Moskva shahar sudi Navalniyning advokatlarini hibsda saqlash muddati uzaytirilganini tasdiqladi

Jahon 10:32 / 25.04.2024 2297

Moskva shahar sudi Aleksey Navalniyning advokatlari Vadim Kobzev va Aleksey Lipserni hibsga olish muddatini uzaytirish haqidagi qarorni o‘z kuchida qoldirdi, deb xabar berdi «Mediazona» 24 aprel, chorshanba kuni.

Sud mart oyida Kobzev, Lipser va uchinchi advokat Igor Serguninni hibsga olish muddatini 13 iyungacha uzaytirgan Moskvaning Basmanniy tuman sudi qarorini o‘z kuchida qoldirdi. Advokatlar 13 oktyabrdan beri tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Ular ekstremistik hamjamiyatda ishtirok etganlikda ayblanmoqda (Jinoyat kodeksining 282.1-moddasi 2-qismi), biroq aybini tan olmayapti. 

Tergovning fikricha, yillar davomida siyosatchini himoya qilgan Navalniyning advokatlari «maqomidan foydalanib» uning koloniyadan xatlarini muntazam ravishda o‘tkazib turgan. Shu tariqa, Navalniy «ekstremistik hamjamiyat rahbari va direktori funksiyalarini bajarishda davom etgan», deb da’vo qilmoqda tergov. 

16 noyabr kuni Rosfinmonitoring uch advokatni «ekstremistik faoliyat» yoki «terrorizm»ga aloqadorligi haqida ma’lumot bor shaxslar va tashkilotlar ro‘yxatiga qo‘shdi. Ularning bank hisoblari bloklangan.

Kobzev, Lipser va Sergunin hibsga olingandan so‘ng, Navalniyning boshqa advokatlari, Rossiyani tark etishga muvaffaq bo‘lgan Aleksandr Fedulov va Olga Mixaylovalar sirtdan hibsga olindi.

Yamal-Nenets avtonom okrugi federal jazoni ijro etish xizmati 2024 yil 16 fevral kuni tushdan keyin Aleksey Navalniyning Xarpdagi koloniyada vafot etgani haqida xabar berdi. Uning o‘limi haqidagi xabarda siyosatchi tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgani aytiladi. Siyosatchining tarafdorlari uning o‘ldirilganiga ishonadi.

Ko‘proq yangiliklar: