Fon der Lyayyen va Makron Xitoy bilan hamkorlikni muhim deb atadi

Jahon 10:46 / 07.05.2024 2462

Parij va Bryussel jahon siyosatining asosiy muammolarini hal qilishda Pekin bilan birgalikdagi sa’y-harakatlarga intilmoqda. «Xitoy YeI uchun yirik global muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega», dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 6 may, dushanba kuni Yelisey maydonlarida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan uch tomonlama uchrashuvda. U iqlim o‘zgarishiga qarshi birgalikda kurashni misol qilib keltirdi.

«Bundan tashqari, Xitoy va Yevropa Ittifoqi tinchlik, xavfsizlik va qoidalarga asoslangan xalqaro tartibning samarali ishlashidan manfaatdordir», dedi fon der Lyayyen. Bu, ayniqsa, hozirgi tarang xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda yaqqol ko‘rinadi, deya qo‘shimcha qildi u. Yevrokomissiya rahbari Yevropa Ittifoqi ham, Xitoy ham ikki tomonlama yaxshi munosabatlarga intilishiga ishonch bildirdi. 

Shu bilan birga, Bryussel va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar bozorga kirish va savdo bilan bog‘liq muammolar tufayli murakkablashmoqda, dedi fon der Lyayyen. U bu farqlar Parijdagi uchrashuv mavzusi ekanini ta’kidladi. 

Makron: Muloqot har qachongidan ham zarur 

Emmanuel Makron, shuningdek, hozirgi xalqaro vaziyatda Yevropa-Xitoy muloqoti «har qachongidan ham zarur» ekanini ta’kidladi. «Biz tarixning burilish nuqtasida turibmiz va bu bizdan tizimli muammolarni hal qilishni talab etadi», dedi u. 

Shu bilan birga, Fransiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, gap iqtisodiy munosabatlar va hamma uchun yagona qoidalarni ta’minlash, shuningdek, bo‘linish mantig‘ini yengish haqida bormoqda. «Qit’amizning kelajagi Xitoy bilan muvozanatli munosabatlarni rivojlantirishni davom ettirish qobiliyatimizga bog‘liq bo‘ladi va biz shunga intilamiz», — deya qo‘shimcha qildi Makron. 

Muzokaralar chog‘ida birinchi navbatda Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi savdo aloqalari, adolatli raqobat hamda bozorlarga kirish va sarmoyaga e’tibor qaratiladi, dedi Fransiya rahbari. Shundan so‘ng tomonlar Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolarni muhokama qiladi, chunki bu «ikkita yirik inqiroz bo‘lib, ularda o‘rtamizdagi muvofiqlashtirilgan harakatlar mutlaqo muhim», deya qo‘shimcha qildi u. 

Sining 5 yil ichida Yevropaga birinchi tashrifi 

O‘z navbatida, Si dunyo hozir notinch davrlarni boshdan kechirayotgani, shuning uchun Xitoy va Yevropa sheriklik hamda o‘zaro ishonchni chuqurlashtirishi kerakligini aytdi. U barcha mamlakatlar uchun tinchlik va qulay rivojlanishga erishish uchun Yevropa-Xitoy munosabatlarining barqaror va sog‘lom rivojlanishiga ko‘maklashishga chaqirdi. 

Parijdagi uch tomonlama muzokaralar yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Bu Si Jinpingning so‘nggi besh yil ichida Yevropaga ilk tashrifi. 

Ko‘proq yangiliklar: