«Frontda vaziyat keskinlashdi». Sirskiy Rossiya Donetsk oblastida taktik yutuqlarga erishayotgani haqida gapirdi

Jahon 14:53 / 29.04.2024 22861

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy o‘z telegram-kanalida katta post e’lon qilib, unda frontdagi vaziyat keskinlashgani va Rossiya qo‘shinining taktik muvaffaqiyatlarga erishayotgani haqida gap borgan. Shu bilan birga, Amerikaning Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) ekspertlari Rossiya qo‘shini yaqin haftalarda, Amerikaning harbiy yordami yetib kelgunicha jiddiy taktik yutuqlarga erishishi mumkinligi, ammo Ukraina mudofaasini sindira olishi dargumon ekani haqida yozishgan.

Sirskiy o‘z postida Ukraina qurolli kuchlari uchun nisbatan eng murakkab vaziyat Donetsk oblastidagi ikki yo‘nalishda yuzaga kelgani haqida aytgan: bular Pokrovsk yo‘nalishi, ya’ni Avdiyivkadan shimoli-g‘arbda joylashgan Ocheretino aholi yashash manzili atrofi, bu yerda Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlari mudofaasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan; shuningdek, Maryinka yaqinidagi Kuraxovo shahri yo‘nalishi.

«Raqib bu yo‘nalishlarda to‘rttagacha brigadani harakatga keltirib, Avdiyivka va Maryinkadan g‘arbga yurishlarni rivojlantirishga va Pokrovsk va Kuraxovoga yo‘l ochishga harakat qilmoqda, — deya yozgan Sirskiy. — Ukraina mudofaa kuchlari  bo‘linmalari mudofaachilar hayoti va salomatligini saqlab qolib, Berdichi, Semenovka va Novomixaylovkadan g‘arbdagi yangi marralarga o‘tishdi».

Berdichi va Semenovka — Ocheretinodan uzoq bo‘lmagan hududlarda joylashgan ikki qishloq. Ukraina qurolli kuchlari ushbu qishloqlardan g‘arbga ketgani haqidagi bayonot shuni anglatadiki, RF armiyasi ushbu hududda yorib o‘tish zonasini kengaytirishga muvaffaq bo‘lgan.

«Umuman olganda, raqib bu yo‘nalishlarda ma’lum taktik yutuqlarga erishdi, ammo operativ ustunlikka erisha olmadi», — deb hisoblaydi Sirskiy.

Yakshanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi ham RF armiyasi Ocheretinodan janubi-sharqdagi Novobaxmutovka aholi yashash manzili egallangani haqida xabar bergan. Ukrain harbiylari bu ma’lumotni tasdiqlamagan, ammo Ukraina qurolli kuchlariga yaqin bo‘lgan DeepState proyekti o‘zining yangilab boriladigan xaritasida bu qishloq Rossiya nazoratiga o‘tganini ko‘rsatgan.

Rossiyaning «jiddiy ustunligi»

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni frontdagi umumiy vaziyatni shunday tasvirlagan: «Frontda vaziyat keskinlashdi. Strategik tashabbusni qo‘lga olib, front chizig‘ini yorib o‘tishga uringan dushman asosiy sa’y-harakatlarini bir necha yo‘nalishga jamlab, kuch va vositalarda o‘zi uchun jiddiy ustunlik yaratdi. Butun front chizig‘i bo‘ylab faol hujum qilinmoqda, ayrim yo‘nalishlarda — taktik yutuqlarga erishilgan».

Oleksandr Sirskiy joriy yil boshida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni bo‘lgandi. Foto: Reuters

Shu bilan birga, Sirskiy vaziyat tez o‘zgaruvchanligi, «alohida pozitsiyalar kun davomida bir necha bor „qo‘ldan qo‘lga o‘tayotgani“, bu esa vaziyatni mavhumlashtirayotgani»ni ta’kidlagan.

Janubda ham keskinlik yumshayotgani yo‘q, Rossiya qo‘shini Zaporijjya va Xerson oblastlarida ham oldinga siljishga urinmoqda, ammo, Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar bu yo‘nalishlarda muvaffaqiyatga erisha olmagan.

«Dushman shoshilinch tarzda Ukraina Shimolida yurish harakatlariga tayyorlanayotganining belgilari yo‘q, — deya qayd etgan bosh qo‘mondon. — Shu bilan birga, raqibning Xarkiv yo‘nalishidagi qo‘shinlari soni oshirilib, qayta guruhlanayotganini kuzatmoqdamiz».

Sirskiy shuningdekk ukrain va rus qo‘shinlari Dnipro sohili atrofidagi hududlar uchun jang qilayotgan Xerson oblastida Ukraina qurolli kuchlari oldinga yurishga muvaffaq bo‘lgani va Nestriga orolini o‘z nazoratiga olganini aytgan.

Ukrainadagi Rossiya kuchlari ukrainlarda o‘q-dori va yangi askarlar yetishmasligi fonida ayrim muvaffaqiyatlarga erishdi. Ukrain harbiylari taxminan yarim yil mobaynida Kiyevning eng kuchli ittifoqchisi AQShdan yangi harbiy yordam ololmadi; mamlakat parlamenti ham faqat aprel oyiga kelib safarbarlik to‘g‘risidagi qonunga tuzatishlarni ma’qulladi, bu orqali endi armiyaga yangi kuchlarni jalb etish mumkin bo‘ladi.

Rossiya shuningdek Ukraina bo‘ylab raketa zarbalarini kuchaytirishga va mamlakatdagi bir necha yirik elektr stansiyalarni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi — ukrainlarning havo hujumidan mudofaa kuchlari zenit raketalar, jumladan g‘arb tomonidan ishlab chiqarilgan raketalar yetishmovchiligi tufayli kuchsizlangan.

Tahlilchilar nima demoqda?

Amerikaning Urushlarni o‘rganish instituti (ISW)ning so‘nggi tahlillaridan birida yaqin haftalarda, Ukraina Amerika yordami frontga yetib kelishini kutib turganida, Rossiya qo‘shini, katta ehtimol bilan, jiddiy taktik yutuqlarga erishishi, ammo ukrain mudofaasini sindirishi dargumon ekani aytilgan.

Aprel oyida Amerika Kongressi Kiyevga jami 61 mlrd dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketini ajratishni ma’qulladi. Pentagon allaqachon 1 mlrd dollarlik yordamning birinchi partiyasini yuborgan va yana 6 mlrd dollar Amerikadagi korxonalardan Ukraina uchun qurol-yarog‘ sotib olishga ajratilishini e’lon qilgan.

ISW ekspertlari hisoblashicha, AQShdan kelayotgan yangi yordam ukrain qo‘shinlariga moddiy resurslar yetishmovchiligi muammosini hal qilish va Rossiyaning davom etayotgan yurish harakatlarini sekinlashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, Rossiya kuchlari, aftidan Amerika yordami yetib kelmasidan ukrainlar mudofaasini beqarorlashtirishga qaratilgan harakatlarni faollashtirib, o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga kirishgan.

Amerikalik tahlilchilar davom etishicha, Rossiya kuchlarida Avdiyivka hududida muhim taktik yutuqlarga erishish va Chasiv Yarni (Ukraina mudofaasining Donetsk oblastidagi muhim tayanchi) egallash orqali operativ jihatdan muhim maqsadga erishish imkoniyatiga ega.

Ammo katta ehtimol bilan bu urinishlardan hech biri Donetsk oblastida Ukraina mudofaa chizig‘ini qulatish u yoqda tursin, yaqin istiqbolda ham frontda operativ yorib o‘tishga aylanmaydi, deb hisoblaydi ISW ekspertlari.

U yerdagilar qayd etishicha, bu yil yozda Ukraina qurolli kuchlarining yaxshi ta’minotga ega kuchlari Rossiya amalga oshirishi kutilayotgan yurish harakatlari vaqtida operativ yorib o‘tishning oldini olishga qodir bo‘ladi. Ammo Rossiya qo‘shini yozda ham Ukrainaga jiddiy xavf tug‘dirishda davom etadi.

Shu bilan birga, rossiyaliklar Ukrainada joylashtirish mumkin bo‘lgan zamonaviy va samarali texnikalar zaxirasiga ega emas, Rossiya qo‘shinlari va qismlarining umumiy jangovar samaradorligi esa pasayishda davom etmoqda, deyilgan hisobotda.

Yozgi kampaniya qanday bo‘ladi?

Rossiya kuchlari qisman texnika va jonli kuchlar bo‘yicha son jihatdan ustunliklariga tayanadi va ISW tahlilchilari fikriga ko‘ra, songa urg‘u qaratilishi (sifatdan qat’i nazar) Rossiya armiyasiga shu vaqtga qadar qator taktik yutuqlar olib kelgan va yozgi kampaniyada ham Rossiya son ustunligiga tayanadi.

Bundan tashqari, rossiyaliklar asta-sekinlik bilan operativ rejalashtirishdagi o‘tmish xatolaridan saboq chiqarishmoqda.

Katta ehtimol bilan, yozgi yurish frontning nisbatan kengroq uchastkasi bo‘ylab o‘tkaziladi, deb hisoblaydi ISW’dagilar.

Rossiya kuchlari boshqariluvchi bombalarni ommaviy qo‘llashni boshlagan, bu esa Ukraina havo hujumidan mudofaa qobiliyati yaxshilanayotganiga qaramay, kelayotgan yozda Rossiyaning quruqlikdagi amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlashda hal qiluvchi rol o‘ynashda davom etadi.

ISW tahlilchilari qayd etishicha, rossiyaliklar o‘z kuchlarini keng ko‘lamli texnologik takomillashtirishda davom etmoqda va Amerika yordami to‘liq hajmda Ukraina qurolli kuchlariga yetib kelguniga qadar bu yangiliklardan foydalanishga tayyorlanmoqda.

Ammo bu texnologik moslashuv hali taktik darajada yakunlanmagan, bu esa Ukraina qurolli kuchlari uchun imkoniyatlar oynasini ochadi, deb hisoblaydi ekspertlar.

Katta ehtimol bilan, Ukraina yaqin oylarda frontni barqarorlashtiradi va 2024 yil oxirida yoki 2025 yil boshida cheklangan qarshi hujum amaliyotlarini boshlashi mumkin, deyiladi ISW tahlilida.

Ko‘proq yangiliklar: