Qozog‘istonda mamlakatning sobiq ichki ishlar vaziri Yerlan Turg‘umbayev qo‘lga olindi. Bu haqda 30 aprel, seshanba kuni ertalab Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berib, ushlash 29 aprel kuni «2022 yil yanvar oyi voqealari bo‘yicha jinoiy ishlarni tergov qilish doirasida» amalga oshirilganini bildirdi.
Aniqlanishicha, Turg‘umbayev og‘ir oqibatlarga olib kelgan hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda. Prokuratura «jinoyat ishida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar bor» deb, dastlabki tergovning boshqa ma’lumotlarini oshkor etmadi.
2022 yil yanvar oyida Qozog‘istondagi namoyishlar
2022 yil boshida Qozog‘iston janubi-g‘arbidagi Janao‘zen shahrida gaz narxi oshishiga qarshi mitinglar boshlandi. Ko‘k yonilg‘i narxi oshishiga qarshi namoyishlar Janao‘zenni o‘z ichiga olgan Mang‘istau viloyatining bir qancha qishloqlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Namoyishlar tez orada butun mamlakat bo‘ylab iqtisodiy va siyosiy talablar bilan ommaviy norozilik namoyishlariga aylandi. Ba’zi viloyatlarda 5 yanvarga o‘tar kechasi ma’muriy binolar, politsiya bo‘limlari va do‘konlarga hujumlar uyushtirildi. Qozog‘istonning eng yirik shahri - Olmaota eng ko‘p zarar ko‘rdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar davomida 225 kishi, jumladan, 19 huquq-tartibot idorasi xodimi halok bo‘lgan, 4500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Birgina sobiq poytaxtning o‘zida norozilik namoyishlari va tartibsizliklar bo‘yicha 2700 dan ortiq odam qo‘lga olingan. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. 6 yanvar kuni uning iltimosiga ko‘ra, «terrorchilik tahdidini yengish» uchun qurolli kontingent Qozog‘istonga yetib keldi. Yanvar oyi o‘rtalarida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti qo‘shinlari bo‘linmalari Qozog‘istonni tark etdi.
Qozog‘iston sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanovga hukm
2023 yil martida Qozog‘istonda sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanovga nisbatan 2022 yil yanvaridagi qonli tartibsizliklar bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilgan edi. U jangovar vaziyatda mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topilib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
2022 yilning 19 yanvarida Bektanov lavozimidan ozod etildi, bir oy o‘tib esa tartibsizliklar paytida harakatsizlikda gumon qilinib, vaqtinchalik hibsxonaga joylashtirildi.
MXQ sobiq rahbari Karim Masimovning qamalishi
2023 yil 24 aprel kuni Ostona jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudi Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimovni 18 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Masimov davlatga xiyonat, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan tortib olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topildi. Sud qarori bilan mansabdor shaxsning mol-mulki ham musodara etildi va u umrbod davlat xizmatida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Ish «o‘ta maxfiy» maqomi ostida ko‘rib chiqildi.