Irlandiya muhojirlarni Britaniyaga chiqarib yuborish uchun qonunni o‘zgartiradi

Jahon 10:07 / 29.04.2024 1424

Yevropa Ittifoqiga a’zo Irlandiya Britaniyadan mamlakatga kirib kelayotgan boshpana izlovchilar oqimi fonida o‘zining migratsiya qonunchiligini isloh qilish niyatida, deb yozadi AFP 28 aprel, yakshanba kuni Irlandiya OAVga tayanib. 

Xabarda, xususan, Irlandiya adliya vaziri Xelen Makenti shu hafta hukumatga tegishli tuzatishlar loyihasini taqdim etishi aytiladi. Ushbu hujjat, birinchi navbatda, kelib chiqishi xavfsiz mamlakatlar deb hisoblangan va muvaffaqiyatsiz boshpana izlovchilarni qaytarish uchun mos bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqadi. 

Bundan tashqari, Makenti boshpana izlovchilarni Britaniyaga deportatsiya qilish imkoniyati bo‘yicha takliflar kiritishi kutilmoqda. Ushbu masalani muhokama qilish uchun Irlandiya vaziri 29 aprel kuni Londonga tashrif buyuradi va Britaniya IIV rahbari Jyeyms Kleverli bilan uchrashadi, deb yozadi AFP. 

Irlandiya Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, boshpana izlovchilarning 80 foizi Shimoliy Irlandiyadan mamlakatga kiradi. U Britaniyaning bir qismi va shuning uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo hisoblanmaydi.

Britaniyadan Ruandaga muhojirlarni olib chiqish to‘g‘risidagi qonun loyihasi 

23 aprel kuni Britaniya parlamentining yuqori palatasi hukumat bosimi ostida Britaniya hududini noqonuniy kesib o‘tgan migrantlarni Afrikaning Ruanda davlatiga deportatsiya qilish haqidagi bahsli qonun loyihasini qabul qildi. Qonun loyihasiga ko‘ra, Buyuk Britaniyaga noqonuniy kirgan barcha migrantlar Ruandaga tijorat reyslari orqali deportatsiya qilinadi, ular u yerda boshpana so‘rashi mumkin. 

Ular Buyuk Britaniyaga qaytarilmaydi. Hukumat bu choralar bilan yiliga o‘n minglab noqonuniy migrantlar oqimini to‘sib qo‘ymoqchi va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi kontrabandachilar biznesini yo‘q qilmoqchi. 

Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak parlament 23 aprelgacha qonunni ma’qullashi kerakligini ta’kidlab, «Hech qanday «ammo, lekin» bo‘lmaydi, bu reyslar Ruandaga jo‘natiladi», degan edi.  

Irlandiyada so‘nggi oylarda mamlakatda muhojirlar uchun xostellar tashkil etilishiga qarshi ko‘plab norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. 

Ko‘proq yangiliklar: