BBC Ukraina xizmati harbiy tahlilchisi Kirill Danilchenko harbiy harakatlarning istiqbollarini tahlil qilib, kelgusi oylarda Rossiya-Ukraina urushidagi voqealarning umumiy rivojini tavsifladi.
Aviatsiya omili
Rossiya aviatsiyasi jang maydoniga jiddiy omil sifatida qaytdi — endi gap Su-24 yoki Su-34 samolyotlari faqat Xarkiv yoki Sumi oblastining chegaradosh hududlariga zarbalar berish emas, balki «Grach» Su-25 samolyotlari bilan Chasiv Yarga, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri front chizig‘ida cho‘yon bombalar yog‘dirishi haqida bormoqda.
Rossiya bombalari ko‘pincha ko‘zlangan joyga tushmayapti, ammo ularning ko‘pchiligi baribir nishonga yaqinroq yetib bormoqda.
Va hozir rossiyaliklarda bortlar soni ham, boshqariluvchi bombalar soni ham bisyor.
Ukraina qurolli kuchlarida dastlabki F-16 samolyotlari paydo bo‘lishi ham Rossiya aviatsiyasi tahdidini tez va ishonchli tarzda bartaraf eta olmaydi.
Rossiyalik pilotlar shoshilinch tarzda qayta o‘qitilgan ukrain uchuvchilaridan ko‘ra ko‘proq uchish tajribasiga, Rossiyaning Yevropa qismida ko‘proq uchish-qo‘nish yo‘laklariga ega hisoblanadi.
Shuningdek, ularda DRLO (uzoqdan radiolokatsion aniqlash) samolyotlari ham mavjud — garchi Ukraina ulardan ikkitasini urib tushirgan va kapital ta’mirlash uchun angarda turgan vaqtida yana bir nechtasini shikastlagan bo‘lsa ham. Ammo shikastlangan bortlar safga qaytarilishi va osmonda tashabbusni egallash uchun kurash boshlanganida havoga ko‘tarilishi mumkin.
Shuning uchun Rossiya aviatsiyasiga tezda chora topilishi dargumon — g‘arb samolyotlari eskadrilyasi Ukrainaga bosqichma-bosqich olib kelinadi, pilotlar esa 10 oylik sikllarda tayyorlanadi. Va ushbu samolyotlarni jangga kiritish ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Ammo pastlab uchib bomba tashuvchilarga pistirmalar qo‘yish, ukrain havo hujumidan mudofaa tizimlari o‘tkazib yuborgan qanotli raketalar va kamikadze dronlarni urib tushirish, razvedka missiyalarini amalga oshirish, radio elektron kurash ishlarini amalga oshirib, kemalarga qarshi raketalarni olib yurish baribir nishonlar pilotlar shlemlariga va bort radiolokatsiya stansiyalariga integratsiya qilinadigan g‘arb samolyotlarida osonroq bo‘ladi.
Nima bo‘lganda ham F-16 hozirda Ukraina QK havo kuchlari ixtiyoridagi MiG-29 samolyotlaridan ancha yangiroq.
Dronlar va front ortiga zarbalar
Rossiyaning Ukraina qurolli kuchlarining uchinchi mudofaa chizig‘idagi ichki bazalarida ishlayotgan Supercam va Zala rusumli razvedkachi dronlari ham havodagi jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda — ular yangi optikaga ega (ehtimol, eronliklarniki) va radioelektron kurash ta’siriga tushib qolmaslik uchun optik kanalga ulangan.
Ballistik raketalar — «Iskander» raketalari yoki ularning koreyscha muqobillariga aynan ular «ko‘z» vazifasini bajarib beradi.
Bunaqasi avval ham bo‘lgan — masalan, Pokrovskda yuk tushirish vaqtida poyezdga zarba berilganida yoki aerodromlardagi samolyotlarga «Lanset» dronlari orqali uzoq masofadan hujum qilinganida.
Ammo so‘nggi vaqtlarda ukrainlarning ichki bazalari bo‘ylab zarbalar soni sezilarli darajada oshdi.
Yo‘lo‘tkazgichlar, temiryo‘l ko‘priklari va Ukraina qo‘shini joylashishi mumkin bo‘lgan boshqa nuqtalarga zarbalar uchib kelmoqda.
Rossiyaliklar ko‘pincha FVDX qutqaruvchilariga zarar yetkazish uchun bir joyga takroriy zarbalar yo‘llaydi.
Ukrainaning «Osa», «Strela» yoki fotoelement yoki «Tunguska» komplekslaridan iborat sovetlardan qolgan havo hujumidan mudofaa arsenali bu urushda turli dronlarga qarshi o‘zini juda yaxshi namoyish etdi. Ammo SSSRdan Ukrainaga meros bo‘lib qolgan minglab raketalar deyarli tugab bo‘lgan.
Shuningdek, yuzlab qanotli raketalar, «Shohid», «Orlan» va boshqa razvedka dronlari hujumlari tufayli «Stinger»lar zaxirasi ham tumoqda. Ukraina ega bo‘lgan ushbu vositalar 2022 yil holatiga ko‘ra 5-7 yil uchun mo‘ljallangandi.
Shu bilan birga, hatto AQSh hozirda yangi raketalarni ishlab chiqarish rejadagi darajaga chiqa olmayotgan sharoitda zaxira omborlarini to‘ldirish uchun «teskari injiniring» va hisobdan chiqarilgan ko‘tarib yuriladigan zenit raketa komplekslarini tiklash yo‘lidan foydalanmoqda.
Havo hujumidan mudofaa vositalari taqchilligi saqlanib qolarkan, rossiyaliklarning tobora ko‘proq dronlari Ukraina qurolli kuchlarining taktik va operativ front ortiga kirib kelib, yuqori aniqlikdagi qurollar va ballistik raketalar uchun nishonlarni belgilab berish imkoniga ega bo‘laveradi.
G‘arb yordami
Siyosiy qiyinchiliklarga qaramay, Ukrainaga g‘arb yordami davom ettirilmoqda.
Yodda tutish kerakki, shiddatli ichki siyosiy kurashlarga qaramay, AQSh Kiyevni balansdan chiqarmaydi.
Bunga parallel ravishda hozirda G‘arbda o‘q-dorilar uchun shartnomalar tuzilmoqda, Germaniyada «aqlli minalar» ishlab chiqarilishi boshlangan, «Gepard» tizimlari uchun 35×228 mm kalibridagi snaryadlar zavodi 2024 yil o‘rtalarida to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi.
Shuningdek, Ukrainada «Bayraktar» dronlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Ushbu pilotsiz uchish apparatlari keng ko‘lamli bosqin vaqtida o‘zini muvaffaqiyatli namoyish etgan va ularni turli vazifalar uchun qo‘llash davom ettirilmoqda.
Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va boshqa yirik davlatlar Ukrainaga yuzlab kamikadze dronlar hamda razvedka apparatlari yuborish uchun tuzgan «Dronlar koalitsiyasi» ham bor.
Yevropa Patriot tizimlari uchun uchirgichlarni ishlab chiqarishni kengaytirmoqda — ukrain batareyalari va «Yevropa havo qalqoni» (NATOning Yevropadagi a’zolarining havo hujumidan mudofaasini kuchaytirish loyihasi — BBC.) quvvat va mutaxassislarni talab etadi.
Bundan tashqari, Polsha, Germaniya, Ruminiya, Ispaniya va Niderlandiya ontaksiz portlovchiga ega ballistik nishonlarga qo‘llanishi mumkin bo‘lgan minglab PAC-2 GEM-T raketalar sotib olishni rejalashtirgan.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari «Chexiya tashabbusi» hisobiga ham 1,5 mln dona 155-mm kalibrli snaryadlar qo‘lga kiritish istiqbollari ham mavjud.
Shu bilan birga, yodda tutish kerakki, 1990-yillarda sovetlar ittifoqi bilan urushga tayyorgarlik ko‘rgan AQSh arsenalida 155-mm kalibrli 10 mln dona snaryad bo‘lgan — shuning uchun, katta ehtimol bilan, bu hali ham bu zaxiralarni topish mumkin.
Bugungi kunda Yevropada to‘rtta mamlakat 155-mm kalibrli snaryadlar ishlab chiqaradi: Buyuk Britaniya (BAE Systems), Germaniya (Rheinmetall), Fransiya (Nexter) va Finlandiya Norvegiya (Nammo) bilan birga.
Masalan, finnlarda, buyurtmalar olti yil oldinga tuzilgan — bugun to‘lov qilinadi, navbat 2030 yilga qadar uzayishi mumkin.
Barcha ishlab chiqaruvchilarda snaryad ishlab chiqarish hajmlari sezilarli darajada o‘smoqda, investitsiyalar oqib kelmoqda.
Bu esa Yevropa sanoati aslida ish berayotgani va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ishlashga tayyorligini ko‘rsatuvchi indikator.
Germaniyaning so‘nggi yordam paketlari Ukrainaning hamkorlarida nimalar bo‘layotganining eng yaxshi barometri hisoblanadi — «1A3» versiyasigacha yangilangan Marder rusumli 130 ta jangovar piyodalar mashinalari hamda yuzlab dronlar Ukraina qurolli kuchlarini kuchaytirish uchun yuborilgan.
Rossiya harbiy sanoati
Ammo parallel ravishda rossiyaliklar ham o‘z front ortini safarbar qilishda davom etmoqda — Rossiya nashrlarida g‘arbning RFdan chiqib ketgan kompaniyalarining sobiq zavodlari porox ishlab chiqarishni boshlagani, non zavodlarida — dronlar ishlab chiqarilayotgani haqida behisob xabarlar mavjud.
Albatta, bunday ishlab chiqarishda defektlar bo‘ladi, buyurtmalar o‘z muddatida bajarilmaydi va boshqa nyuanslar bo‘ladi.
Biroq, baribir Rossiya armiyasiga texnika va qurollar faollik bilan yetkazib berilmoqda.
Oyiga 500 tagacha «Shohid»lar va kuniga 180 ta boshqariluvchi bombalar bilan zarbalar — bu ham ushbu urushdagi tendensiya indikatoridir.
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘ldirilgan rossiyalik askarlarning ekipirovkasi aks etgan video paydo bo‘ldi — unda raqamli ratsiyalar, yomon bo‘lmagan aptechka to‘plami, tungi mo‘ljallagichlar, zirhli nimchalarning keramik plitalari, tizza sovutini ko‘rish mumkin. Va bular maxsus topshiriqli bo‘linma jangchisi emas, oddiy piyodada.
Bunda 2022 yildagi ibtidoiy Esmarx jgutlari (qon tomirlarini bo‘g‘ib qon oqishini to‘xtatish uchun ishlatiladigan elastik tasma) bilan safarbar qilinganlarga taqqoslaganda sezilarli farqni ko‘rish mumkin.
Rossiyaliklar urushga moslashmoqda va shu bilan birga o‘z armiyasini yaxshi qurollantirmoqda.
Bunday sharoitda Ukraina «o‘z joyida qolish uchun bor kuchi bilan yugurishi» talab etiladi.
Faqat Yevroittifoq va AQSh resurslariga ishonib qolmasdan, front ortini safarbar qilish va total urish olib bora olish qobiliyati Ukraina kelajagi uchun ko‘p narsani anglatishi mumkin.
Gap Vuhledar yoki Tokmakda nima bo‘lishi haqida emas, balki Ukraina uchun fundamental masalalar haqida bormoqda. Omon qolish haqida.
Agar Rossiya Ukraina ichkarisiga kirib borishga ko‘zi yetsa — buni amalga oshiradi.
Agar rossiyaliklar Xerson yoki Xarkiv shaharlarini aviabombalar va reaktiv artilleriya bilan xarobaga aylantirish imkonini ko‘rishsa — ular buni qilishadi.
Raketa zarbalari
Rossiyaliklarning bu yozgi kampaniya uchun yaqqol ko‘rinib turgan rejalari zarbdor dronlarni yoppasiga uchirish va ballistik raketalarni muayyan maqsad yo‘lida baravariga ishlatish bo‘ladi.
Zmiyovskaya yoki Tripolskaya IESlarda bo‘lgani kabi — bir sektorda havo hujumidan mudofaa kuchlarini haddan tashqari yuklama bilan holdan toydirish va raketalar bilan muayyan nishonlarga zarbalar berib, ularni uzoq muddatga yaroqsiz qilish.
Bu o‘rinda rossiyaliklarning maqsadi — Ukraina o‘z qurollarini ishlab chiqarishni faollashtirayotgan mahalda mamlakat energetika tizimiga iqtisodiyot va harbiy sanoat kompleksiga ta’sir ko‘rsatadigan darajada zarbalar berish.
Moskva energetika tizimini vayron qilib, ukrainlarning ishlab chiqarish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatmoqchi, chunnki uning zavodlarning o‘ziga yo‘llagan zarbalari u qadar samarali bo‘lmagandi — Ukraina uzoq masofalarga harakatlanuvchi pilotsiz uchish qurilmalari, dengiz dronlari va o‘ziyurar artilleriya tizimlarini ishlab chiqarishda davom etmoqda.
Yurish yo‘nalishlari
Chasiv Yar va u joylashgan tepaliklar Konstantinovkaga hamda undan nariroqdagi Slovyansk-Kramatorsk aglomeratsiyasi uchun darvoza sanaladi.
Rossiyaliklar bu yo‘nalishda Baxmut xarobalarida yashirinib, kuch to‘plashi, shuningdek shahar ortidan turib bombalar yo‘llashi mumkin.
Ular Ukraina qurolli kuchlarini Kleshchiyevka atrofidan surib tashlashga hamda Shimoliy Don-Donbass kanalini kechib o‘tishga harakat qiladi.
Rossiyaliklar Baxmutda tig‘iz joylashgan binolar orasidan chiqib, g‘arbda operativ kenglikka o‘tish rejasidan voz kechmagan.
Kupyanskka yurish esa — logistika yo‘llari uchun kurash hisoblanadi.
Agar Ukraina qurolli kuchlari bu yerda pozitsiyalarini ushlab qolsa, bu Rossiya ta’minot liniyalariga tahdid tug‘diradi — atrofdagi o‘rmonzorlarda beton istehkomlarning uch qatorini o‘rnatish qiyin.
Nihoyat, frontning Kreminna-Svatove uchastkasi — Starobelskdagi temiryo‘l tarmog‘ining «predpole»si (bosh mudofaa pozitsiyasi oldidagi mustahkamlangan uchastka) vazifasini o‘tovchi muhim qon tomirdir.
Rossiyaliklar Ukraina qurolli kuchlari temiryo‘lni «Haymars» va dronlar bilan o‘qqa tutmasligi uchun bu yerda ham oldinga yurishni istaydi.
Rossiyaliklar ushbu hududdagi va Kupyanskkacha bo‘lgan yo‘ldagi qishloqlar hamda raqib pozitsiyalariga hujumlar qilish uchun ulkan resurslar sarfladi. Ular Ukraina qurolli kuchlarining yuqori aniqlikda zarba beruvchi qurollarini temiryo‘l chiziqlaridan ancha nariga surishga harakat qilmoqda.
Bundan tashqari, RF armiyasi o‘tgan yildan buyon Vuhledar atrofida oldinga yurishga harakat qilib, bu yerda muntazam ravishda o‘nlab texnikalar, jumladan 2022 yilda ishlab chiqarilgan T-72B3 tanklari va eski T-55 tanklarini ham.
Ya’ni strategik muhim sektorlarda pozitsion urush olib boriladi — unda nafaqat muhandislik istehkomlari, balki harbiy sanoat ham muhim rol o‘ynaydi: minalar, og‘ir piyodalar qurollari, snaryadlar ortilgan vagonlar.
Front orti qanday tayyorlanmoqda?
Aynan shuning uchun ukrainlar front ortida safarbarlik muhim bo‘ladi.
Ittifoqchilardan stanoklar so‘rash va kasb-hunar maktablarida islohotlar o‘tkazish (masalan, talabalar faqat birinchi smenada o‘qishi, qolgan ikki smenada ishlab chiqarish olib borilishi mumkin) ma’noga ega bo‘ladi.
Boshqa variant — ishlab chiqarishni desentralizatsiya qilish (markazlashgan tizimdan markazlashmagan tizimga o‘tish) va shahar tashqarisiga olib chiqish. Bir korxonani faqat korpus va quymalar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish, boshqalarida — portlovchilar ishlab chiqarish, ularni yig‘ish uchun esa o‘nlab kichik maydonchalar yaratish mumkin.
Yana bir nazariy variant — ishlab chiqarish va yasash ishlarini ukrain qochqinlari uchun ish o‘rinlari yaratish orqali Sharqiy Yevropaga ko‘chirish hisoblanadi.
Umuman olganda, harbiy ishlab chiqarishni o‘stirish urush sharoitida real holdir — nemislar Ikkinchi jahon urushi davrida ittifoqchilarning strategik bombardimonlari ostida harbiy sanoat majmuasini rivojlantirgan va yiliga yuz minglab tonna bombalar ishlab chiqara olgandi.
Ukrainaga esa hozir barcha narsa kerak — yuk mashinalarini yig‘ish, turli o‘q-dorilar, minomyotlar uchun minalar va boshqariladigan minalar, yerdan uchirish uchun moslashtiriladigan «havo-havo» raketalari uchirish uchun havo hujumidan mudofaa kuchlarining turli palliativ uchirish qurilmalari, uzoqqa harakatlanuvchi yuzlab dronlar va o‘nlab raketalar (masalan, nafaqat dengizdagi, balki quruqlikdagi nishonlarga qo‘llash uchun «Neptun» raketalari).
Frontdan uzatilgan videolarda Rossiya tanklari hujumi vaqtida ularning ustiga yoki artilleriya zarbalari, yoki FPV-dronlar bilan hujum qilinishini ko‘rish mumkin, tankka qarshi raketa komplekslari esa u qadar ko‘p uchramayapti.
Holbuki ularni qo‘llash uchun dashtlarda barcha sharoitlar mavjud. Ammo zaxiralar ko‘p emas — va bu AQSh hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining katta arsenallariga qaramay.
Ammo «holdan toydirish urushi» fazasi shundayki, barcha narsa tugab qolishi mumkin.
Shuning uchun Ukraina boshqa mamlakatlarning ichki siyosatidagi holatga bog‘liq bo‘lib qolmaslik uchun, o‘z uyida imkon qadar ko‘p narsani ishlab chiqarish uchun barcha ishlarni amalga oshirishi kerak.
Ukrainada qilish mumkin bo‘lmagan ishlarni esa kreditga xarid qilish, qayta eksport qilish va Fors qo‘ltig‘i davlatlaridan qimmatroqqa qurollar sotib olish orqali hal qilish mumkin.
Rossiya 2022 yilda Ukrainaga qarshi rejalashtirilgan «tezkor» urushini chindan ham yutqazgandi. Ammo Kreml yoki vaziyatni muzlatishga, xatolar ustida ishlashga va yana urinib ko‘rishga intilmoqda, yoki Ukraina qurolli kuchlarini jang maydonida o‘z resurslari — shaxsiy tarkib to‘lqinlari va behisob texnikalari evaziga taslim qilmoqchi.
Bunga parallel ravishda ular front ortiga zarbalar berish uchun raketalarni g‘amlamoqda.
Va yangi bo‘linmalarni jihozlamoqda — tank va artilleriya brigadalari hamda polklarni (bular asosan eskirgan D-1 gaubitsalari va T-55 tanklari bo‘lsa ham, baribir qurol).
Moskva kampaniya uzoqqa cho‘zilishidan cho‘chimaydi — rossiyaliklarda texnikalar faqat yil oxirigacha yetishi mumkin bo‘lsa ham (ular shtatdagi zirhli texnikalar yetishmovchiligi tufayli «golf-kar»lar va boshqa kutilmagan mashinalardan ham foydalanayotgani hisobga olinsa).
Ammo Kreml, aftidan, barchasini shu urushga tikkan. Va rossiyaliklar Ukrainaning imkon qadar ko‘proq hududlarini egallash uchun o‘zining kelgusida kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan resurslarini ham sarflab yuborishga tayyor.
Shuning uchun bu urushda hali hech narsa hal qilinmagan va hech narsa tugamagan.
Ukrainlarni juda qiyin yoz kutmoqda.