Ukraina va Rossiya ko‘chirilgan bolalarni almashish bo‘yicha kelishib oldi

Jahon 09:03 / 25.04.2024 2928

Ukraina va Rossiya RFning Ukrainaga hujumi natijasida uy-joyini tashlab ketgan 48 bolani almashishga kelishib oldi. Qatar vositachiligida tuzilgan shartnomada 29 nafar bola Ukrainaga, 19 nafari Rossiya Federatsiyasiga olib ketilishi nazarda tutilgan, dedi 24 aprel, chorshanba kuni Dohada Rossiya prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni bilan bunday muzokaralar birinchi marta o‘tkazilgan. Uning davomida almashinuvda qatnashadigan bolalar ro‘yxati kelishib olindi. Biroq, ombudsman bu bolalar kim ekani va nima uchun oilasidan ajralganini tushuntirmagan.

Dohada Lvova-Belova Qatar xalqaro hamkorlik vaziri Lolva Al-Xater bilan uchrashdi va u bilan bolalar almashinuvi imkoniyatlarini muhokama qildi. Bundan tashqari, kun tartibiga «gumanitar maqsadlarda hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, bolalarni ota-onalari va boshqa yaqin qarindoshlari bilan birlashtirish masalalari» kiritilgan», deyiladi Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabarida.

Kiyev Rossiyani 19 ming bolani o‘g‘irlaganlikda ayblamoqda

Ukraina Rossiya rasmiylarini ukrainalik bolalarni o‘g‘irlab, Rossiya Federatsiyasiga olib ketishda ayblaydi. Shu munosabat bilan Haagadagi Xalqaro jinoiy sud 2023 yilda Lvova-Belovani, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri ruslar Ukrainadan 19 mingdan ortiq bolani o‘g‘irlab ketgan, ulardan atigi yarim mingga yaqini o‘z vataniga qaytarilgan. Kreml ayblovlarni rad etadi va bolalar xavfsizlik nuqtayi nazaridan jangovar hududlardan olib chiqilganini aytadi.

Deportatsiya qilingan bolalarning bir qismi Rossiya tomonidan egallab olingan hududlardagi Ukraina mehribonlik uylarida yashagan, boshqalari jangovar harakatlar tufayli ota-onasidan ayrilgan yoki jadal o‘zgarib borayotgan front chizig‘i tufayli ajralib qolgan. Rossiya Federatsiyasidan Ukrainaga qaytgan o‘smirlar vatanparvarlik bo‘yicha majburiy tarbiyalangani haqida xabar berdi.

Ko‘proq yangiliklar: