Germaniyada ikki ukrainalikning o‘ldirilishi: yangi tafsilotlar

Jahon 07:49 / 30.04.2024 21729

Bavariya janubida Garmish-Partenkirxen yaqinidagi Murnau shahri politsiyasiga ko‘ra, 27 aprel, shanba kuni soat 17:20 da mahalliy xizmatlarga Tengelmann Center savdo markazi yonida ikki yarador odamni ko‘rgan o‘tkinchi qo‘ng‘iroq qilgan. Tez yordam shifokorlari yetib kelganida ularning eng kattasi, 36 yoshli Vladimir K. vafot etgan. 23 yoshli Vyacheslav B. shifoxonaga yetkazilgan, biroq ko‘p o‘tmay hayotdan ko‘z yumgan. Ikkala holatda ham o‘limga olib keladigan jarohatlar pichoq bilan berilgan. 

Qotillik joyi - savdo markazi yonidagi kichik maydon. «Bu odamlar uchrashadigan joy», - deya politsiya vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirgan Spiegel Online. Bu ma’lumotni DW va mahalliy aholidan biri tasdiqladi. «Kecha men u yerda narsa xarid qilgan edim. Bu yerda 6-7 kishi ichkilik ichib turgandi. O‘shanda o‘ylab qoldim: bularning hammasi qanday antisotsial ko‘rinishga ega. Yo‘l bo‘ylab o‘tish joyi bor, lekin men u yerda yurishdan qo‘rqardim», deb tan oldi ayol. 

Gumonlanuvchi haqida nima ma’lum?

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya fuqarosi bo‘lgan 57 yoshli mahalliy shaxs ukrainaliklarni o‘ldirishda gumon qilinmoqda. Politsiya uni qotillik sodir bo‘lgan joydan unchalik uzoq bo‘lmagan yerdagi ro‘yxatdan o‘tgan manzilida qo‘lga oldi. «U uyga kelganida (qotillikdan keyin), har doimgidek mast edi. Lekin politsiya uni chaqirganda, u hatto kulib yubordi», dedi qo‘lga olingan shaxsning qo‘shnisi Tag24 nemis mintaqaviy axborot portaliga. Ismi ko‘rsatilmagan ayolning so‘zlariga ko‘ra, u qo‘shnisini «hushyor holatdan ko‘ra ko‘proq mast» ko‘rgan. 

Yana bir qo‘shnisi qotillikda gumonlanuvchini tajovuzkor deb atadi. «Har oyning birinchi kuni, pul kelganida, u baland ovozda musiqa tinglar va o‘tkinchilarni derazadan so‘kardi», — deya ayolning so‘zlarini keltiradi Tag24. Nashr jurnalistlari gumonlanuvchining yashash joyini «ijtimoiy nochor» deb atadi. Frankfurter Rundschau nashri, o‘z navbatida, politsiyaga tayanib, gumonlanuvchi avvalroq qonun bilan bog‘liq muammolarga duch kelganini yozadi.

Siyosiy sabab bormi? 

Shu bilan birga, Murnaudagi nemis ommaviy axborot vositalarining hech biri qotillikda gumon qilinuvchining Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga munosabatiga e’tibor bermadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ukrainaliklarning ko‘plab xabarlari orasida rossiyalik Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urush tarafdori ekanligi va go‘yo tashviqot ta’sirida harakat qilgani haqida ko‘plab da’volar mavjud. Biroq, bu motiv hozircha tergov tomonidan asosiy sabab sifatida ko‘rilmagan. 

Ammo 29 aprel, dushanba kuni Myunxen Bosh prokuraturasi DW’ga bergan izohida Spiegel Online’ning Bavariya ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash markaziy boshqarmasi Murnauda ukrainaliklarning o‘ldirilishi bo‘yicha tergovga qo‘shilgani haqidagi xabarini tasdiqladi. Prokuratura DW savoliga javob berar ekan, qotillikda gumonlanuvchining motivlari va uning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqidagi qarashlari haqida hozircha aniq ma’lumotlarga ega emasligini bildirdi. Biroq, bu ishda siyosiy sabablarni «inkor etib bo‘lmaydi», shuning uchun tegishli idoralar aralashdi, dedi prokuratura matbuot kotibi. 

O‘ldirilgan ukrainaliklar haqida nima ma’lum?

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 28 aprel, yakshanba kuni 36 yoshli Vladimir K. va 23 yoshli Vyacheslav B. Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) harbiy xizmatchilari bo‘lgani va yaralanganidan keyin Germaniyada reabilitatsiyadan o‘tayotganini ma’lum qildi. Vazir ular qaysi bo‘linmalarda jang qilganiga aniqlik kiritmadi. Garmish-Partenkirxen ma’muriyatining DW nashriga ma’lum qilishicha, ikki ukrainalik «Murnauda tibbiy maqsadlarda bo‘lgan». Ularning nimadan davolangani aniqlashtirilmagan. Spiegel Online ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan biri 2023 yilning avgustidan, ikkinchisi 2023 yilning dekabridan beri mahalliy travmatologiya klinikasida davolangan. Nashr okrug ma’muriyatiga tayanib, Murnaudagi ukrainaliklarning davolanishi ular o‘ldirilishi vaqtida allaqachon yakunlangani, erkaklar qochoqlar lagerida yashab kelgani haqida xabar bergan.

Ukrainaliklar rossiyalik bilan tanish bo‘lganmi? 

Kamida bir mahalliy aholi Bayerischer Rundfunk (BR) qotillikdan biroz oldin ukrainaliklarni rossiyalik bilan ichkilik ichayotganini ko‘rganini aytdi. «Ulardan biri ukrainaliklar bilan do‘st bo‘lgan, shu yerda o‘tirgan, ichkilik ichishgan», dedi guvoh telereportajda qotillik joyini ko‘rsatib. BR politsiya suhbatdoshlariga tayanib, hujumchi va jabrlanuvchilar o‘rtasida janjal kelib chiqqani haqida xabar berdi.

Yakshanba kuni tergov natijalarini kutmasdan, Bavariya ichki ishlar vaziri Ioaxim Herrman jinoyatning asosiy omili siyosat emas, balki spirtli ichimliklar ekanligini aytdi. «Ushbu uch odamni birga ko‘rgan guvohlarning ma’lumotlariga ko‘ra, voqealarning barcha ishtirokchilari katta miqdordagi spirtli ichimliklar ta’sirida bo‘lgan», - deya ta’kidladi Herrman. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha tergovchilar qotillik siyosiy sabablarga ko‘ra bo‘lganini tasdiqlovchi ishonchli dalillarga ega emas. 29 aprel, dushanba kuni Bavariya Ichki ishlar vazirligi DW’ning gumonlanuvchi, shuningdek, uning qurbonlari qon tahlillari natijalari ma’lummi yoki yo‘qmi, shu masaladagi so‘roviga javob bermadi. 

Ko‘proq yangiliklar: