Qo‘shma Shtatlar qo‘ygan shartga ko‘ra, Saudiya Arabistoni bilan mudofaa shartnomasi faqat Ar-Riyod Isroil bilan munosabatlarni normallashtirgan taqdirdagina tuzilishi mumkin. Bu haqda Financial Times (FT) 4 may kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivanning FT Weekend Festival’da bergan intervyusida aytgan so‘zlariga tayanib yozdi.
Sallivan Yaqin Sharq tinchligi uchun uch tomonlama pakt zarurligini va prezident Jo Bayden ma’muriyati Saudiya Arabistoni bilan mudofaa shartnomasini podshohlik Isroil munosabatlarni normallashtirishga rozi bo‘lmasa, imzolamasligini aytdi, sababi - «birini boshqasidan ajratib bo‘lmaydi». Bayden yaqin oylarda Isroil xavfsizligi va tinch mintaqaga olib boradigan yo‘lni omma oldida belgilab beradi, deya qo‘shimcha qildi u.
«Har tomonlama ko‘rish bu - AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ikki tomonlama o‘zaro tushunish, Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish, shuningdek, Falastin xalqi nomidan muhim qadamlardir», dedi milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi. Shu bilan birga, Sallivan agar Isroil falastinliklarga yon berishdan bosh torsa, Oq uy AQSh va podshohlik o‘rtasida ikki tomonlama bitim tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi so‘nggi taxminlarni rad etdi.
«Falastin masalasi» ochiqligicha qolyapti
Avvalgi hafta boshida Bloomberg o‘z manbalariga tayanib, Vashington va Ar-Riyod Saudiya Arabistoniga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etadigan tarixiy bitim tuzishga yaqinlashayotgani haqida xabar bergan edi. O‘z navbatida, podshohlik tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon kelishuvning «yaqinligini» tasdiqladi, biroq «ishonchli va ortga qaytarilmaydigan» holat - «Falastin davlatini yaratish yo‘li haqiqatan ham bo‘lishi kerak»ligiga aniqlik kiritdi.
Biroq, gazeta ta’kidlaganidek, hukmron koalitsiya o‘ta o‘ng a’zolarining falastinliklarga yon bermaslik bo‘yicha qattiq bosimi ostida bo‘lgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu uzoq davom etgan Falastin-Isroil mojarosini ikki davlat asosida hal qilish yo‘lidagi har qanday qadamni qayta-qayta rad etgan.
CBS: Qohirada HAMAS va Isroil o‘rtasidagi muzokaralar hozircha natijasiz
Ayni paytda, bir kun avval Qohirada boshlangan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha Isroil va HAMAS guruhi vakillari o‘rtasidagi bilvosita muzokaralarning birinchi kuni natija bermadi, deb xabar bermoqda Amerika telekanali CBS News guruhdagi ismi oshkor etilmagan suhbatdoshiga tayanib.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil 40 nafar isroillikni ozod qilish evaziga G‘azo sektorida olti haftalik otashkesim bo‘yicha guruhga ilgari surilgan taklifga XAMASdan javob olmaguncha, muzokaralarga delegatsiya yuborishdan bosh tortgan.
Misrning AlQahera News telekompaniyasi xabar berishicha, HAMAS o‘z navbatida TsAHALning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini to‘liq to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqib ketish bo‘yicha kelishuvga erishilishini talab qilmoqda.