Zelenskiy: Rossiya global tinchlik sammiti o‘tkazilishiga xalaqit bermoqchi

Jahon 15:31 / 25.04.2024 4542

Rossiya iyun oyida Shveytsariyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan Global tinchlik sammiti o‘tkazilishiga xalaqit berish niyatida. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 24 aprel, chorshanba kuni Ukrainada akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, Ukraina xorijiy diplomatik muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

«Bizda razvedkadan aniq ma’lumotlar bor, Rossiya nafaqat Tinchlik sammitini buzmoqchi, balki aniq rejasi bor: buni qanday qilish kerak, mamlakatlar ishtirokini qanday kamaytirish lozim, tinchlik bo‘lmasligi uchun qanday harakat qilish talab etilishi borasida. Biz siz bilan, aziz hamkorlar, diplomatik darajada, razvedka darajasida Rossiyaning rejalari bo‘yicha ma’lumot almashamiz va biz bunga birgalikda qarshi turishimiz kerak - adolatli dunyo uchun birlikda harakat qilishimiz shart», deya Ukraina prezidenti saytida Zelenskiyning so‘zlari keltirilgan.

Ukraina davlati rahbari Shveytsariyada Ukrainadagi urushni tugatish imkoniyatlarini muhokama qilish bo‘yicha sammit bu yo‘nalishdagi «birinchi haqiqiy diplomatik qadam» bo‘lishini ta’kidladi. «Va men bu shunchaki urinish emas, balki haqiqiy natija bo‘lishini juda xohlayman», deb ta’kidladi Volodimir Zelenskiy.

Sammit Kiyevning «tinchlik formulasi»ga asoslanadi

Ukraina prezidenti matbuot xizmati Global tinchlik sammiti Kiyev taklif qilgan «tinchlik formulasi» asosida o‘tkazilishini eslatdi. Ushbu reja o‘n banddan iborat bo‘lib, ularning har biri bo‘yicha alohida ishchi guruh ishlaydi, deyiladi press-relizda. Xususan, gap Rossiya qo‘shinlarini Ukrainaning butun hududidan olib chiqib ketish, Kiyevga tovon puli to‘lash va Rossiya rasmiylarini sudlash uchun maxsus tribunal tashkil etish haqida bormoqda.

Ukrainaga qarshi urushni tugatish imkoniyatlari muhokama qilinadigan Shveytsariyadagi sammitga Rossiya taklif qilinmadi. Moskva, o‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi ishtirokisiz bunday uchrashuvning mantiqiy bo‘lmasligini ta’kidladi.

Tinchlik konferensiyasi 15-16 iyun kunlari Lyutsern yaqinida joylashgan Byurgenshtok kurortida bo‘lib o‘tishi va unda 80-100 ta davlat ishtirok etishi kutilmoqda. Sammit 2023 yilda Daniya, Saudiya Arabistoni va Maltada, 2024 yil 14 yanvarda Davosda bo‘lib o‘tgan Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha to‘rtta oldingi konferensiyaga o‘xshash bo‘lishi kerak. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Byurgenshtokdagi uchrashuvga Xitoy rahbari Si Jinpingni ham taklif etgan.

Ko‘proq yangiliklar: