Fransiya tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne Germaniyani Yevropa mudofaa sanoatini mustahkamlash uchun birgalikda harakat qilishga chaqirdi. «Yevropa mudofaasi qurilishining har bir bosqichida bo‘lgani kabi, Fransiya va Germaniya maqsadlarni belgilash, tez va qat’iy harakat qilish uchun birgalikda mas’ul bo‘lishi lozim», dedi Sejurne 29 aprel, dushanba kuni Germaniyaning Die Welt gazetasiga bergan intervyusida. U shu tariqa Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bir necha kun oldin aytgan tezislarni qaytardi.
Fransiya TIV rahbari qo‘shimcha qilishicha, YeIning ikkala yetakchi davlati ham avval ham «ambitsiyali loyihalarni amalga oshirgan», jumladan, «koronavirus pandemiyasi davrida Yevropani tiklash rejasi»ni ishlab chiqqan.
Sejurne «Yevropa darajasida qurol tizimlarini standartlashtirish»ga chaqirdi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, maqsad - harbiy materiallardan barcha davlatlar tomonidan muammosiz foydalanish. «Bu NATOning Yevropa komponentini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lardi», dedi Sejurne. U Qo‘shma Shtatlar yaqin ittifoqchi bo‘lib qolishi, lekin Yevropa o‘zining «suvereniteti va strategik avtonomiyasi»ni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
Makron: Yevropa ishonchli mudofaa konsepsiyasiga muhtoj
Emmanuel Makron 25 aprel kuni Sorbonna universitetida so‘zlagan nutqida «qo‘shnilari»ning tajovuzkorligi munosabati bilan Yevropa o‘zi uchun ishonchli mudofaa strategik konsepsiyasini yaratishi kerakligini aytdi. «Yevropa o‘zi uchun qadrli bo‘lgan narsani ittifoqdoshlari bilan birga yoki yolg‘iz himoya qila olishi lozim», dedi Fransiya prezidenti.
Makron Rossiyaning Ukrainadagi urushini «bugungi kunda Yevropa xavfsizligiga asosiy tahdid» deb atadi. «Kuchli Evropa - bu hurmatga sazovor va xavfsiz bo‘lgan Yevropa», dedi u.
Bundan tashqari, Makron «xavfsizlik va mudofaa sohalarida bo‘lajak Yevropa harbiy va fuqarolik yetakchilarini tayyorlash uchun» Yevropa harbiy akademiyasini yaratish tarafdori. U, shuningdek, 2025 yilgacha «tezkorlikda» joylashtirilishi mumkin bo‘lgan harakat kuchlarini tuzishga chaqirdi.
Germaniya va Fransiya MGCS tankini ishlab chiqarishga qaror qildi
Germaniya va Fransiya yangi avlod MGCS (Main Ground Combat System) tankini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashladi. 26 aprel kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius va uning fransiyalik hamkasbi Sebasten Lekornyu Parijda ikki davlat mudofaa korxonalari o‘rtasida mas’uliyatni teng taqsimlashni nazarda tutuvchi anglashuv memorandumini imzoladi.
«Bu yana bir muhim bosqich», dedi Pistorius. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya va Fransiya 2017 yilda boshlagan qo‘shma loyiha ikki davlatning «chuqur aloqasi va do‘stligi»ni ta’kidlaydi. Gap mavjud tanklarni yanada rivojlantirish haqida emas, balki «butunlay yangi narsa» haqida ketyapti, dedi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish «imkoniyatlar bo‘yicha aniq sifat ustunligi»ni bildiradi.
Loyiha ishtirokchilarining majburiyatlari aniq qanday taqsimlanishi haqida xabar berilmagan. Biroq, Lekornyu fikricha, bu imzolangan kelishuvning eng muhim jihati emas. «Eng muhimi, Germaniya va Fransiya 2040 yilda bir xil tankka ega bo‘ladi», dedi u.