Fon der Lyayyen Putinning «ishonchli odamlari» bilan hamkorlikni istisno etdi

Jahon 08:05 / 30.04.2024 3547

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen Yevroparlamentga saylovlar bo‘yicha debatlar chog‘ida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «ishonchli vakillari» bilan har qanday hamkorlikni rad etdi. Putinning «odamlari» dezinformatsiya va qutblanish orqali Yevropa Ittifoqini ichkaridan «yo‘q qilishga» urinmoqda, dedi fon der Lyayyen dushanba kuni Maastrixtdagi tadbirda. 

Siyosatchi «Germaniya uchun muqobil» (GuM)ni ham o‘z ichiga olgan o‘ng qanot «O‘zlik va demokratiya» fraksiyasidan daniyalik yevrodeputat Andres Vistisenning tanqidiga javob berdi. Von der Lyayyenning aytishicha, fraksiya boshqalarni tanqid qilishdan oldin «o‘z uyini tartibga keltirishi» kerak. U GuMning Yevroparlamentdagi asosiy nomzodi Maksimilian Kra va GuM deputati Petr Bistronga nisbatan Rossiya bilan aloqadorlik ayblovlarini tilga oldi. 

Avstriyalik kommunist va Yevropa so‘llari rahbari Valter Bayyer Ukrainadagi siyosiy yechim haqida gapirganda, fon der Lyayyen shunday javob berdi: «Agar siz bu urushni to‘xtatmoqchi bo‘lsangiz, Putin shunchaki harbiy harakatlarni bas qilishi kerak». 

Fon der Lyayyen nomzodi YeXP tomonidan ko‘rsatilgan 

Fon der Lyayyen hozirda Yevropa parlamentidagi eng yirik fraksiya bo‘lgan o‘ng markazchi Yevropa xalq partiyasi (YeXP) ro‘yxati yetakchisi sifatida qatnashmoqda. U «O‘zlik va demokratiya» bilan hamkorlik qilish imkoniyatini rad etdi, lekin Yevropa konservatorlari va islohotchilari (YeKI) fraksiyasi bilan bunga ochiq ekanini ta’kidladi. «Bu ko‘p jihatdan parlament qanday shakllantirilishi va kim qaysi guruhda o‘tirishiga bog‘liq», - dedi Yevrokomissiya rahbari. YeKI fraksiyasiga, jumladan, Polshaning «Huquq va adolat» konservativ partiyasi va Ispaniyaning «Ovoz» milliy-konservativ partiyasi kiradi. 

Germaniyada Maksimilian Kra tergov qilinmoqda: u deputatlik faoliyati uchun Rossiya va Xitoydan to‘lovlar olganlikda gumon qilinmoqda. Bundan tashqari, aprel oyi oxirida Kraning yordamchisi Tszyan G. qo‘lga olingan — u Xitoy foydasiga josuslikda gumon qilinmoqda. 

Yevropa parlamentiga saylovlar

Yevroparlamentga saylovlar Yevropa Ittifoqida 6-9 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. Germaniya fuqarolari 9 iyun kuni saylovda qatnashishi mumkin, 35 ta partiya va siyosiy birlashmalarning saylovda ishtirok etishiga ruxsat berilgan. Yirik va taniqli siyosiy partiyalardan tashqari, muayyan manfaatlar guruhlarini ifodalovchi kichikroq partiyalar va uyushmalar Yevropa parlamentida vakillik uchun kurashadi, xususan, Sog‘lom fikr partiyasi, «Inson tinchligi – hamma uchun baxt va farovonlik» partiyasi va Yoshartirish sohasidagi klassik tibbiyotni tadqiq qilish partiyasi. 

Ko‘proq yangiliklar: