Rossiyada elektron chaqiruv tizimi 1 noyabrdan ish boshlaydi

Jahon 11:20 / 29.04.2024 2459

Rossiyada elektron harbiy ro‘yxatga olish tizimi 2024 yil 1 noyabrdan, ya’ni kuzgi chaqiruv davrida ish boshlaydi, bu hukumatning 27 aprel kuni e’lon qilingan «Harbiy xizmatni o‘tashga majbur bo‘lgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona reyestri» to‘g‘risidagi qarorida aytilgan.

Xizmat boshqa davlat ma’lumotlar bazalaridan, shu jumladan Davlat xizmatlari servisi, «FSB», Ichki ishlar vazirligi, Soliq xizmati, migratsiya va ro‘yxatga olish bazalaridan shaxs haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi. Harbiylar harbiy xizmatni o‘tashga majbur bo‘lgan shaxsning jinoiy va ma’muriy ishlari, uning ko‘chmas mulki va boshqa mol-mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining ma’lumotlar bazasi harbiy xizmatga majbur bo‘lgan shaxs to‘g‘risidagi yozuv, shuningdek, yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumot, shu jumladan ro‘yxatga olish joyida bo‘lmagan axborotlarni o‘z ichiga oladi. 

Elektron harbiy hisobga olish yozuvlarini ishlab chiqish 31 oktyabrgacha yakunlanishi kerak. 1 noyabrdan Mudofaa vazirligi reyestrdan foydalanishni boshlaydi, deyiladi qarorda. Yagona harbiy ro‘yxatga olish reyestrini yaratishni nazarda tutuvchi qonun prezident Vladimir Putin tomonidan o‘tgan yilning aprel oyida imzolangan edi. Uning ishlab chiqilishi Rossiyada Ukrainadagi urush uchun e’lon qilingan safarbarlik fonida boshlandi. Qonun chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, elektron chaqiruv qog‘ozlari bu yilgi bahorgi chaqiruv paytida ham yuborilgan. 

1 noyabrdan elektron chaqiruv tizimi ishga tushadi 

Harbiy xizmatga majburlarni reyestrdagi har qanday o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor qilishning asosiy tizimi «Davlat xizmatlari» bo‘ladi, deyiladi qarorda. Portal orqali olingan chaqiruv topshirilgan hisoblanadi, agar u e’tiborga olinmasa, cheklovlar qo‘llanadi. 

Agar shaxs ro‘yxatga olinganidan keyin 7 kun ichida elektron chaqiruv bo‘yicha harbiy komissarlikka kelmasa, u avtomatik ravishda Rossiyadan chiqib ketish, chet el pasportini olish, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalar, transport vositalarini boshqarish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek kreditlar olish huquqini yo‘qotadi. 

«Hozirga qadar harbiy xizmatga chaqiriluvchilar qonunchilikda taqiqlanganiga qaramay, mamlakatdan xavfsiz chiqib ketishi mumkin edi. Bu harbiy komissarlik va chegara xizmati o‘rtasida harbiy xizmatga chaqiriluvchilar haqida ma’lumot almashish kanali yo‘qligi tufayli mumkin bo‘lgan. Reyestr ishga tushirilishi bilan chaqiruv qog‘ozi jo‘natilgan chaqiriluvchilar harbiy komissarlikka kelguniga qadar mamlakatni tark etish imkoniyatidan avtomatik ravishda mahrum bo‘ladi», — deyiladi «Voyennyye advokaty» loyihasida. 

Ko‘proq yangiliklar: