Rossiya shakar eksportini vaqtincha taqiqladi

Jahon 08:29 / 04.05.2024 2841

Rossiya hukumati mamlakatdan qamish va lavlagi shakarini, shuningdek, kimyoviy toza saxarozani eksport qilishga vaqtinchalik taqiq joriy etdi. Qaror «ichki oziq-ovqat bozori barqarorligini saqlashga qaratilgan», deb xabar berdi Rossiya hukumatining 3 may, juma kuni rasmiy Telegram-kanali. Cheklovlar kamida 2024 yil 31 avgustgacha amal qiladi. 

Taqiq bo‘yicha istisnolar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlariga tegishli - Rossiya hukumati ularga ma’lum hajmlarda shakar yetkazishga ruxsat berdi. Shu tariqa, yoz oxirigacha Qozog‘istonga 120 ming tonna, Qirg‘izistonga 28,5 ming tonna, Armanistonga 28 ming tonna, Belarusga 5 ming tonna shakar yetkazishga ruxsat berilgan. 

Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi mart oyida Rossiyadan shakar eksportini cheklashni taklif qildi. Ta’kidlanishicha, Rossiya shakari «dunyodagi eng arzonlaridan biri bo‘lib, bu jahon bozorida unga bo‘lgan talabni rag‘batlantiradi». Rossiya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 1 avgustdan 2024 yil fevral oyi oxirigacha Rossiya Federatsiyasi 700 ming tonnadan ortiq shakar eksport qilgan - bu o‘tgan yilga nisbatan 3,3 baravar ko‘p. Bu davrda Turkmaniston, Afg‘oniston, Turkiya, Shimoliy Koreya va Senegal kabi davlatlar Rossiyadan shakar import qila boshladilar, deya ta’kidladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi. 

Rossiya shakar eksportini ko‘paytiryapti, lekin mamlakat ichida u qimmatlashyapti

2024 yilda eksport geografiyasini kengaytirish Rossiya Federatsiyasida shakar narxiga ta’sir qilishi mumkin, deb ta’kidladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘z bayonotida. Departament ma’lumotlariga ko‘ra, joriy mavsumda Rossiya Federatsiyasida 6,8 million tonna shakar ishlab chiqarish prognoz qilinmoqda, garchi mamlakatda uning ichki iste’moli 6 million tonnaga yaqin. Shuni inobatga olgan holda, Rossiya hukumati atigi 200 ming tonna shakarni eksport qilishni va birinchi navbatda, uni YeOII a’zolari o‘rtasida taqsimlashni taklif qildi. 

Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2023 yilda jahon bozorida Rossiya shakarini bemalol sotib olish mumkinligi haqida xabar bergan bo‘lsa-da, Rossiyaning o‘zida uning iste’mol narxlari yanvardan oktyabrgacha kamida 18,2 foizga oshgan, deb yozgan «Interfaks» agentligi avvalroq. Biroq, so‘nggi oylarda butun dunyoda xuddi shunday tendensiya kuzatildi - bu nafaqat Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi salbiy oqibatlari fonida bir qator mamlakatlarda davom etayotgan inflatsiya tufayli oziq-ovqat narxlari umumiy oshishi, balki Hindiston, Tailand va Nigeriya kabi shakar eksport qiluvchi mamlakatlarda sodir bo‘lgan qurg‘oqchilik va toshqinlar bilan bog‘liq.

Ko‘proq yangiliklar: