Estoniya, Latviya va Litva tashqi ishlar vazirlari Boltiq dengizi mintaqasida GPS sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimining bostirilishi tufayli samolyotlar halokati xavfi kuchayishi haqida ogohlantirdi va bunda Rossiyani aybladi. Bu haqda 29 aprel, dushanba kuni Financial Times yozmoqda.
«Rossiya chegaralari yaqinidagi Boltiqbo‘yi mintaqasida vaziyat juda xavfli bo‘lib bormoqda», - dedi Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis.
«Biz GPS bilan sodir bo‘layotgan voqeani Rossiyaning dushman harakatlari bir qismi sifatida ko‘rmoqdamiz va biz buni ittifoqchilarimiz bilan albatta muhokama qilamiz», dedi Estoniya tashqi ishlar vazirligi rahbari Margus Tsaxkna. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar «gibrid hujum bo‘lib, xalqimiz va xavfsizligimizga tahdid soladi, biz bunga toqat qilmaymiz».
Latviya tashqi ishlar vaziri Bayba Brajyening qo‘shimcha qilishicha, Boltiqbo‘yi mamlakatlari GPS bilan bog‘liq «hodisalar»ga jiddiy yondashadi va bu masala bo‘yicha «boshqa davlatlardagi hamkasblari bilan aloqada».
GPS’dagi nosozlik ikkita fin samolyotining Estoniyaga yetib borishiga to‘sqinlik qildi
25 va 26 aprel kunlari Finnair Finlandiya milliy aviakompaniyasining Helsinkidan Estoniyaning Tartu shahriga uchayotgan ikkita samolyoti GPS tizimidagi nosozliklar tufayli Finlandiyaga qaytishga majbur bo‘ldi.
Mutaxassislarning baholashicha, so‘nggi oylarda o‘n minglab fuqarolik reyslari GPS ishidagi nosozlikdan zarar ko‘rgan. Boltiq dengizi hududidagi barcha navigatsiya tizimi foydalanuvchilariga ta’sir qilgan holat, shuningdek, kemalar tomonidan ishlatiladigan signallarning uzatilishiga ham to‘sqinlik yaratdi.
FT bilan suhbatlashgan ekspertlar GPS signallari nisbatan arzon uskunalar yordamida bostirilishi mumkinligini qayd etdi.
Hech bir davlat GPS ishiga xalaqit bergani uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi, biroq Boltiqbo‘yi mintaqasida Rossiya shu yo‘l bilan Kaliningradni Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining ehtimoliy hujumlaridan himoya qilishga urinmoqda, deb ishoniladi. Kreml jurnalistlarning izoh so‘rashiga javob bermadi.
2024 yil mart oyida Britaniya mudofaa vaziri Grant Shepps bortida bo‘lgan Qirollik harbiy-havo kuchlari samolyoti Polshadan qaytib, Kaliningrad yaqinida parvoz qilayotganda GPS signalini yo‘qotgandi.