G‘azodagi vaziyat
Turkiyadan eksport to‘xtatilgani ma’lum bo‘lgach, Isroil Turkiyaning falastinliklar bilan aloqalariga to‘sqinlik qilishini bildirgan.
Isroil tashqi ishlar vazirligi Turkiya va Falastin muxtoriyati o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni qisqartirish bo‘yicha choralar ko‘rishini e’lon qilgan.
Turkiya Isroil bilan iqtisodiy aloqalarni to‘liq uzgach, Isroil rahbarlari AQSh ma’muriyati bilan bog‘lanib, Turkiyaga qarshi choralar qo‘llashga chaqirgan.
Biroq Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Kirbi NATO bo‘yicha ittifoqchisi bo‘lgan Turkiya bilan munosabatlar Isroil tufayli yomonlashmasligiga urg‘u bergan.
Isroilning G‘azodagi harbiy agressiyasi to‘xtagani yo‘q. Urushning 210-kuniga kelib G‘azodagi qurbonlar soni 34 ming 622 kishiga yetgan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan. 77 ming 867 kishi yaralangan.
So‘nggi sutka ichida Isroil qo‘shinlari G‘azoda 3 ta ommaviy qirg‘inga sabab bo‘lgan hujumlar tashkillashtirgan. Ularda 26 kishi halok bo‘lgan va 51 kishi yaralangan.
Ukrainadagi urush
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya tomonidan qarshi boshlangan urushning yangi bosqichiga duch kelayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Rossiya o‘z hujumlarini kengaytirmoqchi bo‘lmoqda, buning uchun Kiyev va uning ittifoqchilari ushbu rejalarni barbod qilishi kerak.
«Biz hammamiz birgamiz, barcha ukrainaliklar, askarlarimiz, davlatimiz, sheriklarimiz, biz Rossiyaning hujum rejasini buzish uchun hamma narsani qilishimiz kerak», dedi Ukraina prezidenti.
Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari va chegarachilar Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri 800 kun davomida Rossiya agressiyasiga qarshilik ko‘rsata olganini eslatdi.
Mamlakat «hujum qilgan tomon har qanday sharoitda ham, u nima qilmasin va qanchalik qabihlik qilmasin, o‘z maqsadiga erisha olmasligini» isbotlashi kerak, — dedi Zelenskiy chegarachilarga xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirib.
Ukraina razvedkasi rahbari o‘rinbosari Vadim Skibitskiy urushni faqat jang maydonida yutib bo‘lmasligini aytdi.
Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, general Vadim Skibitskiy The Economist nashri uchun bergan intervyusida Rossiya armiyasining kelgusi harakatlarini prognoz qildi va Ukraina qurolli kuchlarining frontdagi istiqbollarini baholadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat Rossiya bosqini boshlanganidan buyon kuzatilmagan darajada og‘ir va yanada og‘irlashishi mumkin. Rossiya o‘zi Donetsk va Luhansk oblastlarini to‘liq «ozod etish» deb ataydigan rejasini amalga oshirishda davom etmoqda.
9 maydagi G‘alaba kuni yoki Putinning undan bir hafta keyin amalga oshiriladigan Xitoyga tashrifiga qadar «qayernidir egallash» bo‘yicha buyruq bor. Oldinga siljish tezligi va muvaffaqiyatga erishilishi rossiyaliklar keyingi zarbani qayerda berishini belgilab beradi.
«Bizning muammo juda oddiy: bizda qurol yo‘q. Ular hamisha aprel va may biz uchun juda qiyin bo‘lishini bilib turishardi», — degan general.
Ukrainaga yordam
Ukraina g‘arb davlatlari tomonidan va’da qilingan qurol-yarog‘lar va havo hujumidan mudofaa tizimlarini yozgacha kutishiga to‘g‘ri keladi.
The New York Times nashriga ko‘ra, og‘ir qurol-yarog‘lar HHM tizimi va ko‘plab o‘q-dorilar iyun oyidan so‘ng yetkaziladi.
Amerika mulozimlarining fikricha, harbiy yordamni yetkazish uchun «oylar talab qilinadi», qurol-yarog‘larning katta qismi eng kamida iyun oyining boshlariga borib yetkaziladi. Boshqa bir mulozimning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqchilar NATO zaxiralarini bo‘shatib qo‘ymaslik uchun Ukrainaga qaysi qurollarni berishni aniqlab olishlari vaqt talab etiladi. Gap Bradley piyodalar zirhli mashinasi, Humvee avtomobillari va 155 millimetrli artilleriya snaryadlari haqida bormoqda.
Ukrainalik harbiylar shuningdek ayrim qurol-yarog‘ turlarini ishlatish uchun o‘qitilishi ham kerak. Hozir 70 ga yaqin askar sharqiy Germaniyada Patriot HHM tizimini ishlatish bo‘yicha olti haftalik kursni o‘tamoqda. Ular uchun tezlashtirilgan kurslar yaratilgan. Aslida bunday kurslar 9 oy vaqtni oladi.
AQSh Ukrainaga o‘qotar qurolga ega bo‘lgan ilg‘or zarbdor dronlarni beradi. Felon 1.0 tipidagi dron 5,56 mmli to‘p bilan jihozlangan bo‘lib, havoda hukmronlik o‘rnatishga mo‘ljallangan. U razvedka missiyalari, perimetrni qo‘riqlash va kontrterroristik operatsiyalar o‘tkazishda qo‘llanadi. FelonX droni esa tanklarga qarshi Spike raketasi bilan jihozlangan. U nihoyatda qulay va og‘ir yuk ko‘tara oladi.
Rossiyada saylanishga cheklov
Rossiyada chet el agentlariga saylovlarda ishtirok etishni taqiqlashmoqchi. Rossiya Davlat dumasining profil qo‘mitasi «chet el agenti» deb topilgan insonlarga barcha darajadagi saylovlarda ishtirok etishni cheklovchi tuzatmalarni ma’qullagan.
«Nomzod ro‘yxatga olish bo‘yicha hujjatlarni taqdim etish onigacha chet el agenti statusidan xoli bo‘lishi lozim», — deyiladi hujjatda.
«Chet el agenti» shuningdek senatorlik lavozimiga ham nomzod bo‘la olmaydi. Biroq fuqaro nomzod sifatida ro‘yxatga olingach, uni chet el agenti reyestriga kiritib bo‘lmasligi ham qayd etilgan.
Saylanib bo‘lgan «chet el agentlari»ning vakolatlari agar u reyestrdan chiqarilmasa, 180 kun ichida tugatilishi ham belgilanmoqda.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar
Yevropa Ittifoqi Rossiyada ishlab chiqarilgan suyultirilgan tabiiy gazning Yevropa portlariga keltirilishini cheklamoqchi.
Rossiya Ukrainaga qarshi urush ochgach, Yevropa Ittifoqi ilk marta Rossiya gaziga qarshi sanksiyalar joriy etishga tayyorlanmoqda. Rossiyaga qarshi sanksiyalarning o‘n to‘rtinchi paketiga Rossiyada ishlab chiqarilgan suyultirilgan tabiiy gazni Yevropa portlariga jo‘natishni taqiqlash, shuningdek, «Novatek»ning uchta korxonasiga qarshi choralarni kiritishmoqchi.
Rossiyada, ayniqsa «Novatek»ning «Yamal SPG» loyihasi bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan suyultirilgan gazning katta qismi Yevropa portlari orqali o‘tadi va shundan so‘ng boshqa davlatlarga yo‘naltiriladi.