Qozog‘iston yoz oxirigacha shakar eksportini taqiqladi 

Jahon 21:07 / 07.05.2024 2182

Qozog‘iston yoz oxirigacha shakar eksportini taqiqladi. Bu esa kelayotgan yoz mavsumida qozog‘istonliklarning shakarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish imkonini beradi, deb yozdi Kazinform. 

Bosh vazir o‘rinbosari Serik Jumang‘arin raisligida Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishida qand lavlagining yangi hosili oldidan ichki bozorni shakar bilan ta’minlash masalalari muhokama etilgan. 

Unda qayd qilinishicha, Qozog‘iston omborlarida shakar zaxiralari qariyb 256 ming tonnaga yetadi, bu mamlakat yillik ehtiyojining yarmini (500-550 ming tonna) tashkil etadi. 

Yaqin kelajakda Qozog‘iston tomoni Rossiya bilan yil oxirigacha shakar yetkazib berish kvotasi hajmini 100 ming tonnaga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, qozog‘istonliklarni shakar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida idoralararo komissiya 2024 yil 31 avgustgacha Qozog‘istondan uchinchi davlatlarga, shu jumladan YeOII davlatlariga shakar eksportini xalqaro tranzitdan tashqari vaqtinchalik taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan. 

Avvalroq, Rossiya ham shakar eksportini vaqtincha taqiqlagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: