Shols yana ittifoqchilarni Ukraina havo mudofaasini kuchaytirishga chaqirdi 

Jahon 08:47 / 27.04.2024 1845

Germaniya kansleri Olaf Shols yana bir bor yevropalik ittifoqchilarni Ukrainani, jumladan, mamlakat havo mudofaasini kuchaytirishda faolroq qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. 26 aprel, juma kuni Berlinda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan uchrashuvda Shols «kerak bo‘lgan narsani qilishda davom etishimiz muhim» dedi. 

Germaniya hukumati rahbari shu munosabat bilan AQShning Ukrainaga ko‘p milliard dollarlik yordam ko‘rsatish haqidagi qarorini olqishladi. Shuningdek, u Germaniya hukumati tomonidan e’lon qilingan uchinchi Patriot zenit-raketa majmuasining Kiyevga topshirilishini ham eslatib o‘tdi. «Fursatdan foydalanib, yevropalik do‘stlarimizdan Ukraina havo mudofaasini qo‘llab-quvvatlash uchun bu borada biror narsa qila oladimi yoki yo‘qmi, shuni aniqlash uchun zaxiralarini yana bir bor ko‘rib chiqishni so‘rayman», dedi Shols. 

Uning ta’kidlashicha, Ukraina Rossiya o‘zining urushi bilan xavf ostiga qo‘yayotgan Yevropa xavfsizlik arxitekturasini himoya qilyapti. «Biz Ukrainani kerak bo‘lgunicha qo‘llab-quvvatlaymiz», deb ishontirdi kansler. 

NATO rahbari: Ittifoqchilar Germaniyadan o‘rnak olishi kerak 

Stoltenberg yana bir Patriot tizimining Ukrainaga o‘tkazilishini «boshqa ittifoqchilar amal qilishi kerak bo‘lgan namuna» deb atadi. U, shuningdek, Germaniyadan tashqari Britaniya, Niderlandiya va boshqa davlatlar tomonidan e’lon qilingan qo‘shimcha qurol yetkazib berilishi haqidagi bayonotlarni olqishladi. «Bizning mas’uliyatimiz - bu majburiyatlarni tezda yetkazib berishga aylantirish», dedi NATO bosh kotibi. 

Uning qayd etishicha, Ukraina Rossiya hujumlaridan himoyalanish uchun yettita yangi Patriot zenit-raketa tizimiga muhtoj.

Ko‘proq yangiliklar: