Toshkent investitsiya forumida 26,6 mlrd dollarga teng kelishuvlar imzolandi

Iqtisodiyot 09:26 / 06.05.2024 5279

O‘zbekistonda III xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini yakunladi. 93 mamlakatdan 2,5 mingdan ortiq delegatni jamlagan forum global muloqot va investitsiyaviy sohadagi ilg‘or tajriba almashish maydoniga aylandi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabariga ko‘ra, tadbirning eng muhim voqealaridan biri O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari ishtirokida mintaqaviy energetika loyihalarining (Qambarota GES-1 va Yavon GESni qurish) xorijiy investorlarga taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Forum yakuniga ko‘ra jami qiymati 26,6 mlrd dollarga teng kelishuvlar imzolandi. Ma’lumot uchun: 2023 yilda TXIFda 11 mlrd dollarlik 167 ta hujjat imzolangandi.

Xususan, quyidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:

- Data Volt kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan hamkorlikda Yangi Toshkentda shahar infratuzilmasini qurish ($1 mlrd) va yashil texnologiyalarga asoslangan «ma’lumotlar markazlarini» qurish ($3 mlrd);
- Acwa Power kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 5 GVt shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 2 GVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash qurilmalarini qurish ($6,2 mlrd);
- Amea Power kompaniyasi (BAA) bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish ($1,1 mlrd);
- Saudi Tabrid kompaniyasi bilan Nukus, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida issiqlik tizimini modernizatsiya qilish ($750 mln);
- Nil Shugar kompaniyasi (Misr) bilan Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish ($500 mln);
- Shanghai Knud International kompaniyasi (Xitoy) bilan Namangan viloyatida tekstil va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish ($205 mln);
- Wilmar International kompaniyasi (Singapur) bilan Toshkent viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari va chorva uchun ozuqa ishlab chiqarish ($200 mln).

Bundan tashqari, forumda dunyoning bir qator yirik kompaniyalari hisoblangan Orascom Investment (Misr), Bonafarm Group (Vengriya), Sayar (AQSh), Goldwind, Sinoma (Xitoy), Sam Yapi (Turkiya), Pasha Development (Ozarboyjon), Lasselsberger (Avstriya), Petrosat Chexelsoton (Eron) kabi kompaniyalar bilan qiymati 6,6 mlrd dollarga teng yangi investitsiya loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Tadbirda iqtisodiy rivojlanishning eng muhim jihatlari muhokama qilingan panel sessiyalar, muhokamalar, biznes nonushta va davra suhbatlari kabi boy dasturdan iborat bo‘ldi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda davlat, investorlar va tadbirkorlarning roli markaziy mavzulardan biriga aylandi.

Ko‘proq yangiliklar: