Ukrainaga hujum va Rossiyada safarbarlik boshlanganidan keyin xorijga qochgan minglab rossiyaliklar keyinchalik o‘z vataniga qaytib, mamlakatning ijobiy iqtisodiy ko‘rsatkichlariga hissa qo‘shmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi 2 may, payshanba kuni ma’lumot berdi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, qaytib kelganlar iqtisodiy faolligi Rossiya Federatsiyasi yillik iqtisodiy o‘sishining uchdan bir qismini tashkil etgan.
Agentlik ta’kidlashicha, qaytganlar umumiy bandlikning atigi 0,3 foizini tashkil qiladi, bu mehnat bozoridagi keskin tanqislik holatini sezilarli darajada yaxshilamasligi mumkin, ammo qaytib kelganlarning iqtisodiy faoliyatga qo‘shgan ulkan hissasini ta’kidlaydi.
Bloomberg eslatishicha, 2023 yil o‘rtalarida Kreml Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin mamlakatni tark etganlarning yarmi Rossiyaga qaytganini ma’lum qilgandi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, buni rossiyaliklar ko‘chib o‘tishi uchun eng mashhur yo‘nalishlar bo‘yicha statistik ma’lumotlar, shuningdek, ularga ko‘chishda yordam beradigan kompaniyalar ma’lumotlari tasdiqlagan. Xususan, Moskvaning Finion kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda ketgan mijozlarining taxminan 40-45 foizi Rossiyaga qaytgan.
Rossiyaga qaytish qaroriga ta’sir qilgan sabablar orasida mahalliy hokimiyat organlarining yashash uchun ruxsatnoma berish yoki uzaytirishdan bosh tortishi, pul o‘tkazishdagi qiyinchiliklar va ishga joylashishdagi murakkabliklar bor.