Saloh va Klopp hammaning oldida bahslashdi. «Liverpul»da yana yo‘qotish

Sport 09:46 / 28.04.2024 19433

27 aprel «Liverpul» uchun voqealarga boy kun bo‘ldi. Shu kuni ertalab insayder Fabritsio Romano mavsum yakunida klubni tark etadigan Yurgen Klopp o‘rniga niderlandiyalik mutaxassis, bu mavsumda «Feyyenoord»da ishlayotgan Arne Slot kelishini e’lon qildi. Kunning ikkinchi qismida esa «Liverpul» safarda «Vest Hem» bilan durang o‘ynab (2:2), amalda chempionlik poygasini butunlay tark etdi. Ammo bu hammasi emas.

«Vest Hem» – «Liverpul» – 2:2
Gollar: 1:0 – 43 Bouen, 1:1 – 48 Roberson, 1:2 – 65, avtogol Areolya, 2:2 – 77 Antonio.
«Vest Hem» – Areolya, Tsoufal, Ogbonna, Zuma, Emerson, Souchek (Uord-Prouz, 74), Lukas Paketa, Alvares, Quddus, Bouen, Antonio.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold (Gomes, 79), van Deyk, Kuansa, Roberson, Endo (Nunes, 79), Mak Allister, Gravenberh, Elliott, Dias (Saloh, 79), Gakpo.
Ogohlantirishlar: Endo (30), Mak Allister (90+5).

APLning 35-turiga kelib shunday vaziyat yuzaga keldiki, «Liverpul» amalda chempionlik uchun imkoniyatlarini yo‘qotdi. Va bu holat jamoa ichki muhitiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatgani ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, jamoada motivatsiya qolmagan - Chempionlar ligasi yo‘llanmasi deyarli kafolatlangan. Shunday fonda Yurgen Klopp jamoasi yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Vest Hem» mehmoni bo‘ldi. Agar «Siti» Angliya Kubogi finalida «MYu»dan ustun kelsa, beshinchi va oltinchi o‘rin egalari Yevropa Ligasiga yo‘llanma oladi, yettinchi o‘rin egasi Konferensiyalar ligasida ishtirok etadi.

«Liverpul» Londondagi o‘yinni bir qancha yetakchilari – Muhammad Saloh, Darvin Nunes va Dominik Soboslaisiz boshladi. Natijada birinchi bo‘limda hujum markazida ko‘pincha Harvi Elliott paydo bo‘ldi, uning zarbalari esa o‘xshamadi. Tashabbus «Liverpul» qo‘lida bo‘lsa-da, «Vest Hem» ham muntazam ravishda qarshi hujumlar uyushtirib, top-klubga qarshi qanday o‘ynash kerak bo‘lsa, shunday harakatlandi. Qolaversa, jamoa hujumida korpus bilan a’lo darajada harakatlanib, to‘pni o‘zida saqlay oladigan Maykl Antonio tushgandi. Shuningdek, dribling evaziga ochiq hududlarga qochib ketishi mumkin bo‘lgan Muhammad Quddus ham ilk daqiqalardan o‘ynadi.

O‘yin «Liverpul» hisobni ochishiga qarab borayotgandi. Mehmonlarni kichik ofsayd penaltidan mahrum etdi, 40-daqiqada esa Luis Diasning xavfli zarbasi ustunga tegdi. Ammo tanaffus arafasida baribir mezbonlar o‘z maqsadiga erishdi. Ular bo‘limning katta qismida shoshilmay harakatlandi, bunday raqibga qarshi durang hisob ham qoniqarli edi. Ammo 43-daqiqada «Vest Hem» burchak zarbasidan keyin to‘pni tezlik bilan o‘yinga kiritganida, «Liverpul» jarima maydonidagi besh futbolchi bunga tayyor emasligi ko‘rinib qoldi.

«Liverpul» Chempionlar ligasida «Barselona»ga qarshi o‘yinda shunday holatda afsonaviy gol urgandi. Faqat bu vaziyatda ikki emas, uch futbolchi ishtirok etdi, to‘p burchakdan uzatilganidan keyin Quddus uni Jarrod Bouenning boshiga tashlab berdi. Bu jarima zarbasini ham aynan ushbu ganalik futbolchi ishlab olgandi. Bu mavsumda «Liverpul» navbatdagi marta birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yubordi. Ammo tanaffusdan keyin darhol javob qaytardi. E’tiborli jihati, chap qanot himoyachisi Endryu Roberson jarima maydoni markazida paydo bo‘lib, qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

Shundan keyin «Liverpul» raqibni qiynab tashladi. Buni ikkinchi bo‘lim statistikasida ham ko‘rish mumkin. Tanaffusdan keyingi 30 daqiqalikda «Liverpul»ning to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunligi 70 foizni tashkil etdi, zarbalar soni bo‘yicha hisob – 13:2 mehmonlar foydasiga. Bu oraliqda hayratlanarli gol ham urildi. Kodi Gakponing zarbasidan keyin to‘p raqibning uch futbolchisidan rikoshet orqali darvozaga bordi.

«Liverpul» bu mavsumda ko‘p bor o‘yinlarda burilish yasagan va bu safar ham 0:1 ni 2:1 ga aylantirdi. Lekin bu safar g‘alabani saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. «Liverpul» goldan keyin biroz bo‘shashdi va Bouenning uzatmasidan keyin Antonio muvozanatni tikladi – 2:2.

O‘yinning qolgan vaqtidagi eng asosiy voqea esa – Nunes yoki Gakponing zarbalari emas, Saloh va Kloppning maydon tashqarisidagi bahslashuvi bo‘ldi.

Misrlik hujumchi hozirda eng yaxshi formasida emas — Saloh 17 gol bilan liga to‘purarlari poygasida bormoqda, ammo u qariyb bir oydan buyon o‘yindan gol urmadi – «Brayton»ga qarshi 31 mart kungi o‘yindan buyon. U so‘nggi uch o‘yindan ikkitasida, jumladan «Vest Hem» bilan o‘yinda ham u zaxirada qoldirildi. Murabbiy uni 79-daqiqada maydonga tashladi, ammo u shu vaqtda Klopp bilan ochiqchasiga nizolashdi. Bu qanday sababga ko‘ra ro‘y bergani va murabbiy hamda futbolchi nima haqda gaplashgani noma’lum, ammo futbolchini u bilan birga maydonga tushayotgan jamoadoshlari Darvin Nunes va Jo Gomes tinchlantirishiga to‘g‘ri keldi. Bu epizodda Klopp Salohga yaqinlashib, unga nimadir degan, futbolchi esa bu so‘zlar umuman unga yoqmaganini faollik bilan namoyish etgandi.

Katta ehtimol bilan hujumchi o‘zining bu qadar kech maydonga tushirilishidan norozi bo‘lgan va maydonga tushishni istamagan. Chunki protokolda futbolchilar almashtirilishi 79-daqiqa deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ular tushayotgan vaqtda tabloda 82-daqiqa o‘tayotgandi.

Mersisaydliklarning sobiq futbolchisi, hozirda futbol eksperti sifatida ishlayotgan Jyeymi Karragerning versiyasi ham shunday: «Murabbiyning bu vaziyatdagi noroziligining ehtimoliy yagona sababi – bu futbolchi maydonga tushishni paysalga solgani».

Saloh qolgan vaqt ichida jamoasiga yordam bera olmadi, o‘yindan keyin mikst-zonada esa hodisani qo‘pol shaklda izohladi: «Agar men bugun gapirsam, yonadi».

Yurgen Klopp esa ancha bosiqlik qilgan: «Biz bu vaziyatni yigitlar bilan kiyim almashtirish xonasida muhokama etdik. Barchasi hal bo‘ldi. Mo ham shunday deb hisoblaydimi? Menimcha, ha».

Bu Salohning Klopp bilan ilk bor bahslashishi emas. 2021 yilda u «Chelsi» bilan o‘yinning 62-daqiqasida zaxiraga olinganiga keskinlik bilan munosabat bildirgandi. Umuman olganda, misrlik futbolchi va germaniyalik mutaxassis yetti yil samarali hamkorlik qilishdi, ammo ba’zida bunday bahslar media ko‘z o‘ngida sodir bo‘lib turadi. «Liverpul» uchun bu hodisa ikki barobar yoqimsiz, anchadan buyon Saloh Saudiya Arabistoniga ketishi haqida gaplar yurardi va endi bu yaqin oylarda ro‘y berishi ehtimoli oshdi.

Endilikda «Liverpul» APL turnir jadvalida uchinchi o‘rinda qoldi, jamoa 35 turdan keyin 75 ochko jamg‘argan. Katta ehtimol bilan oltin uchun poyga endi faqat «Arsenal» va «Manchester Siti» o‘rtasida davom etadi — Yurgen Kloppning APLdagi davri uch o‘yindan keyin yakunlanadi.

Kuchli uchlikdagi jamoalarning qolgan o‘yinlari:

Bu aprel – «Liverpul» uchun shunchaki qayg‘uli kechdi. Jamoa fanatlari Klopp bilan shunday holatda xayrlashishlarini xayollariga ham keltirmagandi.

Ko‘proq yangiliklar: