Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin ham Rossiya bozorida qolgan eng yirik g‘arb banklari 2023 yilda Rossiya Federatsiyasi davlat budjetiga 800 million yevro soliq to‘ladi. Bu urushdan oldingi darajadan to‘rt baravar ko‘p, deb yozadi 29 aprel, dushanba kuni Financial Times.
Nashrga ko‘ra, Rossiyadagi aktivlari bo‘yicha Yevropaning yetti yirik banki – Raiffeisen Bank International (RBI), UniCredit, ING, Commerzbank, Deutsche Bank, Intesa Sanpaolo va OTP 2023 yilda jami 3 milliard yevrodan ortiq foyda ko‘rganini ma’lum qilgan. «Ushbu foyda 2021 yilga nisbatan uch baravar ko‘p bo‘ldi va qisman banklar mamlakatdan olib chiqa olmaydigan mablag‘lardan olingan», — deya ta’kidlaydi jurnalistlar.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa banklari tomonidan Rossiya budjetiga to‘lanadigan soliqlar RF 2024 yilda noenergetika sektoridan olishi kutilayotgan barcha foydaning 0,4 foizini tashkil qiladi.
Rossiyada g‘arb banklarining mavjudligi
Rossiyada faoliyat yuritayotgan eng yirik xorijiy bank Avstriyaning Raiffeisen Bank International hisoblanadi. FT ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yildan 2023 yilgacha bankning Rossiya bozoridagi foydasi uch baravar ko‘payib, 1,8 milliard yevroga yetgan.
FT maqolasida aytilishicha, Kreml o‘tgan yili ba’zi kompaniyalar uchun qo‘shimcha foyda solig‘ini joriy qilgani natijasida muntazam soliq to‘lovlaridan tashqari, Raiffeisen 2023 yilda 47 million yevro to‘lagan.
Deutsche Bank, Vengriyaning OTP va Commerzbank Rossiyadagi mavjudligini sezilarli darajada qisqartirdi, bu RBI bilan solishtirganda kichik edi, dedi ularning vakillari gazeta so‘roviga javoban. Italiyaning Intesa banki Rossiya bozorini tark etishga eng yaqin, ammo u hali o‘zining rus biznesini sotgani yo‘q. UniCredit banki izoh berishdan bosh tortdi.
Rossiyadagi Amerika banklari
Shu bilan birga, Kiyev iqtisodiyot maktabi (KSE) Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki ma’lumotlariga asoslanib, 2023 yilda Rossiyada g‘arb banklari orasida to‘rtinchi yirik soliq to‘lovchi Amerikaning Citigroup banki bo‘lganini aniqladi. Ammo u Rossiya Federatsiyasida korporativ va chakana biznesini qisqartirgan. Qayd etilishicha, 2023 yilda ushbu bank RFda 149 million dollar foyda olgan va Rossiya budjetiga 53 million dollar soliq to‘lagan.
KSE ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning yana bir yirik banki JPMorgan Rossiyada 35 million dollar ishlab topgan va 6,8 million dollar soliq to‘lagan. Shu bilan birga, Amerika banklari haqidagi ma’lumotlar FT nashrida paydo bo‘lgan 800 million yevro miqdoriga kiritilmagan, deya ta’kidlaydi jurnalistlar.
FT iqtibos keltirgan Rossiya banklaridan birining ismi oshkor etilmagan yuqori martabali vakili RF Markaziy banki g‘arb banklarining Rossiya bozorida qolishi uchun hamma narsani qilishi, sababi hozirda Rossiyadan pul jo‘natish va SWIFT-to‘lovlarni qabul qilish mumkin bo‘lgan, sanksiyaga uchramagan banklar juda kam.