Nyu-yorklik Nikolay Grigorev Rossiya harbiy uchuvchisiz uchoqlarida qo‘llanadigan AQShning ikki tomonlama elektron komponentlarini noqonuniy ravishda Rossiyaga eksport qilish bo‘yicha til biriktirganlik bo‘yicha aybiga iqror bo‘ldi. AQSh Adliya vazirligi 30 aprel, seshanba kuni ma’lum qilishicha, 36 yoshli erkakning kompaniyasi Rossiya Qurolli kuchlari bilan bog‘liq sanksiya ostidagi Rossiya kompaniyasiga texnologiya eksport qilgan.
Tadbirkor hujumkor dronlar uchun butlovchi qismlarni sotgan
«Bugun o‘z aybiga iqror bo‘lar ekan, sudlanuvchi Ukrainaga qarshi noqonuniy urushni qo‘llab-quvvatlovchi Rossiya kompaniyalariga 250 ming dollardan ortiq qiymatdagi AQShning uchuvchisiz uchish qurilmalari texnologiyasini kontrabanda qilish maqsadida til biriktirganini tan oldi», — dedi bosh prokuror o‘rinbosari Liza Monako.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p sonli soxta buyurtmalar va elektron o‘tkazmalarni o‘rgangan huquq-tartibot idoralari xodimlarining tezkor harakatlari natijasida 11,5 mingdan ortiq elektron komponentlar Rossiya Federatsiyasi harbiy-sanoat majmuasiga yetib borishiga yo‘l qo‘yilmagan. «Adliya vazirligi Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz tajovuzini qo‘llab-quvvatlash uchun bizning sanksiyalarimiz va eksport nazoratimizni e’tiborsiz qoldirganlarni – ular Nyu-Yorkda yoki xorijda joylashgan bo‘lsin, javobgarlikka tortishda davom etadi», — dedi Monako.
Ayblanuvchilar AQSh sanksiyalarini chetlab o‘tishni ochiq muhokama qilgan
Yana ikki ayblanuvchi – Nikita Arxipov va Artem Olovyannikov ozodlikda qolmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Grigorev Bruklindagi Quality Life Cue LLC (QLC) kompaniyasi orqali eksport qilgan. U va Olovyannikov tomonidan ro‘yxatga olingan hamda nazorat qilingan, Arxipov esa Rossiyadan QLC elektron pochtadan foydalangan. Ayblanuvchilar ushbu kompaniya orqali Rossiyadagi Ukrainaga qarshi urush uchun uchuvchisiz uchoqlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarga ikki maqsadli elektron komponentlar sotib olgan, deyiladi bayonotda.
Ushbu tashkilotlarning eng ko‘zga ko‘ringanlari Rossiyaning SMT-iLogic texnologiya kompaniyasi bo‘lib, u 2023 yil may oyida Rossiya harbiy uchuvchisiz uchoqlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetkazib berish zanjiri ishtirokchisi sifatida sanksiya ostiga tushgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 22 oktyabrdan 2022 yil 22 fevralgacha SMT-iLogic’dan QLC hisoblariga taxminan 272 830 AQSh dollari miqdoridagi pul o‘tkazmalari kelib tushgan. Elektron pochta yozishmalarida ayblanuvchilar AQSh eksport cheklovlarini chetlab o‘tishga urinishlarni, shu jumladan Qozog‘iston kabi uchinchi mamlakatlardagi soxta kompaniyalaridan foydalanishni ochiq muhokama qilgan.
O‘z aybiga iqror bo‘lganini inobatga olgan holda, Grigorev 5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, deyiladi bayonotda.