Dunyodagi plastik chiqindilarning 24 foizi faqat beshta kompaniya hissasiga to‘g‘ri keladi

Jahon 22:26 / 26.04.2024 6250
Xalqaro tadqiqotchilar guruhi tabiiy muhitni ifloslantiradigan 1,87 million dona plastik chiqindini o‘rganib, katta hajmdagi ishlarni amalga oshirdi. Ular 2018 va 2022 yillar oralig‘ida to‘plangan. Chiqindilarning yarmidan ko‘pini qaysi kompaniyaga tegishli ekanini aniqlab bo‘lmadi. Ammo ularning ishlab chiqaruvchisi aniq bo‘lganlarning tahlili qiziqarli ma’lumot berdi. 

Qayd qilinishicha, beshta yirik kompaniya barcha chiqindilarning 24 foizini ishlab chiqargan. Eng katta ulush alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi Coca-Cola va PepsiCo kompaniyalariga tegishli: mos ravishda 11 va 5 foiz. Keyingi o‘rinlarda oziq-ovqat sanoati gigantlari Nestle va Danon. Tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Altria kompaniyasi yuqori beshlikni yopadi. 

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, bu natijalar plastik chiqindilar tarqalishini nazoratga olish imkoniyatidan dalolat beradi. Ularning fikriga ko‘ra, beshta korporatsiya bilan plastmassa mahsulotlarini ishlab chiqarishni tartibga solish qoidalarini kelishib olish imkoniyati ko‘proq. 

Ish mualliflari, shuningdek, brend mahsulotlariga aloqador plastik chiqindilarning yarmidan ko‘pi 56 ta korxona tomonidan ishlab chiqarilishini aniqladi. Bu ham nisbatan kichik miqdor. Har bir ishlab chiqarish joyiga borib, chiqindilarni kamaytiradigan tarzda qadoqlashni o‘zgartirish yo‘llarini muhokama qilish mumkin. Buning uchun bir marta ishlatiladigan idishlardan voz kechish, shuningdek, ekologik toza plastik turlarini tanlash kerak. 

Butun dunyo bo‘ylab plastik chiqindilarni to‘plagan ko‘ngillilar tadqiqotda katta rol o‘ynagani ta’kidlanmoqda. Ularning soni 100 mingdan ortiq bo‘lib, 84 mamlakatda istiqomat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: