O‘zbekistonning O‘sh shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan vaqtincha ishlash uchun xorijga chiqib ketgan vatandosh xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini har tomonlama himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar qildi "Dunyo".
Xususan, 2022 yilda Qirg‘izistonda vafot etgan turmush o‘rtog‘ining o‘limi to‘g‘risidagi guvohnoma va boshqa hujjatlarini olish uchun O‘sh viloyatiga kelib, o‘zining pasporti va shaxsiy buyumlarini yo‘qotgan hamda pulsiz qiyin ahvolda qolgan 1968 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi R.R.ga konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatildi. Jumladan, unga vatanga qaytish guvohnomasi to‘lovsiz rasmiylashtirildi va O‘zbekistonga qaytishida amaliy yordam berildi.
Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning boshidan buyon 300 ga yaqin xotin-qizlarga va o‘zbekistonlik talabalarga turli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Murojaatlarning aksariyati xorijiy mamlakat vizasini rasmiylashtirish, ro‘yxatdan o‘tish, vatanga qaytish guvohnomasi olish, shuningdek, oilaviy-maishiy muammolar, farzandlar yoki mol-mulkni taqsimlash va boshqa masalalarga oid bo‘lyapti.
Bosh konsulxona huzurida konsullik okrugiga kiruvchi O‘sh, Jalolobod va Batken viloyatlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan yoki oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan faol, tadbirkor, ijodkor, tashabbuskor xotin-qizlar, talaba yoshlardan iborat ishchi guruh tuzilgan. Mazkur ishchi guruh ko‘magida turli bayram tadbirlari, davra suhbatlari va uchrashuvlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.