Saudiya Arabistoni yakshanba kuni Isroil va Hamas o‘rtasida davom etayotgan urushning global iqtisodiyotga ta’siri haqida ogohlantirarkan, mintaqaviy «barqarorlik»ka chaqirdi. Ar-Riyodda Jahon iqtisodiy forumining ikki kunlik maxsus yig‘ilishi o‘tkazilmoqda, unda G‘azodagi mojaroni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan vositachilar ham qatnashmoqda.
Sammit ishtirokchilari orasida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham bo‘ladi, u arab yetakchilari bilan muzokaralarning navbatdagi raundida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga uchgan. Davlat departamenti u mojaro kengayishining oldini olish zarurligiga urg‘u berishini aytgan.
Shuningdek falastinlik yetakchilar hamda Isroil va Hamas o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishda vositachilik qilishga harakat qilayotgan boshqa mamlakatlarning yuqori martabali mulozimlari taklif etilgandi.
G‘azodagi urush, shuningdek Ukrainadagi va boshqa mamlakatlardagi mojarolar «iqtisodiy» kayfiyatga «juda kuchli» bosim ko‘rsatmoqda, degan Saudiya Arabistoni moliya vaziri Muhammad al-Jadaan forumdagi ilk muhokamalardan birida.
«O‘ylaymanki, mamlakatlar, yetakchilar va odamlar sovuqqonroq bo‘lib, vaziyat haqiqatan ham yumshatilishiga ishonch hosil qilishi kerak. Mintaqaga barqarorlik darkor», — degan Jadaan.
«Bugun dunyo xavfsizlik va farovonlik o‘rtasidagi muvozanatni topishga harakat qilib, tor kanat yo‘lidan yurmoqda, — degan Saudiya Arabistoni rejalashtirish vaziri Feysal al-Ibrohim shanba kungi matbuot anjumanida. — Biz bitta noto‘g‘ri mulohaza, noto‘g‘ri hisob yoki biror tushunmovchilik muammolarimizni yanada chuqurlashtirganida uchrashamiz».
Jahon iqtisodiy forumi prezidenti Borge Brende «garovdagilar bo‘yicha muzokaralarda, shuningdek… G‘azodagi boshi berk ko‘chadan chiqish ehtimoli bo‘yicha muzokaralarda yangi impuls ko‘zga tashlanayotgani»ni aytgan.
Ammo Isroil sammitda ishtirok etmaydi va Brendening qayd etishicha, Qatar va Misr ishtirokidagi vositachilik sammitda rasman muhokama etilmayapti. O‘z navbatida, G‘azodagi gumanitar vaziyat, shuningdek Hamas va Livandagi «Hizbolloh»ni qo‘llayotgan Eron masalasi muhokama qilinadi, deya qo‘shimcha qilgan u.
Shanba kuni Hamas ular hali tirikligini ko‘rsatish uchun garovdagilarning ikki nafari ishtirokidagi videoni namoyish etdi, Isroilda esa kelishuv talabi bilan yirik namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Hamas vakillari Isroilning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi taklifini o‘rganayotganini ma’lum qilgan. Bir kun oldinroq OAVda Misr delegatsiyasi boshi berk ko‘chaga kirib qolgan muzokaralarni tiklashga urinish uchun Isroilga yetib kelgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.
Rafah shturmi
Sammitda chiqish qilgan Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos faqat Qo‘shma Shtatlar Isroilni Rafahga hujum qilishdan qaytarishi mumkinligini aytib, hujum yaqin kunlarda amalga oshirilishi kutilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats agar Hamas garovdagilarni qo‘yib yuborishga rozi bo‘lsa, G‘azo janubidagi Rafah shahriga rejalashtirilgan yurish to‘xtatilishi mumkinligini aytdi.
Isroillik harbiylar o‘tgan hafta boshida agar TsAHAL millionga yaqin falastinlik boshpana topgan Rafahga yurish boshlasa, ko‘proq tinch aholi vakillarini qabul qilish mumkin bo‘lishi uchun sohildagi «gumanitar zona» kengaytirilishini ma’lum qilgandi. Bu bayonotdan keyin Isroil o‘tkazilishi zarurligi haqida anchadan buyon aytib kelayotgan, ammo amaliy harakatlar boshlanmagan Rafahga yurish jahon hamjamiyati bosimiga qaramay yaqin vaqtlar ichida boshlanishi mumkinligi to‘g‘risidagi xavotirlarni paydo qildi.
Isroil Hamasdan kelayotgan harbiy tahdidni bartaraf etish uchun G‘azo va Misr chegarasida joylashgan Rafahga hujum qilishi zarurligini ma’lum qilgan. Isroillik harbiylar Hamasning 24 batalyonidan 20 tasini yo‘q qilgani va hozirda Rafahda joylashgan qolgan jangovar tuzilmalar ham yo‘q qilinishi lozimligini aytishgan.
Isroilliklar Hamas oliy harbiy rahbariyati va jangarilarni yo‘q qilishdan tashqari guruh 7 oktyabrdan buyon garovda ushlab turgan 129 kishini topishni ham istaydi, ularning ko‘pchiligi aynan Rafahda ekani taxmin qilinadi.
Baydenning ma’muriyati bir necha bor Isroilni Rafahda yirik harbiy amaliyot o‘tkazishdan tiyilishga chaqirgan.
«Prezident Bayden juda aniq qilib aytdi: biz Rafahda yirik harbiy amaliyot o‘tkazilishini qo‘llay olmaymiz», — degandi o‘tgan haftada Entoni Blinken. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadam shaharda qolgan tinch aholi vakillari uchun «dahshatli oqibatlarga ega bo‘ladi», Isroil esa, uning fikricha, o‘z harbiy maqsadlariga boshqa usullar bilan ham erishishi mumkin.
G‘azo sektoriga yordamning katta qismi Rafah hududidagi ikkita nazorat-o‘tkazish punktlari orqali kirib keladi. Ayni vaqtda bu yerda BMT agentliklari va boshqa yordam guruhlari joylashgan, shuningdek ko‘plab shifoxona va klinikalar ishlamoqda. Yordam, ayniqsa oziq-ovqat yetkazib berilishidagi har qanday to‘xtalish halokatli oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin. BMT va boshqa xalqaro gumanitar tashkilotlar G‘azo ochlik yoqasida turganidan ogohlantirishmoqda.