London Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlarini 450 ming kishi atrofida baholamoqda

Jahon 10:34 / 29.04.2024 3825

Britaniya Ukrainadagi urushda Rossiyaning yo‘qotishlarini 450 ming kishi atrofida baholayapti, ular halok bo‘lgan yoki yaralangan. Bu ma’lumotni qirollik qurolli kuchlari vaziri Leo Dokerti taqdim etdi, deb yozadi 27 aprel kuni UK Defence Journal.

Dokerti Britaniya parlamenti a’zosi Jon Xilining Ukrainada jang qilayotgan rossiyalik harbiylar soni va Rossiya armiyasining yo‘qotishlari haqidagi savoliga javob berdi. «Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, 450 mingga yaqin rossiyalik askar halok bo‘lgan yoki yaralangan, mojaro boshlanganidan beri yana o‘n minglab askarlar frontdan qochib ketgan», - deya vazirning javobidan iqtibos keltiradi UK Defence Journal. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyalari (XHK)da xizmat qilgan halok bo‘lgan harbiylar soni aniq emas. 

«Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, Ukraina tomonidan 10 mingdan ortiq rus zirhli texnikasi, shu jumladan 3000 ga yaqin asosiy jangovar tanklar, 109 samolyot, 136 vertolyot, 346 ta uchuvchisiz uchish apparati, 23 ta barcha toifadagi dengiz floti kemalari hamda 1500 dan ortiq barcha turdagi artilleriya tizimlari yo‘q qilingan, tashlab ketilgan yoki qo‘lga olingan», dedi vazir. 

Rossiya Ukrainadagi yo‘qotishlarni oshkor qilmayapti 

Rossiya hukumati Ukrainadagi armiya yo‘qotishlarini oshkor etmayapti. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Berns 30 yanvar kuni Amerikaning Foreign Affairs nashri uchun o‘zining ruknida Rossiya armiyasining umumiy yo‘qotishlarini 315 ming kishi deb baholagandi.

Aprel oyi boshida BBC rus xizmati va «Mediazona» nashri jurnalistlari ko‘ngillilar jamoasi ko‘magida ochiq manbalarga asoslanib, harbiy harakatlar boshlanganidan beri halok bo‘lgan 50 016 nafar rossiyalik harbiyning ismini aniqladi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, tasdiqlangan yo‘qotishlarning qariyb 18 foizi mahbuslar, 13 foizi frontga ketgan ko‘ngillilar va 12 foizi safarbar qilinganlardan iborat. Jurnalistlar ta’kidlashicha, ochiq manbalarda barcha harbiy o‘limining yarmini oshkor qilinishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: