«Biz va’damizni bajarmadik» - NATO bosh kotibi Kiyevga keldi

Jahon 14:23 / 30.04.2024 14528

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg 29 aprel kuni Kiyevga tashrif buyurdi. Keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon u buning Ukrainaga uchinchi bor kelishidir. Bu tashrif oldindan anons qilinmagandi.

Ukraina prezidenti ofisi xabar qilishicha, muzokaralar chog‘ida Yyens Stoltenberg va Volodimir Zelenskiy «Rossiya tajovuzini qaytarish yo‘llari, Ukrainaning NATO bilan kelgusidagi hamkorligi hamda kuchlarni birlashtirish imkoniyatlari» muhokama etilgan.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra ular birgalikda matbuot anjumani o‘tkazishgan. Unda Stoltenberg g‘arb qurollari yetkazib berilishi hamda Kiyevning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishi masalalarida shov-shuvli bayonotlar bermagan.

Zelenskiy Rossiya armiyasi Ukraina g‘arb qurollarini kutayotgan vaziyatdan foydalanib qolishga urinayotganidan ogohlantirib, shuning uchun «ta’minotdagi operativlik tom ma’noda front barqarorlashtirilishini anglatishi»ni aytgan. «155-kalibrli artilleriya, uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollar va havo hujumidan mudofaa, birinchi navbatda „Petriot“ tizimlari. Bular hamkorlarimizda bor bo‘lgan qurollar va hozirda shu yerda, Ukrainada Rossiyaning terrorchilik ambitsiyalarini yo‘q qilish ustida ishlash kerak. Rossiya armiyasi kelgusidagi hujum harakatlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Va biz ittifoqchilarimiz bilan Rossiya yurishini barbod qilishimiz lozim», — degan Ukraina prezidenti.

U «qanchadir [harbiy yordam] allaqachon kela boshlagani», ammo hozircha bu «armiyani to‘ldirish va brigadalarni to‘liq qurollantirish uchun» yetarli emasligini qo‘shimcha qilgan.

NATO bosh kotibi bunga javoban Ukrainaning hamkorlari qurol yetkazib berishda kechikayotganini tan olgan. «Men prezident Zelenskiy va Oliy Rada bilan rostgo‘y bo‘laman, NATO bo‘yicha ittifoqchilar so‘nggi oylar davomida berilgan va’dalarni bajara olmadi. Qo‘shma Shtatlar paketni kelishishga olti oy vaqt sarfladi, Yevropadagi ittifoqchilar esa biz va’da qilgan o‘q-dorilarni yetkazib bermadi. Ammo hozir ishonchim komilki, barchasi o‘zgaradi», — deya Stoltenbergdan iqtibos keltirgan «RBK-Ukraina».

Shuningdek, NATO bosh kotibi Volodimir Zelenskiyni alyansning iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan sammitiga taklif etgan. Shu bilan birga, u Kiyev mazkur sammitda alyansga a’zolik uchun rasmiy taklif olishi mumkinligiga shubha bildirgan.

«Bu qarorni qabul qilish uchun bizga barcha ittifoqchilarning roziligi kerak, ko‘pchilik bo‘lishi yetarli emas, konsensus kerak, ya’ni barcha 32 a’zoning roziligi. Va iyuldagi sammitga qadar shunday kelishuvga erisha olishimizga ko‘zim yetmayapti. Ammo men hisoblaymanki, biz Ukrainani a’zolikka yanada yaqinlashtirayotganimizni va Ukraina bizga imkon qadar tez fursatda to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilishini xohlashimizni namoyish etamiz», — deya Stoltenbergning so‘zlarini keltiradi «Ukrainskaya pravda».

«Vaqti kelganda Ukraina darhol NATO a’zosiga aylanadi. Ukraina bayrog‘i NATO shtab-kvartirasida hilpiray boshlaydigan kunni intiqlik bilan kutaman», — degan u.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2022 yil 30 sentabrda mamlakat NATOga tezlashtirilgan tartibda a’zo qilinishi uchun ariza topshirgandi. Kiyev buni Rossiyaning Ukrainaga bosqini bilan asoslagan. NATOning 2023 yil iyulida Vilnyusda o‘tkazilgan sammitida alyans ishtirokchilari Ukrainani rasman taklif qilmagan, ammo ushbu mamlakat harbiy-siyosiy blokka kirish jarayonini osonlashtirishga rozi bo‘lishgandi. Bundan tashqari, «Katta yettilik» a’zolari esa Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi bayonotni qabul qilishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: