Rossiyada urushga qarshi jinoiy ishlarda 900 kishi ayblanuvchiga aylandi

Jahon 11:30 / 25.04.2024 1622

Rossiya hukumati tomonidan urushga qarshi pozitsiyasi uchun ta’qib qilinganlar soni 900 kishidan oshdi. «OVD-Info» inson huquqlari loyihasining 24 aprel, chorshanba kuni chop etilgan tadqiqotida aytilishicha, hozirda urushga qarshi ishlarda kamida 902 nafar ayblanuvchi bor, ulardan 261 nafari ozodlikdan mahrum qilingan va tergov izolyatorlari, axloq tuzatish koloniyalari yoki majburiy davolanishda.

Loyihaga ko‘ra, ko‘pincha urush kontekstida fuqarolar «armiya haqidagi feyklar» (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 207.3) moddasi bo‘yicha ta’qib qilinadi: 285 kishi sudlangan yoki sud qilinmoqda. «Armiyani obro‘sizlantirish» (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 280.3) moddasi bo‘yicha 172 kishi sudlangan yoki sudlanyapti. Jinoiy ta’qiblar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda terrorizmga da’vat qilish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205.2) moddasi bo‘lib, unga ko‘ra Ukrainadagi urush sharoitida 150 kishi jinoiy javobgarlikka tortilmoqda. 

Urushga qarshi jinoiy ishlar bo‘yicha 60 dan ortiq ayblanuvchi qiynoqlar qo‘llanganini ma’lum qilgan 

Urushga qarshi ishlarning eng ko‘p soni Moskva (159 kishi), Sankt-Peterburg (77) va Sverdlovsk viloyatida (29) qo‘zg‘atilgan. Shu bilan birga, Rossiyaning deyarli barcha hududlarida urushga qarshi chiqqanlar ta’qibga uchrayapti. Faqat Checheniston, Qorachoy-Cherkesiya, Nenets avtonom okrugi va Bryansk viloyatida urushga qarshi pozitsiyaga oid holatlar ma’lum emas, deb yozadi «OVD-Info». 

Kamida 67 ta holatda urushga qarshi moddalar bo‘yicha ayblanganlar qiynoqlarga duchor bo‘lganini bildirgan. Huquq himoyachilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, urushga qarshi namoyishlar bilan bog‘liq taniqli jinoiy ishlarga aloqador 264 kishi Rossiyani tark etgan. Urush boshlanganidan beri ikki yildan oshiq vaqt ichida kamida 21 kishi qamoqdan ozod qilingan. Kamida 448 kishi, ya’ni ayblanuvchilarning deyarli yarmi hukm chiqarilishini kutmoqda. 

Urushga qarshi ayblovlar bilan ta’qibga uchraganlar orasida - 122 nafar faol, 46 nafar jurnalist, 43 nafar siyosatchi va 37 nafar san’atkor bor. Harbiy xizmatchilar, blogerlar va o‘qituvchilar ham ta’qib qilinmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: