tomonidan (450 nafardan 409 nafari) bir ovozdan qabul qilindi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, «chet el agentlari» reyestriga, shuningdek, ekstremistik yoki terroristik tashkilot faoliyatiga aloqador shaxslar reyestriga kiritilgan shaxslar deputatlikka nomzod, saylovda kuzatuvchi, deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakili bo‘la olmaydi. Shu bilan birga, ovoz berish yakunlari bo‘yicha ro‘yxatga olingan nomzodlarni «chet el agentlari» reyestriga kiritish taqiqlanadi.

Tuzatishlar qonun kuchga kirganidan keyin 180 kun o‘tib «chet el agentlari»ning davlat organlaridagi vakolatlarini muddatidan oldin tugatishni nazarda tutadi.

Hokimiyat organlaridagi «chet el agentlari»

Hozirgi vaqtda Davlat dumasi deputatlari orasida «chet el agentlari» yo‘q, lekin ular Moskva shahar dumasi deputatlari (Darya Besedina, Mixail Timonov va Yevgeniy Stupin), Sankt-Peterburg Qonunchilik assambleyasi (Boris Vishnevskiy), Komi Respublikasi Qonunchilik assambleyasi deputatlari (Viktor Vorobyov), shuningdek, munitsipal deputatlar orasida bor.

Tuzatishlar o‘tgan hafta kutilmaganda qonun loyihasining ikkinchi o‘qishiga kiritilgan bo‘lib, dastlab Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni xato bilan yuborgan fuqarolarning saylovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik ko‘zda tutilgan. O‘zgartirishlar «chet el agentlari» tomonidan sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan Moskva shahar dumasiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatish bo‘yicha kutilayotgan kampaniya bilan bog‘liq. 

Hozirda «chet el agentlari» ro‘yxatida 400 dan ortiq shaxs bor. Ularning aksariyati chet elda, ammo bir qismi Rossiyada qolmoqda. Rossiya rasmiylari vakillari bir necha bor shaxs yoki tashkilotning «chet el agentlari» ro‘yxatiga kiritilishi ularning huquqlarini buzmasligini, balki faqat chet eldan moliyalashtirish ustidan davlat nazoratini nazarda tutishini ta’kidlagan. Shu bilan birga, qabul qilingan qonun loyihasi aslida ularni passiv ovoz berish huquqidan mahrum etadi. 

Ko‘proq yangiliklar: