Belarus rasmiysi tahdididan keyin Kiyevda evakuatsiya va Qrimda harbiy xizmatga chaqiriq. Urush suratlari

Jahon 16:38 / 27.04.2024 11852

Ukrainada urushning 793-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Belgiya F-16 samolyotlarini Ukrainaga oldin rejalashtirilganidek 2025 yilda emas, 2024 yildayoq yetkazib berishni istayotganini ma’lum qildi.
  • AQSh Ukrainaga yangi yordam paketidan olti milliard dollar qurol ishlab chiqarishga hamda milliard dollar o‘q-dorilar yetkazib berishga ajratilishini ma’lum qildi.
  • Putin Ariston va Bosch kompaniyalarining Rossiyadagi bizneslarini «Gazprom» tuzilmasiga o‘tkazib berdi.
  • Kiyev rasmiylari shahardagi ikki shifoxonani evakuatsiya qildi — bunga ushbu shifoxonalarga zarba berilishi tahdid qilingan video sababchi bo‘ldi.
  • Buyuk Britaniyada mahalliy aholi vakillaridan ikki nafari Rossiya razvedkasiga ishlashda ayblanmoqda. Ular Ukrainadan bo‘lgan tadbirkorlarga tegishli omborxonani yoqib yuborishgan.
  • Sud Moskva davlat universitetining ukrainalik talabasi uch kun ichida Rossiyani tark etishi kerakligi bo‘yicha qaror chiqardi — va uni darhol ikki yil oldingi storis uchun 12 kunga qamadi.
  • Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi Rossiya dronlari zarbalari tufayli Amerikaning qimmatbaho Abrams tanklarini front chizig‘idan qaytarib olishga qaror qildi.

Kun kadri. Belarus KGB rahbari tahdidi tufayli Kiyevdagi bolalar hospitali evakuatsiyasi

Kiyev ma’muriyati 26 aprel kuni ikkita tibbiyot muassasasi, jumladan bolalar shifoxonasini shoshilinch tarza evakuatsiya qildi — ikki hospital ham Bogatirskaya ko‘chasida joylashgan. Xodimlar va patsiyentlar shahardagi boshqa shifoxonalarga olib ketilgan. Rasmiylar ushbu shifoxonalarga zarba berilishi bilan tahdid qilingani aks etgan videolarni evakuatsiyaga sabab sifatida keltirgan. Gap Belarus KGB rahbari Ivan Tertel ishtirokidagi rolik haqida bormoqda, u Butun Belarus xalq assambleyasi yig‘ilishida Kiyevdagi ikki shifoxona manzilini tilga olib o‘tgan.

«Terrorchilar va ularning hamtovoqlari orasida halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor, ular, shubhasiz munosib jazoga duchor bo‘lishadi, hatto ular Bogatirskaya ko‘chasidagi 30 va 32-manzillardagi shifoxonalarni o‘ziga in sifatida tanlab, xasta bolalar ortiga yashiringan bo‘lsa ham», — degan KGB boshlig‘i.

Ukraina xavfsizlik xizmati Tertelning so‘zlarini «axboriy-psixologik maxsus amaliyot» deb atab, shu bilan birga, «barcha fuqarolar xavfsizlik qoidalariga rioya etish muhimligini tushunishi», mahalliy hukumat rasmiylari esa
«har qanday ehtimoliy tahdidga reaksiya ko‘rsatishi»ni ta’kidlagan.

Hospital xodimlari bolalarni va tibbiy jihozlarni tez yordam mashinasiga olib chiqmoqda
Sergei Chuzavkov / AFP / Scanpix / LETA

Xarkiv oblastidagi ukrain artilleriyachilari

2024 yil bahorida Rossiya qo‘shini Xarkiv oblasti Kupyansk shahriga hujum qilishni to‘xtatdi. Katta ehtimol bilan, Kupyanskdan shimol va sharqda harakatlangan qo‘shinning bir qismi front ortiga olib ketilgan. Bu shuni anglatishi mumkinki, RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi bu hududda yangi yurishga tayyorlanmoqda. Variantlardan biri sifatida — Rossiya va Ukraina chegarasi orqali Kupyanskdan g‘arbga, Oskol daryosi sohili bo‘ylab yoki yanada g‘arb tomon yurish qilish. Ukraina qurolli kuchlari bu uchastkada yangi mudofaa chizig‘i qurishga harakat qilmoqda: xandaqlar qazib, betonlashtirilgan bunkerlar o‘rnatib va dalalarni minalab.

Shu bilan birga, Rossiya qo‘shini Xarkivni muntazam ravishda raketalar bilan o‘qqa tutib, shaharga bombalar tashlamoqda va unga zarbdor dronlar bilan hujum qilmoqda. Tinch aholi vakillaridan o‘nlab kishilar halok bo‘lib, jarohatlanmoqda, shaharning energetika infratuzilmasi deyarli butkul vayron bo‘lgan. «Meduza»ning Kremlga yaqin manbalari aytishicha, RF hukumati Xarkivni urushning ushbu bosqichidagi nishonlaridan biri sifatida ko‘radi. The Economist nashri Rossiya shahar bo‘ylab zarbalar berish orqali uni shturm qilishga tayyorlanayotgani haqida yozgan. Ammo «Meduza»ning harbiy eksperti Dmitriy Kuznetsning hisoblashicha, RF qurollida bunday amaliyot uchun kuch topilishi dargumon.

O‘z navbatida, Ukraina qurolli kuchlari ham muntazam ravishda Belgorod shahri va Belgorod oblastini o‘qqa tutib kelmoqda. Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov Ukraina keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Belgorod oblasti hududida 120 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Ammo «7×7» nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, ikki yildan ortiq vaqt mobaynida ushbu hududda kamida 134 kishi halok bo‘lgan, shundan 11 nafari bolalar. 

43-alohida artilleriya brigadasi jangchisi Ukrainaning 2S22 «Bogdan» rusumli o‘ziyurar gaubitsasidan o‘t ochishga tayyorlanmoqda
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
43-alohida artilleriya brigadasi artilleriyachilari o‘ziyurar gaubitsadan o‘t ochmoqda
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA

Anneksiya qilingan Qrim hududida harbiy xizmatga chaqirilganlar

Rossiyada 1 aprel kuni muddatli harbiy xizmatga bahorgi chaqiriq boshlandi — u 15 iyulga qadar davom etadi. Armiyada 150 ming kishini chaqirish rejalashtirilgan — ilk bor 30 yoshgacha bo‘lganlar chaqiradi, bungacha yosh chegarasi 27 gacha edi. RIA Novosti agentligi yozishicha, Janubiy harbiy okrug rejasiga muvofiq, anneksiya qilingan Qrimda 2,5 ming kishi harbiy xizmatga chaqirilishi ko‘zda tutilgan. RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu bahorda chaqirilganlar Ukrainadagi urushga jalb qilinmasligini aytgan.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar xizmatni o‘tash joyiga yuborilishidan oldin Simferopoldagi harbiy komissariatning yig‘ish punktida
Viktor Korotayev / Kommersant / SIPA USA / Vida Press
Viktor Korotayev / Kommersant / SIPA USA / Vida Press
Viktor Korotayev / Kommersant / SIPA USA / Vida Press
Viktor Korotayev / Kommersant / SIPA USA / Vida Press
Viktor Korotayev / Kommersant / SIPA USA / Vida Press
Ko‘proq yangiliklar: