30 aprel, seshanba kuni Yevropa delegatsiyasining Falastin ma’muriyati vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida jiddiy hodisa yuz berdi. Tadbir bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan muzeyda Birzeyt universitetining bir guruh falastinlik talabalari Germaniyaning Ramallohdagi missiyasi rahbari Oliver Ovchani «Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi davlat vakili» bo‘lgani uchun quvib chiqardi.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Spiegel so‘roviga javoban norozilik namoyishlari muzey yaqinida bo‘lib o‘tganini tasdiqladi, ularning sabablari haqida batafsil ma’lumot bermadi. Qayd etilishicha, Ovcha xavfsizlik nuqtayi nazaridan yig‘ilish joyini tark etishga majbur bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda diplomatlarning g‘azablangan olomon tomonidan ta’qib qilinib, shoshib muzey binosidan chiqib ketayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Videoda mashinaga hujum qilingan payt ham aks etgan: mashinaning orqa oynasi singan va unga toshlar otilgan. Welt nashrining yozishicha, internetda tarqalgan videoda Germaniya vakili bo‘lmagan, nemis guruhining mashinasi ham zarar ko‘rmagan.
O‘z navbatida, Ovcha X ijtimoiy tarmog‘ida Birzeytdagi Milliy muzeyda Yevropa Ittifoqi delegatsiyalari rahbarlarining uchrashuvi «namoyishchilar tomonidan asossiz ravishda to‘xtatilganidan» afsusda ekanligini bildirdi. «Tinch norozilik va muloqot har doim o‘z o‘rniga ega», deb ta’kidladi nemis diplomati va bu voqeaga qaramay, u «falastinlik sheriklar bilan konstruktiv ishlarni» davom ettirishga tayyorligini aytdi.
Germaniya - Isroilning o‘zini himoya qilish huquqi tarafdori
2023 yil 7 oktyabrda HAMAS tomonidan Isroilga qilingan hujumdan beri Germaniya mamlakatning o‘zini himoya qilish huquqi tarafdori ekanini ma’lum qilib keladi. Berlin Isroilning xavfsizligi Germaniya davlat doktrinasining asoslaridan biri ekanini ta’kidlaydi. Ayni vaqtda, Berlin G‘azo sektoridagi tinch aholi huquqlari va himoyasini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda. Xususan, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok muntazam ravishda Isroilni xalqaro qonunlarga rioya qilishga, G‘azo sektori va G‘arbiy sohildagi tinch aholi himoyasini ta’minlashga chaqiradi.