Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, general Vadim Skibitskiy The Economist uchun intervyusida Rossiya armiyasining kelgusi harakatlarini prognoz qildi va Ukraina qurolli kuchlarining frontdagi istiqbollarini baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat Rossiya bosqini boshlanganidan buyon kuzatilmagan darajada og‘ir va yanada og‘irlashishi mumkin. G‘arb nashridagi material «Ukraina halokat yoqasida» sarlavhasi bilan e’lon qilingan. Quyida Skibitskiyning asosiy gaplari keltiriladi.
«Chasiv Yar boy berilishi — vaqt masalasi»
Rossiya o‘zi Donetsk va Luhansk oblastlarini to‘liq «ozod etish» deb ataydigan rejasini amalga oshirishda davom etmoqda. 9 maydagi G‘alaba kuni yoki Putinning undan bir hafta keyin amalga oshiriladigan Xitoyga tashrifiga qadar «qayernidir egallash» bo‘yicha buyruq bor. Oldinga siljish tezligi va muvaffaqiyatga erishilishi rossiyaliklar keyingi zarbani qayerda berishini belgilab beradi. «Bizning muammo juda oddiy: bizda qurol yo‘q. Ular hamisha aprel va may biz uchun juda qiyin bo‘lishini bilib turishardi».
Hozirda eng tashvishli vaziyat Chasiv Yarda kuzatilmoqda, bu qo‘rg‘on Rossiya armiyasi uchun Donetsk oblastida okkupatsiya qilinmagan so‘nggi shaharlarga yo‘l ochadigan tayanch punktidir. Chasiv Yar boy berilishi, katta ehtimol bilan faqat vaqt masalasi bo‘lib qolgan. Albatta, bugun yoki ertaga emas, ammo barchasi zaxiralar va yetkazmalarga bog‘liq. Ukraina armiyasi frontdagi vaziyatni barqarorlashtirishdan yiroqda, Rossiya armiyasi esa «aniq reja va yagona qo‘mondonlik ostidagi yagona organ» sifatida harakatlanmoqda.
Xarkiv va Sumi oblastlaridagi yurish
Hozirda Rossiya Ukraina shimoli-sharqida, Xarkiv va Sumi oblastlariga yurish qilishga hozirlanmoqda. Bu rejalar amalga oshirilishi Ukrainaning Donbassdagi mudofaasi qanchalik barqaror qolishiga bog‘liq. Asosiy zarba «may oyi oxiri yoki iyun boshida» boshlanadi.
Rossiya armiyasi Ukrainadagi amaliyotida 514 ming nafar harbiy xizmatchini harakatlantirmoqda. Xarkiv yaqinidagi chegaraning narigi tomonidagi Shimoliy guruh safida 35 ming harbiy bor, ammo bu guruh miqdorini 50-70 ming kishiga qadar oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, RF mudofaa vazirligi Rossiya markazida, keyinroq asosiy kuchlarga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan «zaxira diviziyalari»ni (15 mingdan 20 ming kishigacha) tuzmoqda.
Bunday resurslar yirik shaharlarni egallash bo‘yicha amaliyotlar uchun «yetarli emas», ammo ular nisbatan kichikroq vazifalar uchun yetarli bo‘lishi mumkin. «Kirish va chiqish uchun tezkor amaliyot o‘tkazish — mumkin. Ammo Xarkiv yoki hatto Sumini egallash bo‘yicha amaliyotlar — bular butunlay boshqa ish. Rossiyaliklar buni bilishadi. Biz ham».
Beqarorlashtirish bo‘yicha uch darajali reja
May oyi muhim ahamiyatga ega, chunki Rossiya Ukrainani beqarorlashtirish bo‘yicha «uch darajali» rejani amalga oshiradi. Birinchi va asosiy faktor — harbiy. Ikkinchi faktor — Ukrainada safarbarlik va Volodimir Zelenskiyning siyosiy legitimligiga putur yetkazishga qaratilgan Rossiya dezinformatsiya kampaniyasi olib borilishi. Ukraina prezidenti vakolatlari rasman 20 may kuni yakuniga yetadi, ammo Konstitutsiyaga ko‘ra harbiy davrda uning prezidentlik muddati cheksiz uzaytirilishi mumkin. Uchinchi faktor — Rossiyaning Ukrainani xalqaro maydonda yakkalantirish bo‘yicha to‘xtamayotgan kampaniyasi. «Ular vaziyatni yomonlashtirishish uchun har qanday yo‘ldan foydalanishadi».
«Bunday urushlar faqat kelishuvlar bilan tugaydi»
Bosh razvedka boshqarmasi Ukraina urushni faqat jang maydonida yutishi uchun imkoniyatlarni ko‘rmayapti. Hatto agar Ukraina Rossiya qo‘shinlarini chegara ortiga surib tashlaganida ham, bu esa juda uzoqqa cho‘zilishi oydinlashmoqda, bu urush to‘xtaydi degani emas. Bunday urushlar faqat kelishuvlar bilan tugatilishi mumkin.
Hozirda ikki tomon ham ehtimoliy muzokaralar oldidan «nisbatan qulayroq pozitsiya»ga ega bo‘lish uchun kurashmoqda. Ammo mazmunli muzokaralar 2025 yilning ikkinchi yarmidan oldinroq boshlanishi imkonsiz. Bu vaqtga borib Rossiya «ro‘paradan esadigan shamollar»ning jiddiy qarshiligiga uchray boshlaydi. Rossiyaning harbiy ishlab chiqarish salohiyati oshmoqda, ammo 2026 yil boshiga borib, materiallar va mutaxassislar yetishmovchiligi tufayli o‘sishdan to‘xtaydi. Alal-oqibat ikki tomon ham qurollar yetishmovchiligiga duch kelishi mumkin. Ammo agar boshqa yo‘nalishlarda hech qanday chora ko‘rilmasa, Ukraina birinchi bo‘lib qurolsiz qoladi.
Shu nuqtayi nazardan, eng katta va noma’lum faktor Yevropa bo‘lib qolmoqda, u agar Ukrainaga yordam berish uchun o‘z harbiy sanoatini yuksaltirmasa, o‘zi Rossiyaning nishoniga tushishi mumkin. «Rossiyaliklar Boltiq bo‘yini yetti kunda egallashadi. NATO reaksiyasi — o‘n kunda bo‘ladi». Ukrainaning jasorati va fidoyiligi to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidni kamida o‘n yilga bekor qilib, Yevropaga ko‘p yillik imkoniyat taqdim etdi. Masala shundaki, Yevropa bu yaxshilikni qaytaradimi? «Biz kurashni davom ettiramiz. Bizda boshqa tanlov ham yo‘q. Biz yashashni xohlaymiz. Ammo urush natijasi birgina bizga bog‘liq emas».