Namangan shahri Davlatobod tumani hokimi Anvarjon Tojimirzayev tuman markazidagi Kamolot ko‘chasini xizmat va servis ko‘rsatish ko‘chasiga aylantirish bo‘yicha boshlangan ishlar bilan tanishgan. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Loyiha takliflaridan ko‘rinadiki, elektr tarmog‘i himoya zonasida qator savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini, bolalar komplekslarini qurish rejalashtirilgan. Xabarda bundan maqsad yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy aholiga daromad keltirish va hududning umumiy infratuzilmasini yaxshilash ekani aytilgan.
Davlatobod tumanining qoq markazida joylashgan bu hudud 2023 yilning mart oyida lotlarga bo‘lingan holda Soliq qo‘mitasi buyurtmachiligida auksion savdolariga chiqarilgan.
Biroq Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlarini muhofaza qilish qoidalariga ko‘ra, yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i muhofaza zonasida qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlangan.
Xususan, elektr uzatish havo liniyalarining muhofaza zonasida bolalar va sport maydonchalarini, stadionlarni, bozorlarni, savdo shoxobchalarini, dala shiyponlarini, mollar uchun qo‘ralarni, har qanday turdagi mashina va mexanizmlar uchun garajlar va turar joylarni joylashtirish, o‘rnatilgan tartibda ruxsat etilgan ishlarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish mumkin emas.
Kun.uz holatga izoh olish maqsadida Davlatobod tumani hokimining matbuot kotibi Oybek Narzullayev bilan bog‘landi. Uning aytishicha, yer uchastkalari tegishli tashkilotlarning xulosalari asosida auksionga chiqarilgan.
“Vaziyatdan tuman hokimining xabari bor, loyihalar elektr tarmog‘ining tagidan ma’lum masofada surilgan. Tarmoq tagida piyodalar yo‘lagi bo‘ladi. Qurilishni tadbirkorlar boshlayapti, biz belgilangan loyihalardan tashqariga chiqib ketmasliklarini, daraxt va kabellarga ziyon yetkazmasligini nazorat qilib turamiz”, dedi Oybek Narzullayev.
Kun.uz'ning “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Namangan hududiy filialidagi manbasiga ko‘ra, hududdan o‘tgan elektr tarmog‘i 110 kV kuchlanishga ega. U yerda qurilish ishlarini olib borish uchun elektr ta’minoti korxonasidan hech qanday texnik xulosa ham, ruxsat ham olinmagan.
Qoidalarga ko‘ra, 110 kV kuchlanishga ega elektr tarmog‘ining muhofaza zonasi 20 metr hisoblanadi. Ammo qurilish ishlari boshlangan hududda buncha masofa yo‘q: elektr tarmog‘ining bir tomoni yo‘l, ikkinchi tomoni esa aholi xonadonlaridan iborat. Shu sababli, bu yerda insonlar to‘planishi mumkin bo‘lgan xizmat va servis ko‘rsatish shoxobchalarini qurish o‘ta xavfli hisoblanadi.