Estoniya chaqiruv yoshidagi ukrainaliklarni deportatsiya qilmaydi

Jahon 09:24 / 01.05.2024 2302

Estoniya hukumati chaqiruv yoshidagi Ukraina fuqarolarini vataniga majburan deportatsiya qilmoqchi emas. Bu haqda 30 aprel, seshanba kuni Ichki ishlar vazirligining Fuqarolik va migratsiya siyosati boshqarmasi maslahatchisi Anneli Viks ma’lum qildi.

«Safarbarlik - davlat va uning fuqarolari bilan bog‘liq masala. Ichki ishlar vazirligida urush tufayli qochib, Estoniyada qonuniy istiqomat qiluvchi Ukraina fuqarolarini, shu jumladan, safarbarlik bo‘yicha ehtimoliy maqsadli guruhga mansub Ukraina fuqarolarini majburiy vataniga qaytarish rejasi yo‘q», - deya Viksdan iqtibos keltiradi ERR Estoniya milliy teleradiokompaniyasi.

Viks ma’lumotlariga ko‘ra, agar bu fuqarolar chet el pasportlarini yangilay olmasa va Yevropa Ittifoqi hududida erkin safar qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lsa ham, ularning Estoniyada bo‘lishi qonuniyligicha qoladi. 

Chaqiruv yoshidagi ukrainaliklar uchun konsullik xizmatlarini cheklash 

23 apreldan boshlab Ukraina Tashqi ishlar vazirligi 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkak fuqarolari uchun xorijiy konsulliklarda hujjatlarni rasmiylashtirishni to‘xtatdi. Shuningdek, chaqiruv yoshidagi ukrainaliklarga chet el pasportlari berilmasligi ma’lum qilindi. Bu safarbarlik to‘g‘risidagi yangi qonun va Kiyevning armiya sonini oshirish istagi bilan bog‘liq. 

ERR ma’lumotlariga ko‘ra, 26 aprel holatiga 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan 6500 nafar ukrainalik erkak vaqtinchalik himoya asosida Estoniyada yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan. Umuman olganda, 31 mingga yaqin ukrainalik qochqin Estoniyada vaqtinchalik himoyaga ega. 

Ko‘proq yangiliklar: