Dunyoda sodir bo‘lgan voqea va hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning kundalik sharhi bilan tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda Jahon iqtisodiy forumining ikki kunlik maxsus yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Sammitda Isroil va HAMAS o‘rtasida muzokaralarni tiklashga harakat qilinmoqda.
Sammit ishtirokchilari orasida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham bor. Shuningdek falastinlik yetakchilar hamda Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishda vositachilik qilishga harakat qilayotgan boshqa mamlakatlarning yuqori martabali mulozimlari taklif etilgandi.
«Bugun dunyo xavfsizlik va farovonlik o‘rtasidagi muvozanatni topishga harakat qilib, tor kanat yo‘lidan yurmoqda», — degan Saudiya Arabistoni rejalashtirish vaziri Faysal al-Ibrohim. «Biz bitta noto‘g‘ri mulohaza, noto‘g‘ri hisob yoki biror tushunmovchilik muammolarimizni yanada chuqurlashtirganida uchrashamiz», degan u.
Jahon iqtisodiy forumi prezidenti Borge Brende «garovdagilar bo‘yicha muzokaralarda, shuningdek… G‘azodagi boshi berk ko‘chadan chiqish ehtimoli bo‘yicha muzokaralarda yangi impuls ko‘zga tashlanayotgani»ni aytgan.
Sammitda chiqish qilgan Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos faqat AQSh Isroilni Rafahga hujum qilishdan qaytarishi mumkinligini aytib, hujum yaqin kunlarda amalga oshirilishi kutilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Saudiyaga taklif qilinmagan Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats esa agar HAMAS garovdagilarni qo‘yib yuborishga rozi bo‘lsa, G‘azo janubidagi Rafah shahriga rejalashtirilgan yurish to‘xtatilishi mumkinligini ta’kidlagan.
Shanba kuni HAMAS ular hali tirikligini ko‘rsatish uchun garovdagilarning ikki nafari ishtirokidagi videoni namoyish etdi.
HAMAS vakillari Isroilning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi taklifini o‘rganayotganini ma’lum qilgan. Axios portaliga ko‘ra, yangi taklif HAMASning ko‘plab talablariga javob beradi, jumladan unda ko‘chirilgan g‘azoliklarni eksklavning shimolidagi o‘z turar joylariga qaytarish ham ko‘zda tutilgan.
AQShdagi aksilisroil namoyishlar
AQShda G‘azoni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilayotgan tinch namoyishlarga qarshi politsiyaning jalb qilinishi Isroilga qarshi barcha oliy o‘quv yurtlari oyoqqa qalqishiga sabab bo‘lmoqda.
Borgan sari Amerikadagi ko‘plab oliy o‘quv yurtlaridagi talabalar Isroilning G‘azoda amalga oshirayotgan genotsidiga qarshi norozilik harakatiga qo‘shilmoqda. Talabalar bilan birga o‘quv yurtlarining professor va o‘qituvchilari ham aksiyalarda ishtirok etishmoqda.
Talabalar kasaba uyushmalarining bu zanjirli reaksiyasi Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida o‘tkazilgan tinch aksiya politsiya yordamida bostirilganidan so‘ng ro‘y bergan.
AQShdagi o‘nlab universitetlar va kollejlar, ularga qo‘shilgan chet ellik talabalar G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish, oliy o‘quv yurtlarining Isroilni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan kompaniyalar bilan hamkorlik qilishini bas qilib norozilik namoyishlari o‘tkazishmoqda. AQShda aksilisroil tinch namoyishlarda ishtirok etayotgan talabalarga qarshi politsiya zulmi mamlakatdagi barcha oliygohlarni oyoqqa turg‘izgan.
Qizil dengizdagi vaziyat
Yamaniy husiychilar yaqinda Qizil dengizdagi Isroil kemasiga hamda Isroilning Eylat shahriga uyushtirilgan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
Bu ancha vaqtdan buyon tinchib qolgan eskalatsiyaning yangi bosqichi boshlanganidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan payshanba kuni husiychilar Isroilga tegishli MSC Darwin kemasiga raketalar va pilotsiz parvoz qurilmalari bilan hujum uyushtirgan edi. Bundan bir kun ilgani Maersk Yorktown va MSC Veracruz kemalari AQSh va Isroilniki deb belgilanib, ularga ham hujum qilingandi.
Husiychilarning bu harakatlari Vashingtonning Sano va Hudaydadan qamal olib tashlanishi evaziga Yamanda tinchlik muzokaralari o‘tkazilishi va Qizil dengizda hujumlar uyushtirilishining bas qilinishi borasidagi takliflari Yaman guruhi tomonidan rad etilganini bildirishi mumkinligi aytilmoqda.
Biroq ushbu hujumlar mojaroning yanada avj olishiga olib kelmasligi ham mumkin. Shunchaki isyonchi guruhning 6 oydan buyon davom etayotgan hujumlarining mantiqiy davomi ham bo‘lishi mumkin.
Ukraina frontidagi vaziyat
Ukraina frontidagi vaziyat yanada chigallashdi. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy hafta ichida barcha front chizig‘i bo‘ylab og‘ir janglar bo‘lib o‘tayotganini ta’kidladi.
Avvalroq Urushni o‘rganish instituti (ISW) Rossiya yaqin haftalar ichida — Amerika yordami yetib kelgunga qadar hujumga o‘tishni faollashtirishi haqida xabar bergan edi. Sirskiy esa Rossiya harbiylari 9 mayga qadar Baxmutdan g‘arbroqdagi Chasiv Yar posyolkasini egallash to‘g‘risida Kremldan buyruq olishganini qayd etgan edi.
«Dushman butun front liniyasi bo‘ylab hujumga o‘tmoqda, ayrim yo‘nalishlarda taktik muvaffaqiyatga erishmoqda. Vaziyat dinamik tarzda o‘zgarib bormoqda, alohida pozitsiyalar sutka davomida bir necha bor «qo‘ldan qo‘lga» o‘tib turmoqda va bu vaziyatni aniq tushunishni qiyinlashtirmoqda», — degan Sirskiy.
Bu orada Rossiya Mudofaa vazirligi Donetsk oblastidagi Novobaxmutivka qishlog‘ini o‘z nazoratiga olganini e’lon qildi. Sirskiy va ukrainalik boshqa rasmiy shaxslar bunga izoh bermagan.
Sirskiyning baholashlariga ko‘ra, Pokrovsk va Kuraxove yo‘nalishlarida vaziyat juda murakkab, bu yerlarda qaqshatqich janglar davom etmoqda. Rossiya armiyasi Avdiyivka va Maryinkadan g‘arbroqqa hujum qilmoqda hamda Pokrovsk va Kuraxove qishloqlarini egallashga harakat qilmoqda.
«Ukraina mudofaa kuchlari bo‘linmalari vatandoshlarimizning hayoti va jonini saqlab qolish uchun Berdichiv, Semyonivka va Novomixaylivkadan g‘arbdagi yangi mudofaa sarhadlariga ko‘chgan. Umuman olganda, bu yo‘nalishlarda dushman ma’lum bir taktik muvaffaqiyatlarga erishgan, ammo operativ ustunlikka ega bo‘lolgani yo‘q», — deya qayd etgan Sirskiy.
Urushni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari Ukraina 2024 yilning oxiri yoki 2025 yilning boshlarida cheklangan qarshi hujum boshlashi mumkin, deb hisoblayotgani ma’lum qilingan edi.
Tadqiqotchilariga ko‘ra, yaxshi qurollangan ukrainalik harbiylar Rossiyaning yozda kutilayotgan qarshi hujumini muvaffaqiyatli qaytarib, oldinga siljishi mumkin.
Gurjistondagi namoyishlar
Gurjiston poytaxti Tbilisida parlament binosi yonida Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonuniga o‘xshash «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga qarshi bo‘lib o‘tgan minglab kishilarning namoyishida vaziyat keskinlashdi.
Bir necha yuzlab politsiyachilar kaltak va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanib, namoyishchilarni qo‘lga olishni boshladi. Namoyishchilarni parlament binosi yonidagi ko‘chalardan haydab chiqargan maxsus kuchlar Rustaveli shohko‘chasiga suv purkovchi mashina keltirgan.
Gurjistonda so‘nggi bir necha kun ichida muxolifat kuchlari parlament tomonidan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazib, uni Gurjiston parlamentidan chaqirib olishni talab qilmoqda. 28 aprel oqshomida aksiya Respublika maydonida boshlangan, u yerda 20 mingga yaqin odam yig‘ilgan.
Gurjiston Ichki ishlar vazirligi o‘z saytida odamlarni qonun bilan ruxsat etilgan yig‘ilishlar erkinligi chegarasidan chiqmaslikka va parlament oldida o‘rnatilgan sahnani buzmaslikka chaqirgan bayonot e’lon qildi. «Har qanday qonunbuzarlik politsiya tomonidan darhol bostiriladi», deyiladi bayonotda.
Yevropa Ittifoqi Gurjiston hukumatini qonun loyihasini qaytarib olishga chaqirmoqda. «Bu qonun loyihasi Yevropa me’yorlari va qadriyatlariga to‘g‘ri kelmasligi aniq, agar u qabul qilinsa, Gurjistonning kelajakdagi Yevropa tomon tutgan yo‘lini xavf ostiga qo‘yadi», dedi Yevropa komissari Yanez Lenarchich.
Tirbandlikda yongan mashinalar
Nigeriyada yonilg‘i tashuvchi sisternaning portlashi tufayli tirbandlikda turgan 100 ga yaqin avtomobil yonib ketgan. Qurbonlar ham bor.
Hodisa 26 aprel kuni Rivers shtatidagi Port-Harkort shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Guvohlarga ko‘ra, yonilg‘i tashuvchi avtomashina avtofalokatga uchragani oqibatida portlash sodir bo‘lgan. Yonilg‘i tashuvchi avtomobil boshqa transport vositasi bilan to‘qnashib, yonib ketgan va portlash ro‘y bergan.
Yong‘in tirbandlikda turgan boshqa avtomobillarga ham o‘tgan. Ayrim haydovchilar sarosimada tezda yona boshlagan mashinasini qutqarib qolish umidida oxirigacha rulda qolgan va halok bo‘lgan.
Tirbandlik tufayli haydovchilar uchun harakatlanadigan joy qolmagan, ayrimlar esa avtomobilidan chiqa olmagan. Oqibatda to‘rt kishi, jumladan, homilador ayol yonib ketgan.
Yong‘in bir necha soat o‘tgach o‘chirilgan. Qurbonlarning aniq soni hozircha noma’lum. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 100 ga yaqin avtomobil yonib ketgan.