Falastinni tan olgan Yamayka, Ukraina vokzallariga zarba va kriptovalutani taqiqlayotgan Rossiya - kun dayjesti

Jahon 13:14 / 27.04.2024 9734

Dunyoda sodir bo‘lgan voqea va hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning kundalik sharhi bilan tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Falastin mustaqilligini tan olgan mamlakatlar yana bittaga ko‘paydi. Karib havzasida joylashgan davlatlardan Barbadosdan so‘ng Yamayka ham Falastinni tan oldi.

Yamayka Tashqi ishlar vazirligi Falastin davlatini rasman tan olishi to‘g‘risidagi bayonot bilan chiqish qildi hamda G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish, sektor aholisiga insonparvarlik yuklarini yetkazishga chaqirdi.

G‘azoda urushga oid yana bir statistika e’lon qilindi. 2023 yilning 27 oktyabrida G‘azoda boshlangan yerusti operatsiyasi davomida o‘zinikini o‘zi otib o‘ldirib qo‘ygan isroilliklar soni 41 nafarga yetgan. Yana 630 nafar askarlar o‘z safdoshlari tomonidan yarador qilingan.

AQShda aksilisroil namoyishlar

AQShning Kolumbiya universitetida G‘azo himoyasiga tashkillashtirilgan norozilik aksiyalari bir haftadan buyon o‘tkazilmoqda.

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining ma’muriyati va talabalari o‘rtasidagi tarang qarama-qarshiliklar sodir bo‘layotganiga 7 kun bo‘ldi. Universitet kampusidagi talabalar Isroilning G‘azo sektoriga hujumiga norozilik bildirib kelishmoqda.

Janubiy Kaliforniya universitetida esa G‘azoni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan norozilik namoyishlarida ishtirok etgan musulmon talaba ushlanib, uning qo‘llariga politsiya tomonidan kishan urilgan. U qo‘llari orqasiga qilib kishanlangan holda namoz o‘qigan.

Talaba ro‘za tutgani ma’lum bo‘lgach, uning do‘stlari politsiyadan uning iftorlik qilishiga yordam berib yuborishni so‘rashgan.

Avvalroq AQShning ko‘plab universitet va kollejlari, jumladan, Harvard universitetida ham professor-o‘qituvchilar hamda talabalar Isroilning G‘azoga hujumini qoralab norozilik aksiyasi o‘tkazayotgani ma’lum qilingan edi. Talabalar kampuslarga chodir tikib, o‘tirib olishgan. Namoyishni tarqatish uchun politsiya jalb qilingan va yuzlab odamlar hibsga olingan.

Xitoyga sanksiya tahdidi

AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken Xitoydan Rossiyaga mahsulotlar yetkazilayotgani uchun Si Jinpingga sanksiyalar qo‘llanishi bilan tahdid qildi.

Xitoyga tashrifi doirasida AQSh davlat kotibi Xitoy raisi Si Jinping va XXR tashqi ishlar vaziri Vang I bilan uchrashgan. Uchrashuvlar asnosida Blinken Xitoy tomoniga Pekinning Moskvani qo‘llashni rad etmayotgani prezident Jo Bayden ma’muriyatining «sabr kosasi to‘layotgani»ni tushuntirgan, deb yozadi Politico nashri. Blinken Xitoydan Rossiyaga qo‘sh maqsadli tovarlar yetkazib berishi tufayli «Yevropa davlatlariga Rossiya tomonidan tahdid» oshib borayotganini ta’kidlagan.

«Biz 100 dan ortiq Xitoy korxonalariga sanksiya joriy etib bo‘ldik. Biz yana qo‘shimcha qat’iy choralar ko‘rishga to‘liq tayyormiz», — deya ta’kidlagan Blinken.

Rossiyaning Ukrainaga yangi zarbasi

Rossiya g‘arb davlatlarining harbiy yordamiga xalaqit berish uchun Ukrainaning temiryo‘llariga zarba bera boshladi. Rossiya mudofaa vaziri AQShning frontga ko‘magi qaytalanganidan so‘ng zarbalarni kuchaytirish borasidagi va’dasidan so‘ng, Ukrainaning uch hududida temiryo‘l obektlariga zarba berdi.

Rossiya qo‘shinlari Donetsk oblastining Udachne posyolkasidagi temiryo‘l vokzalini raketa bilan nishonga olgan va unda «Ukrzaliznitsa»ning uch xodimi halok bo‘lgan.

Ikkinchi zarba bilan Xarkiv oblastining Balakleya shahridagi vokzal nishonga olingan: uch temir yo‘lchi va o‘n fuqaro jarohatlangan.

Shuningdek, Cherkassk oblastidagi Smele shaharchasidagi temiryo‘l infratuzilmasi ham nishonga olingan. Olti kishi jabrlangani aytilmoqda.

Ukrainadagi urush

AQShning Ukrainaga 61 mlrd dollarlik yangi harbiy yordam paketi Rossiya qo‘shinlarining ilgarilashini to‘xtatish va front chizig‘idagi vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Bu «mudofaa paketi» bo‘lib, okkupatsiya qilingan hududlarni ozod qilish uchun bu yordam yetarli emas, deb hisoblamoqda harbiy ekspertlar.

Ekspertlarga ko‘ra, Ukraina Rossiya ustidan g‘alaba qozonishini ta’minlashi mumkin bo‘lgan uzoq muddatli nuqtayi nazar hamon yo‘q, shu sababli Kiyevni tegishli qurol-yarog‘lar bilan ta’minlash rejasi ham hozircha ko‘rinmayapti.

Ukrainaga zarar qarshi hujum salohiyatini yaratish uchun 2026–2027 yilgacha vaqt kerak bo‘ladi, deb yozmoqda The Economist nashri vaziyatdan xabardor manbaga tayanib.

2023 yilda barbod bo‘lgan qarshi hujum bilan bog‘liq muammolardan biri, garchi o‘n minglab askarlar g‘arb harbiy bazalarida tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lsa ham, Ukraina qurolli kuchlari umumqo‘shin operatsiyalar o‘tkazishni o‘rgana olmagani bo‘lgan. Professional bo‘lmagan askarlar uchun 5 haftalik mashg‘ulotlar yetarli bo‘lmagani oydinlashgan, boz ustiga ularning ko‘pchiligi shuncha vaqtdan buyon halok bo‘lishgan. Safarbarlik orqali yangi to‘planganlarni esa yaxshilab o‘qitishga to‘g‘ri keladi.

Urushda baribir tirik jonlar hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Vazir o‘rinbosarining qasri

Pora olgani uchun ishdan bo‘shatilgan Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov Volga daryosi bo‘yida 2 mlrd so‘mlik qasrga egalik qilishi ma’lum bo‘ldi. Qariyb 3 ming metr kvadrat maydonga ega uy Tver oblastining Pankratovo qishlog‘ida joylashgan.

Formal jihatdan ko‘chmas mulk va u joylashgan yer Ivanovga yaqin inson Sergey Borodin rahbarlik qiladigan «Oboronspetsstroy» kompaniyasiga yozilgan. U ham ish yuzasidan hibsga olingan. 2020 yilda «Oboronspetsstroy» va «Olimpsitistroy» qasr qurilishi uchun 800 mln rubl sarflangan ekan.

XVIII asr qasrlari uslubida barpo etilgan koshona 8 gektar maydonni egallagan. Volga daryosi bo‘yida qurilish taqiqlangani sababli, mahalliy deputatlar bosh rejaga o‘zgartirish ham kiritishgan.

Rossiya kriptovalutani taqiqlamoqchi

Rossiyada sentabr oyigacha kriptovalutalarning muomalasini to‘liq taqiqlash to‘g‘risida qonun loyihasi tayyorlanmoqda.

Rossiya Davlat Dumasi Rossiyadagi mayningni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasining yangi tahriri tayyorlagan. Unga ko‘ra, 2024 yilning 1 sentabridan boshlab kriptovalutalar muomalasini to‘liq taqiqlash nazarda tutiladi. Faqat Rossiya Markaziy banki tomonidan rasman qad etilgan maynerlar va loyihalar bundan mustasno bo‘ladi.

Amaldagi qonunga ko‘ra, mamlakat hududida kriptovalutalarda hisob-kitob qilish taqiqlangan, biroq uning muomalasiga taqiq yo‘q. Ya’ni raqamli valutani bir egadan boshqasiga o‘tkazish taqiqlanmagan.

Qonun loyihasida raqamli valutalar reklamasi va ularning muomalasini tashkillashtirishni ham taqiqlash nazarda tutilgan.

O‘zbek migrantining qahramonligi

O‘zbekistonlik mehnat migranti Rossiyada yonayotgan uydan insonlarni qutqargan.

Sankt-Peterburg shahridagi turar joy binolaridan birida yong‘in sodir bo‘lgan. Ofatdan qutulish uchun uydagi odamlar derazalari raxiga chiqib olib, o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilarni kutayotgan chog‘da jasur migrant uchinchi qavatga tirmashib chiqib, yonayotgan kvartiradagi odamlarni qutqarishga yordam bergan.

Uning o‘zi O‘zbekistonda «desant qo‘shinlarida xizmat qilgani» shu sababli yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega ekani va darhol ishga kirishganini so‘zlab bergan. Rossiya favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘indan o‘n kishi qutqarilganini ma’lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: