Kran - ikkinchi uyim: 44 yildan beri balandlikda ishlaydigan ayol

Jamiyat 09:47 / 05.05.2024 4543

Farg‘ona shahrida yashovchi Muhtaram Meliboyeva 44 yildan beri kran boshqaradi. Korxonada erkaklar orasida ishlaydigan yagona ayolni barcha birdek hurmat qiladi. «61 yoshga kirdim, balandlikda ishlab rohatlanaman. Uyda bekor o‘tira olmayman, pensiyaga chiqsam-da, kran boshqaryapman», deydi u.

 «Kran boshqarishimga ko‘pchilik ishonmaydi»

«Kran — ikkinchi uyim. Maza qilib, rohatlanib ishlayman. Kran boshqarib kam bo‘lmadim.

Kranchi bo‘lishimga turmush o‘rtog‘im ham, qaynonam ham qarshilik qilmagan, o‘zlari o‘qitgan. Mehnat qilsam yaxshi yuraman, nasib qilsa 70 yoshgacha ishlamoqchiman.

Muhtaram Meliboyeva

7 yil payvandchilik qildim, keyin kranchilikka o‘qib, ishlay boshladim. Birinchi marta balandlikka chiqqanimda qo‘rquv bo‘lgan, keyin esa ko‘nikib ketdim. Kran boshqaraman desam ko‘pchilik ishonmaydi, qiziqib yana so‘rashadi. Ularga bu haqda faxrlanib gapirib beraman. Mavsum paytida ikki smenada, buyurtma ozroq paytda 8-10 soat ishlayman. 5 mln so‘m oylik maosh, 1,6 mln so‘m pensiya olaman. Korxonamizga yuk mashinalarda kelgan haydovchilar ayol kranchi ekan, deb hayron bo‘lib qarashadi.

Hozir qaynonam 94 yoshda, duolarini olib yuribman. Bir o‘g‘il, bir qiz — ikki farzandim, nevaralarim bor, ularning baxtini ko‘rib yurish nasib qilsin.

Shuncha yildan beri erkaklar bilan ishlayman. Xarakterim ham o‘xshab ketadi, dangalchiman. Hammasi yaxshi, hech xafa qilishmaydi.

Baxt men uchun sog‘lik, xotirjamlik, oilamiz, yurtimiz tinch bo‘lishi. O‘zing sevgan kasbda ishlashing ham katta baxt. Yana qayta tanlov imkoni bo‘lsa kranchi bo‘lardim. Turmush o‘rtog‘im bilan birga Umra safariga borib keldik, yana bormoqchimiz», deydi Muhtaram Meliboyeva.

«Kranga chiqishdan qo‘rqaman»

«Turmush o‘rtog‘im Muhtaramxon balandlikdan qo‘rqmaydi, oddiy mashina minganday boshqaradi kranni.

Ahmadjon Meliboyev, turmush o‘rtog‘i

 

80-yillardan beri shu sohada ishlaydi. Charchadim, ishdan keldim demaydi, uy ishlarini ham joyiga qo‘yadi. O‘tgan yili Umra safariga borib keldik. Nasib bo‘lsa, keyingi yil yana bormoqchimiz. Yerimiz bor ozroq, dehqonchilik qilamiz, chorvamiz bir nechta, shulardan foyda qilib, daromadiga yana bormoqchimiz.

Ayolim pensiyaga chiqqan bo‘lsa ham ishlayapti, yoshlarga ustozlik qiladi. O‘zim ham qurilishda usta bo‘lib ishlaganman, lekin kranga chiqishdan qo‘rqaman. Yoshligidan o‘qib, qiziqib ishlagani uchun ruxsat berganmiz, ehtiyot bo‘ling, deb tayinlaymiz doim».

«Kran boshqarishga o‘zim ruxsat berganman»

Sharofatxon Tursunova, qaynonasi

 

«94 yoshdaman, 7 ta o‘g‘lim, 7 ta kelinim bor. Kranchi kelinimning onasi dugonam edi. Sovchilikka borib, kelin qilganman o‘zim. Ko‘p yillar xizmatimni qildi, hozir ham qilyapti, yaxshi yashadik.

Kranchilik ortidan ro‘zg‘orga foyda keltiradi. O‘zim rozi bo‘lganman kranchilik qilishiga, yo‘q desam ham bo‘lardi, lekin unday qilmadim, kelinimga ishlash uchun sharoit qilib berdim. Shunday kelinim borligidan faxrlanaman».

Sarvar Ziyoyev

Ko‘proq yangiliklar: