OIIB O‘zbekistonda 2,58 mlrd dollarlik 12 ta loyihani moliyalashtiradi

Iqtisodiyot 13:39 / 01.05.2024 2760

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov kecha Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy bilan uchrashdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash va suv ta’minoti sohalarida istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq qilish jarayoni hamda 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturiga kiritilgan yangi tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Dastur doirasida yashil energetika, suv ta’minoti, avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va infratuzilmaviy rivojlanish kabi jami 2,58 milliard dollarlik 12 ta loyihani moliyalashtirilishi nazarda tutilgan.

Sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan AIIB boshqaruvchilar kengashining 9-yillik yig‘ilishiga tayyorgarlikning borishini muhokama qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Hozirgi kunda bank ishtirokida davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, suv ta’minoti va kanalizatsiya, energetika, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi tarmoqlarda umumiy qiymati 2,57 milliard dollarlik 13 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: