Yevroparlament Vladimir Putinni Rossiyaning noqonuniy prezidenti deb tan olgan rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda Yevroparlament matbuot xizmati xabar berdi.
Rezolyutsiyada, shuningdek, Yevropa Ittifoqi «Rossiya fuqarolik jamiyati va demokratik muxolifatni faol qo‘llab-quvvatlashi kerakligi» qayd etilgan. Ayblovga Ukrainaning bosib olingan hududlarida ham «saylov» o‘tkazilgani sabab bo‘lgan.
«Parlament Rossiyada va Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida o‘tkazilgan noqonuniy prezidentlik saylovini qoralaydi. 2024 yil 15-17 mart kunlari Rossiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidan so‘ng, Yevroparlament a’zolari Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va xalqaro hamjamiyatni ularning natijalarini qonuniy deb tan olmaslikka chaqirmoqda, chunki ular noqonuniy bosib olingan hududlarda o‘tkazilgan. Saylov Ukrainada ham, Rossiyada ham na erkin, na adolatli bo‘ldi», deyiladi bayonotda.
Yevroparlament deputatlari fikricha, Rossiya rasmiylarining bu «bema’ni tomoshasidan» yagona maqsad Vladimir Putin uchun saylovning qonuniyligi, uning ichki qatag‘on siyosati va eng muhimi, Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi uchun ko‘rinish yaratish edi. Parlament Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi pozitsiyasidan chekinib, Vladimir Putinni qayta saylangani bilan tabriklaganidan «afsusda».
«Yevropa Ittifoqi Rossiya fuqarolik jamiyati va demokratik muxolifatni faol qo‘llab-quvvatlashi kerak. Parlament a’zo davlatlarni Putin bilan aloqalarini mintaqada tinchlik uchun zarur bo‘lgan masalalar, shuningdek, mahbuslar almashinuvi, Ukrainadan deportatsiya qilingan bolalarni qaytarish yoki siyosiy mahbuslarni ozod qilish kabi gumanitar va inson huquqlari maqsadlari bilan cheklashga chaqiradi.
Yevropa Ittifoqi Rossiya fuqarolik jamiyati bilan to‘liq birdam bo‘lishi va inson huquqlari buzilishida aybdorlarni jazolashi kerak. Yevroparlament deputatlari Yevropa Ittifoqi va a’zo davlatlarni Rossiyaning mustaqil fuqarolik jamiyati tashkilotlari, mustaqil ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari himoyachilarini faol qo‘llab-quvvatlashda davom etishga, Rossiya demokratik muxolifati bilan faol hamkorlik qilishga va ularni qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi», deyiladi bayonotda.
Rezolyutsiyani 493 nafar deputat yoqladi, 11 nafari qarshi bo‘ldi va 18 nafari betaraf qoldi.