Davlat Dumasiga Rossiyadan noqonuniy migrantlarni chiqarib yuborishning yangi tartibini joriy qiluvchi qonun loyihasi kiritildi. Hujjat parlament quyi palatasi saytida e’lon qilindi.
Deputatlar qonunchilikka «deportatsiya rejimi» tushunchasini kiritishni taklif qilmoqda. Qonun loyihasida aytilishicha, bu «Rossiyadagi xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, mamlakatda qonuniy asoslarsiz bo‘lgan chet elliklarga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy rejim.
«Deportatsiya rejimi» mamlakatda qonuniy qolish huquqiga ega bo‘lmagan migrantlarga nisbatan qo‘llanadi. Bu shunday migrant haqidagi ma’lumotlar «Nazorat qilinadigan shaxslarning maxsus reyestri»ga kiritilgan kundan boshlab kuchga kiradi. Shu bilan birga, ushbu ma’lumot reyestrdan chiqarilgan kundan boshlab, «deportatsiya rejimi» to‘xtatiladi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, migrant «Rossiya manfaatlariga zarar yetkazuvchi faoliyatdan o‘zini tiysa» va uning qonunlari, Konstitutsiyasiga rioya qilsa, Rossiyaga kirish va mamlakatda bo‘lish huquqini saqlab qoladi.
Shunday qilib, Rossiyada qonuniy qolish uchun chet el fuqarosi:
- Rossiyaning atrof-muhitiga, tabiiy resurslariga, moddiy va madaniy qadriyatlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi;
- aholi turmush tarzi xilma-xilligini hurmat qilishi;
- fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga, davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyatiga aralashmaslik;
- mamlakatning tashqi va ichki siyosatiga aralashmaslik va boshqalar.
Reyestrga kiritilgan xorijliklar tegishli ko‘rsatma berilgan taqdirda, belgilangan muddatlarda Ichki ishlar vazirligiga kelishi shart. Shuningdek, ular taqiqlarga rioya qilishi va davlat organlarini joylashgan joyi, yashash joyining o‘zgarishi va mamlakatdan mustaqil ravishda chiqib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi sabablar to‘g‘risida xabardor qilishi shart. Shuningdek, migrantlar Rossiyadan rejalashtirilgan chiqib ketish sanasi, joyi va marshruti haqida xabar berishi kerak bo‘ladi.
Qonun loyihasi reyestrga kiritilganlar uchun quyidagi cheklovlarni nazarda tutadi:
- yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinishni taqiqlash;
- ko‘chmas mulk, avtomobillar va boshqa turdagi uskunalarni sotib olishni taqiqlash. Ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va unga bo‘lgan egalik huquqi ham cheklanadi, xuddi shu narsa avtomobillarga ham tegishli;
- nikohni taqiqlash;
- nazorat qiluvchi organning ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirishni taqiqlash;
- yashash hududini tark etishni taqiqlash, mamlakatdan chiqishdan tashqari.
Reyestrga kiritilgan xorijliklar avtomashinani boshqara olmaydi, ular haydovchilik guvohnomasi imtihoniga kiritilmaydi va ularga haydovchilik guvohnomasi berilmaydi. Guvohnoma ham almashtirilmaydi.
Bundan tashqari, migrantlar bank hisob raqamlarini ochib, mablag‘ o‘tkaza olmaydi. Ular hisob raqamidan oyiga faqat 30 ming rublni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Pul faqat tovar sotib olishga, jarima to‘lashga va mamlakatdan chiqib ketish uchun sarflanadi. Bunday xorijliklarga kredit va mikrokreditlar berish taqiqlanadi.
Qonun loyihasida boshqa cheklovlar ham nazarda tutilgan. Agar migrant barcha talablarni bajarmasa, u majburan deportatsiya qilinadi.