Rossiya kompaniyalari raketalar va dronlarni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan tantal kondensatorlarini bir qator davlatlar, shu jumladan Ukraina ittifoqchilari orqali import qilyapti. Bu haqda The Insider 27 aprel kuni chop etgan surishtiruvda aytiladi.
Nashr ta’kidlaganidek, tantal kondensatorlar elektronikaning ajralmas elementi bo‘lib, Rossiyada deyarli ishlab chiqarilmaydi. Biroq, sanksiyalarga qaramay, mamlakatda biron bir sanoat, hatto harbiy soha ham ularning yetishmovchiligiga duch kelmayapti. «Bunday kondensatorlar deyarli har qanday elektronikada ishlatilishi mumkin bo‘lsa-da, import qilingan qismlar Rossiya Ukrainaga qarshi ishlatadigan kamikadze-dronlar, «Korsar» razvedka uchuvchisiz uchoqlari va X-101 raketalari kabi qurollarda qo‘llanyapti», - deb yozadi jurnalistlar Ukrainada urib tushirilgan Rossiya uskunalari tahliliga tayanib.
Aniqlangan raketa va dron qismlari orasida Kyocera AVX, Vishay va KEMET Corporation tomonidan ishlab chiqarilgan kondensatorlar bor. Ushbu kompaniyalarning barchasi AQShda bosh ofislariga ega, ammo ularning mahsulotlari qayta sotish tarmog‘i tufayli Rossiya Federatsiyasiga oqib borishda davom etmoqda.
Salvador, Isroil va Meksikadan olingan qismlar
Kondensatorlar eksporti bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘rinlardan biri Salvadorga tegishli bo‘lib, u erda Kyocera AVX yapon-amerika zavodi joylashgan. The Insider ma’lum qilishicha, Rossiya raketalari Salvadorda ishlab chiqarilgan Kyocera AVX kondensatorlari bilan jihozlangan. 2021 yilda barcha kondensator ta’minotining chorak qismi Rossiya Federatsiyasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri Salvadordan kelgan. Endi ular, ehtimol, Xitoy orqali olib o‘tilmoqda - 2023 yilda Xitoydan Rossiyaga kelgan kondensatorlarning katta qismi bojxona ma’lumotlar bazalarida «ishlab chiqarilgan mamlakat» ustunida «Salvador» deb ko‘rsatilgan.
Isroildagi zavodda yaratilgan Vishay Amerika mahsuloti Rossiya Federatsiyasiga asosan Xitoy va Hongkongdan, shuningdek, Kipr va Vengriyadan keladi. Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilda Isroilning Vishay zavodida ishlab chiqarilgan taxminan 1,3 million dollarlik tantal kondensatorlari Rossiyaga yetib borgan. The Insider nashrining Rossiya qurollarida Vishay kondensatorlaridan foydalanilishi haqidagi savoliga javoban kompaniya Ukrainada urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay Rossiya Federatsiyasiga yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yganini bildirdi.
Kemet Amerika mahsuloti ishlab chiqarish joyi hisoblanuvchi Meksika tantal kondensatorlarini Rossiyaga import qilish bo‘yicha uchta yetakchidan biri bo‘lib turibdi. 2023 yilda, The Insider ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga kamida 6 million dollarlik Kemet tantal kondensatorlari import qilingan. Kondensatorlar Vengriyaga Hongkongdan keladi va keyinchalik Vengriyaning Matrix Metal Group kompaniyasi yordamida Rossiyaga import qilinadi.
Litva brokerlarining yordami
Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, Litva bojxona brokerlari Rossiya Federatsiyasiga tantal kondensatorlarini hamda boshqa sanksiya ostidagi tovarlarni olib kirishda yordam beradi. Nashr Litvaning kondensatorlarni yetkazib berishda ishtirok etgan ikkita kompaniyasi - Vinges Terminalas va Autoverslo Logistika kompaniyalarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Ular nafaqat bojxona hujjatlarini rasmiylashtiribgina qolmay, balki qismlarni Litvaga olib kirib, keyinchalik ularni Rossiyaga olib ketgan. Kompaniyalar jurnalistlarning so‘rovlariga javob bermadi.