G‘azo sektoridagi shifoxona hududidan ommaviy qabrlar topildi

Jahon 22:50 / 27.04.2024 16713

Falastinning G‘azo sektori ma’muriyati Xon Yunisdagi «Nosir» tibbiyot majmuasida 392 jasad ko‘milgan qabrlar topilganini ma’lum qildi. Bu haqda The Insider yozdi. 

Falastin tomonining ta’kidlashicha, bular isroillik harbiylar tomonidan qatl etilgan va ko‘milganlarning jasadi va bu «Isroil genotsididan dalolat beradi». 

O‘z navbatida Isroil Mudofaa armiyasining da’vo qilishicha, jasadlarni falastinliklarning o‘zi ko‘mgan, hozir esa ular qazib olinmoqda. Isroil yanvar-fevral oylarida tarqalgan videolarga ishora qilgan, ularda xuddi shu joyda ommaviy qabr qazilayotgani tasvirlangan. 

Falastin fuqarolik mudofaasi vakili Muhammad al-Mig‘ayir 165 jasadning shaxsi aniqlangani va qo‘shimcha 227 jasad ekspertizadan o‘tkazilayotganini aytdi. 

«Biz uchta ommaviy qabrni topdik: birinchisi o‘likxona oldida, ikkinchisi o‘likxona orqasida va uchinchisi dializ binosining shimolida», dedi u. 

Al-Mig‘ayir qabrlardan bolalar jasadi topilganini ham da’vo qilmoqda. Shuningdek, «kamida 20 nafar tinch aholi tiriklayin ko‘milgan» deb gumon qilmoqda, lekin ular buni qayerdan bilishini aytmagan yoki dalil keltirmagan. 

Al-Mig‘ayirning ma’lum qilishicha, shifoxonada davolanayotgan bemorlarni o‘ldirish holatlari bo‘lgan. BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi ayrim odamlar yechintirilgani va ularning qo‘llari bog‘liq bo‘lganini qo‘shimcha qilgan

Al-Mig‘ayir so‘zlariga ko‘ra, boshida o‘q jarohatlari bilan bir necha jasad topilgan. Hodisani o‘rganayotgan CNN muxbiri ushbu da’volarni tekshirish va o‘lim sabablarini tasdiqlashning iloji yo‘qligini va bu odamlarning o‘limiga mas’ul bo‘lganlar haqida xulosa chiqara olmasligini ta’kidlagan. Muxbirning xabar berishicha, u tibbiyot xalati kiydirilgan bir nechta chirigan jasadlarni ko‘rgan. 

Isroil Mudofaa armiyasi (TsAHAL) o‘z harbiylari falastinliklarning jasadini ommaviy qabrga ko‘mgani haqidagi har qanday taxmin yolg‘on ekanini va «Nosir» majmuasidagi qabr bir necha oy oldin, Isroil qo‘shinlari sektorga kirishidan oldin falastinliklar tomonidan qazilganini ta’kidladi. 

Bu haqda TsAHAL rasmiy vakili Nadav Shoshani bayonot berdi. U, shuningdek, 28 yanvar kuni falastinliklar uzun chuqur qazayotgani aks etgan va X ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan videoga ishora qildi. Unda: «Xon-Yunisdagi «Nosir» tibbiyot majmuasi hududidagi yangi ommaviy qabrga o‘ttiz nafar shahid dafn qilindi», deyiladi. 

«Xon Yunisdagi ommaviy qabr haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalmoqda. Bu qabr bir necha oy oldin g‘azoliklar tomonidan qazilgan. Bu faktni quyidagi videoda ko‘rinib turganidek, dafn paytida g‘azoliklar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga yuklangan videolar tasdiqlaydi. Isroilni tinch aholini ommaviy qabrlarga dafn etishda ayblashga bo‘lgan har qanday urinish mutlaqo yolg‘ondir va Isroilga qarshi dezinformatsiya kampaniyasining oddiy namunasidir», deb yozdi Shoshani. 

GeoConfirmed loyihasi falastinliklar jasadlarni qazib olayotgan yangi videoni 2024 yil yanvar va fevral oylaridagi eski videolar bilan taqqosladi. Bu xuddi shu joy ekani ma’lum bo‘ldi. 

Shoshani izohiga javoban, G‘azo fuqarolik mudofaasi TsAHAL operatsiyasidan oldin «Nosir» shifoxonasidagi qabrlarga 100 ga yaqin jasad ko‘milganini tan oldi, deb yozdi CNN. 

TsAHAL shuningdek, CNN telekanaliga Isroil harbiylari qabrlarni haqiqatda ko‘rganini ma’lum qildi. 

«TsAHAL harbiylarining «Nosir» shifoxonasi hududidagi operatsiyasi davomida garovga olinganlar va bedarak yo‘qolganlarni topish bo‘yicha sa’y-harakatlar doirasida falastinliklar tomonidan ko‘milgan jasadlar ko‘zdan kechirildi. Ekspertiza faqat razvedka tomonidan ko‘rsatilgan joylarda o‘tkazildi. Jasadlar isroillik garovga olinganlarniki emasligi aniqlangach, ular joylariga qaytarildi», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: