Rossiyada mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari Ivanovning aktivlari xatlovga olindi

Jahon 16:01 / 25.04.2024 4803

Moskva sudi Rossiya mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Timur Ivanov va uning qarindoshlari ko‘chmas mulki, aktivlari va bank hisobraqamlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda 25 aprel, payshanba kuni huquq-tartibot organlarining ismi oshkor etilmagan xodimiga tayanib, TASS agentligi xabar berdi. «U va rafiqasi, shuningdek, sobiq xotinlari va besh farzandi, jumladan, asrab olingan bolalarga tegishli bo‘lgan barcha narsalar poytaxt sudi tomonidan Ivanov keyinchalik aybdor deb topilgan taqdirda tegishli choralar ko‘rish maqsadida xatlovga olindi», - deya suhbatdoshidan iqtibos keltiradi agentlik. 

Timur Ivanovning qamoqqa olinishi 

Moskvaning Basmanniy tuman sudi 24 aprel, chorshanba kuni Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanovni ikki oy muddatga, 23 iyunga qadar tergov izolyatoriga jo‘natdi. Ivanovga nisbatan katta miqdorda pora olganlik ayblovi qo‘yilgan (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 290-moddasi 6-qismi, 15 yilgacha qamoq jazosi). «Tergovning fikricha, Ivanov uchinchi shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, uyushgan guruh tomonidan shartnomalar tuzish va subpudrat jarayonida mulkiy xususiyatga ega xizmatlar ko‘rsatish shaklida o‘ta yirik miqyosda jinoyat sodir etishni maqsad qilgan», deyiladi sudlarning qo‘shma matbuot xizmati xabarida.

Vazir o‘rinbosari bilan birga uning sherigi deb taxmin qilingan Sergey Borodin ham hibsga olingan. U ham ikki oy muddatga tergov izolyatoriga jo‘natilgan.

Shu kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Timur Ivanovni vazir o‘rinbosari lavozimidan chetlashtirish haqidagi buyruqni imzoladi.

Timur Ivanov ishiga aloqador uchinchi shaxs hibsga olindi

25 aprel kuni Rossiya OAV Timur Ivanov ishiga aloqador uchinchi shaxs – «Olimpsitistroy» kompaniyasi asoschisi Aleksandr Fomin hibsga olingani haqida xabar berdi. Moskvaning Basmanniy sudi qarori bilan u Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri o‘rinbosariga pora berganlikda gumonlanib, 2024 yil 23 iyungacha hibsda saqlanadi, deb yozadi TASS sud matbuot xizmatiga tayanib. Xabarga ko‘ra, Fomin Ivanovga qarshi ko‘rsatma berdi. 

«Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Fomin Ivanov bilan ishonchli munosabatlarda bo‘lib, binolarni ta’mirlash yoki rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun haq to‘lash majburiyatidan ozod qilish shaklida mulkiy xizmatlar ko‘rsatgan», - deyiladi ma’lumotda. «Shuningdek, Fomin va boshqa shaxslar uyushgan guruh sifatida Ivanovning ularga noqonuniy mulkiy xizmatlar ko‘rsatish shaklida katta miqdordagi pora olishiga hissa qo‘shgan», — deya agentlik sud matbuot xizmatidan iqtibos keltirgan. 

Jurnalistlar ixtiyorida bo‘lgan «Olimpsitistroy» kompaniyasining buxgalteriya hisobiga tayanib, TASS shuningdek, Aleksandr Fomin kompaniyasi «2022 yilda sof foydasini deyarli ikki baravar - 2,8 milliard rublgacha oshirgani» to‘g‘risida ma’lum qildi. 2021 yilda, agentlik keltirgan hujjatlarga ko‘ra, «Olimpsitistroy»ning sof foydasi 1,6 milliard rublni tashkil qilgan. 

Pora yoki davlatga xiyonat? 

Shu bilan birga, «Pervyy otdel» loyihasi huquq faollari «mudofaa vaziri o‘rinbosari Ivanovning hibsga olinishiga davlatga xiyonatda gumon qilinayotgani sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi bilvosita dalillarni ko‘rayotganini» bildirdi. 

Xususan, advokat Yevgeniy Smirnov Ivanovning operativ kuzatuvi harbiy kontrrazvedka boshqarmasi tomonidan amalga oshirilganligiga e’tibor qaratdi. «Bu bo‘lim korrupsiyaga aloqador muammolar bilan shug‘ullanmaydi», - deya ta’kidladi ekspert. 

Avvalroq, Timur Ivanovning ishi davlatga xiyonat bo‘yicha gumonlar bilan bog‘liq degan taxminni «Vajnyye istorii» internet-nashrining «FSB»ga yaqin manbalari bildirgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: